QIZAMIQDAN EMLASH ASRAYDI
Asosan bolalar o‘rtasida qish va bahor oylarida uchraydigan qizamiq kasalligi va uning kelib chiqishi, xastalikning oldini olish va davolash, uning asoratlari haqida poytaxtdagi Yunusobod tuman 54-sonli oilaviy poliklinika oliy toifali bolalar shifokori Zarofat Jamolovani suhbatga chorladik:
– Qizamiq virusi va unga qarshi emlash to‘g‘risida so‘zlab bersangiz.
– Qizamiq yuqumli bolalar kasalligi bo‘lib, havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Bu xastalik bilan har yili dunyo bo‘yicha jami 60 mln.dan ortiq aholi kasallanadi. Qizamiqqa qarshi emlash aholini ushbu xastalikdan asraydi.
1954 yilda kashfiyotchi Endersn virusni hujayradan ajratishni yangi usulini kashf etib, tirik qizamiq vaksinasi yaratilishiga asos soldi. Bu virus tashqi muhitga chidamsiz bo‘lib, quyosh nuri ta’sirida 8-10 daqiqada nobud bo‘ladi. Xastalik virusi yuqori nafas yo‘llari, asab tizimining epiteliy, limfa va retinuloendotelial to‘qimalarni shikastlaydi.
– Xastalik qanday yuqadi?
– Kasallik manbai asosan bemor hisoblanadi. Bemor kataral davrda ko‘p miqdorda virus ajratadi va bu davr eng yuqumli hisoblanadi. Badanda toshmalar toshish davrida esa xastalikning yuqishi kamayadi. Kasallik asosan 6-7 kunga qadar yuqumli hisoblanib, agar asoratlar qo‘shilsa, bu davr o‘n kungacha davom etadi. Qizamiq bilan ushbu xastalikka qarshi emlanmaganlar albatta kasallanadi. Kasallikdan so‘ng odamda umrbod immunitet shakllanadi.
Onadan bolaga tug‘ma immunitet o‘tishi sababli 6 oygacha bo‘lgan bolalar qizamiq xastaligi bilan og‘rimaydi. Aytish joizki, qizamiq qishki infeksiya hisoblangani uchun asosan qish va bahor oylarida kuzatiladi.
Har bir toshma qon-tomir atrofidagi yallig‘lanish o‘chog‘idan dalolat beradi. Toshmaning bosqichma-bosqich toshishi qon-tomirga boy bo‘lgan infeksiya kirish darvozasida virusning ko‘p miqdorda tushishiga bog‘liq. Bu toshmani dastlab yuza va shilliq qavatlarda, so‘ngra tana va oyoq-qo‘llarda paydo bo‘lishi bilan farqlanadi. Toshma toshish davrida virus asab tizimiga ham ta’sir ko‘rsatib, organizmda intoksikatsiyaning (organizmning virus ta’sirida umumiy zaharlanish) kuchayishiga sabab bo‘ladi. Bu esa buyrak usti bezi faoliyatining oshib ketishiga, organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatib, qizamiq allergiyasi yuzaga chiqishiga sabab bo‘ladi.
– Kasallikning yashirin davrining kechishi xususida to‘xtalib o‘tsangiz?
– Qizamiqda yashirin davr o‘rtacha hisobda 8-10 kundan 17 kungacha davom etadi. Profilaktika maqsadida immunoglobulin olgan bolalarda yashirin davr 21 kungacha cho‘ziladi. Xastalik boshlanishi, ya’ni kataral davr – 3-4 kun davom etib, tana harorati 38,5-390S gacha ko‘tarilishi, intoksikatsiya va kataral belgilar paydo bo‘lishi bilan boshlanadi. Bemorda tez-tez aksirish, burundan ko‘p miqdorda suyuqlik ajralishi, ovozning bo‘g‘ilishi va quruq yo‘tal kuzatiladi. Bola bezovtalanib, injiqlanadi. Uning uyqusi va ishtahasi buziladi. Bemorning qornida og‘riq paydo bo‘ladi va injiqlanib yig‘laydi.
Og‘ir holatlarda kasallik yuzaga chiqqandan bir kun o‘tgach umumiy intoksikatsiya belgilari paydo bo‘lib, talvasa va hushdan ketish holatlari kuzatilishi mumkin.
Toshma paydo bo‘lgach kasallik avj oladi. Bunda quloq orqasida, burun ustida pushti dog‘lar paydo bo‘lib, ular tezda kattalashadi va ko‘payadi. Yuz va bo‘yin sohasini qoplaydi. Ikkinchi kuni toshmalar bemorning a’zoi badaniga tarqaladi. Tana harorati yuqoriga ko‘tarilib, bemorda holsizlanish, bezovtalanish, alahsirash, uyquchanlik holatlari kuzatiladi. Keyinchalik bu toshmalar qorayib, jigarrang tusga kiradi va pigmentatsiya(qizarish) davri boshlanadi. Bu davrda asta-sekin bemorning harorati tushib, kataral belgilar yo‘qola boshlaydi. Bemorning umumiy ahvoli ijobiy tomonga o‘zgara boshlaydi.
– Qizamiqning tuzalish davridan so‘ng qanday asoratlar kuzatilishi mumkin?
– Qizamiq xastaligida asoratlar kasallikning turli davrida paydo bo‘lishi mumkin. Og‘ir holatlarda bemorning vafot etishi kuzatiladi. Asoratlanmagan qizamiqda bu mudhish holat kuzatilmaydi. Ko‘pincha asoratlar nafas a’zolari — laringit, laringotraxeobronxit, zotiljam(pnevmoniya) otitlar ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Qizamiqda o‘pka yallig‘lanishi kasallikning barcha bosqichida rivojlanishi mumkin. Bunda o‘pkadagi o‘zgarishlarni aniqlash qiyin kechadi. O‘pkada bronxopnevmoniyaning o‘choqli shakli kuzatiladi. Zotiljam (pnevmoniya)ning og‘ir turi ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarda ko‘p uchraydi va ushbu xastalikdan bemorning vafot etishi kuzatiladi.
– Tashxis qo‘yishda nimalarga e’tibor berish zarur?
– Tashxis qo‘yish tipik qizamiqda qiyinchilik tug‘dirmaydi. Kasallikning o‘tkir boshlanishi, kataral belgilarning asta-sekin kuchayishi, konyuktivit bo‘lishi, enantema va Filatov — Koplik dog‘larining paydo bo‘lishi, o‘zgarmagan teri orasida toshmalarning toshishi, toshmali va O‘RVI kasalliklari bilan farqlashda yordam beradi .
– Qizamiq og‘ir va asoratli kechganda, uy sharoitida ularni parvarish qilishning imkoniyati bo‘lmagan bemorlargina kasalxonaga yotqiziladi. Shuningdek, bir yoshgacha bo‘lgan bolalar ham kasalxonalarga yotkiziladi. Davo choralari esa bemorni parvarishlashni rejali tashkil etish, ularni vaqti-vaqti bilan ochiq havoda sayr ettirish va sifatli hamda to‘yimli ovqatlantirishdan iborat.
Qizamiq bilan og‘rishiga qaramay barcha bolalarga A va S darmondorisi, sutli, yengil hazm bo‘ladigan parhez ovqatlar tavsiya etiladi.
Hozirgi vaqtda antibiotiklarni o‘z vaqtida qo‘llanilishi zotiljam xastaligining tuzalishini ta’minlamoqda.
Maryam AHMEDOVA suhbatlashdi.