Jajjilarga shodlik ulashib
yoxud hamkorlik samaralari
Bolalik – beg‘ubor olam. Bu olamda hamma narsa go‘zal. Lekin tanasida dardi bor bola sog‘lom tengqurlari kabi sho‘xliklar dunyosida sayr etishga intilsa-da, kasalligi sabab buni to‘la-to‘kis amalga oshira olmaydi. Shunday paytda ularga shifokorlar yordamga keladi. Natijada ular-da beg‘ubor onlarni shodu xurramlikda o‘tkazishadi. Bu yo‘lda «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondining hissasi katta bo‘lmoqda. Fond Germaniyaning «Friyedensdorf Interneyshnl» xalqaro tashkiloti bilan hamkorlikda necha-necha bemor bolajonni davolab, sog‘lom hayotga qaytardi.
«Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi o‘n sakkiz yildan buyon hamkorlik qilib kelayotgan «Friyedensdorf Interneyshnl» xalqaro tashkiloti 1967 yilda tashkil topgan. Tashkilot dunyoning 35 dan ortiq mamlakatida faoliyat yuritadi. Uning asosiy vazifasi 12 yoshgacha bo‘lgan kasal bolalarni davolash va reabilitatsiya qilishda yordam berishdir. Tashkilot granti asosida O‘zbekiston va chet el klinikalarida tug‘ma yurak nuqsonlari bilan og‘rigan bolalar va o‘spirinlarning sog‘lig‘ini yaxshilash bo‘yicha loyiha amalga oshirib kelinmoqda. 2015-2019 yillarda mamlakatimizning barcha hududlaridan tug‘ma yurak nuqsoni bilan kasallangan 523 bemor bolaning bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Yurak nuqsonlarining og‘ir shakllari bo‘lgan 376 nafari Toshkent pediatriya tibbiyot instituti klinikasi, 85 nafari «Artemis» klinikasi (Hindiston), 35 nafari «Eramed» (Toshkent), 17 nafari «Ezgu niyat» ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi (Toshkent), 7 nafari «Eur Asia Heart-A Swiss Medikal Foundation» (Shveysariya) bilan birgalikda Akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi,
3 nafari «AKFA Medline» (Toshkent)da muvaffaqiyatli operatsiya qilindi. Shuningdek, joriy yilda Samarqandda operatsiyalarni bepul o‘tkazish boshlandi. Samarqand viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi va «Maqsud Akmal yurak-qon tomir xirurgiya markazi»da 26 nafar bola operatsiya qilindi.
«Friyedensdorf Interneyshnl» tashkiloti bilan uzoq yillik hamkorlik davomida 395 nafar tug‘ma nuqsoni bo‘lgan bolajon (ichki organlar, genitouriner tizim, oshqozon-ichak trakti organlari rivojlanishidagi anomaliyalar, suyak kasalliklari, kuyishdan keyingi holat, plastik jarrohlik va boshqalar) Germaniyaga 6 oydan 1,5 – 2 yilgacha davolanish uchun yuborildi. «Friyedensdorf Interneyshnl» tashkiloti Germaniya klinikalarida davolangan bolalarning keyingi davolanishi uchun barcha dorilar va tibbiy buyumlarni yuboradi. Ayni vaqtda ham ular tomonidan yetkazib berilgan dorilar davolanuvchilarga tarqatilmoqda.
Bugungi kunda 16 nafar bola Germaniya klinikalarida davolanishni davom ettirmoqda.
Svetlana INAMOVA,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro
xayriya fondi boshqaruvi raisi