BIZGA ISHONING VA IMKONIYAT BERING!
Ba’zi insonlar kasalligi bo‘lmasa-da, «kasalman» deb davolanish uchun shifoxonalarga yuguradi. Ba’zilar esa imkoniyati cheklangan, hatto nogironlik aravachasiga o‘tirib qolgan bo‘lsa-da, ruhiy tushkunlikka tushmasdan yashash uchun harakat qiladi, izlanishga, ro‘zg‘or tebratishga shaylanadi. Hayot juda murakkab. Shunday tasodiflar bo‘ladiki, u bir lahzada sening hayotingni o‘z o‘qidan chiqarib yuboradi. Tasodifiy avtohalokat va kasallik tufayli ketma-ket uch nafar jigaridan ayrilgan Gulnoza ham ana shunday qattiq ruhiy tushkunlikka tushib qolgandi.
Oilada sakkiz nafar farzandning oltinchisi bo‘lgan Gulnoza Xorazm viloyati Urganch tumani Nizomiy nomidagi o‘rta maktabni qizil attestat bilan, keyin Nizomiy nomli pedagogika oliygohini qizil diplom bilan bitirgan edi. Universitetda uning faol tashkilotchi, bilimga chanqoqligi ma’muriyatning ham e’tiboridan chetda qolmagan, ana shunday kunlarning birida bir kursdoshining akasi uni yoqtirib qolgandi.
Taqdiri qo‘shilgan ekanmi, to‘y ham bo‘ldi. Oliygohni bitirgan Gulnoza bir xususiy korxonada avval kadrlar bo‘limida, keyinchalik ekonomist vazifalarida faoliyat yuritdi.
Ketma-ket kelgan og‘ir judolikdan so‘ng guldayin so‘la boshladi, hayotdagi orzu-umid va maqsadlari tumandek sarob ichida qoldi. Kulishni, gapirishni unutdi, bir nuqtaga tikilgancha duv-duv yosh to‘kaverdi. O‘shanda uning yolg‘iz farzandi Shohjahon 13 yoshda edi. Ertangi kunga umidsizlik, ichki iztirob salomatligiga chang soldi. Ruhiy tushkunlik oqibatida mikroinsult o‘tkazgani yetmaganday, poliartrit (bo‘g‘imlarning yallig‘lanishi) xastaligiga chalindi.
Doimo harakatda bo‘lib, hayot faoliyatini davom ettirgan Gulnoza 2006 yilning bahorida tongni qattiq titroq bilan qarshi oldi. Uning qo‘l-oyoqlari jonsiz, harakatdan to‘xtagan edi. Bu holat hayotga tashna, farzandi kelajagi uchun talpinayotgan ona uchun dahshatli fojia edi. U turmush o‘rtog‘ining yuziga qarolmas, oldida o‘zini gunohkordek sezardi.
Lekin turmush o‘rtog‘i Otabek Do‘sanov Gulnozani mehribonlik bilan parvarishlab, ardoqlaydi. Har bir ishni u bilan bamaslahat amalga oshiradi. Bemorlik ularni yanada birlashtirgan, mehr-muhabbatlarini yanada mustahkamlagan edi.
– Meni hayotga qayta yashashga, izlanishga turtki bergan inson marhum ustozim Zuhra Rahmatullayeva, – deydi Gulnoza. – Televizordan uning nogironlik masalalari bo‘yicha suhbatini ko‘rib qoldim. «Bizga ishoning va imkoniyat bering!» degan da’vati tushkunlik girdobiga g‘arq bo‘layotgan ruhiyatimga kuch bag‘ishladi, desam mubolag‘a emas. Shundan so‘ng uni topishim kerakligini angladim. Hali nogironlik aravacham bo‘lmasa-da, turmush o‘rtog‘im meni boladek erkalab, qo‘lida opichlagancha Assotsiatsiya binosiga olib kirdi. Zuhra Rahmatullayeva meni kutib oldi. Fikr va g‘oyalari teran, har qanday odamga kuch va ko‘tarinki ruh bag‘ishlay olardi.
Uning oldidan uyga umuman boshqa Gulnoza bo‘lib qaytdim. U menga hayotga tik qaray olishni, yashash va izlanishni o‘rgatdi. Assotsiatsiya tomonidan nogironlik aravachasiga ega bo‘ldim.
2009-2010 yillarda o‘zim tug‘ilib o‘sgan yurtim Xorazm viloyatida nogironlarning ijtimoiy hayotga integratsiyasi (moslashuvi) hamda nogironlik masalalariga aloqador tashkilot rahbarlari uchun 3 va 6 kunlik seminar-treninglar olib bordim. Sog‘liqni saqlash va xalq ta’limi boshqarmalari, «Oila markazi», «Qizil Yarim Oy» jamiyati, «Sog‘lom avlod » xalqaro xayriya fondi viloyat bo‘limlari bu jarayonga keng jalb etildi. Treninglarda nogironligi bo‘lgan shaxslar tomonidan tayyorlangan qo‘l ishi mahsulotlari ko‘rgazmalari hamda Xivaga sayohatlar uyushtirildi. Bu o‘z samarasini berdi. Nogiron farzandlarning hayotni sevuvchanligini, mehnatga munosabatini uyg‘otib, ularga ko‘makchi va ruhiy quvvat bo‘ldik.
Gulnoza Saidova 2013 yilda Yaponiyaning JAYKA xalqaro tashkiloti tomonidan «O‘zekspomarkaz»da tashkil etilgan bir oylik «Nogironlik masalalari bo‘yicha trenerlar tayyorlash» o‘quv-treningida ishtirok etib, trenerlik sertifikatiga ega bo‘ldi. Trener sifatida bir oylik o‘quv-treningini o‘tish uchun aholi zich joylashgan Farg‘ona viloyatini tanladi. Xalq ichida javlon urish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning og‘irini yengil qilish, ularning muammolarini bartaraf etishdagi dadil qadam uni izlanishlar sari chorlayverdi.
Gulnoza Saidova uy sharoitida tayanch harakatida nogironligi bo‘lgan xotin- qizlar uchun qo‘l mehnati bo‘lgan biser qadash va to‘qish o‘quv kursini ham yo‘lga qo‘ydi. Uning olib borayotgan har bir ishida, izlanishlarida turmush o‘rtog‘i Otabek Do‘sanov va o‘g‘li Shohjahon qo‘llab-quvvatlovchi, ko‘mak beruvchi bo‘lishdi.
Gulnoza Saidova 2016 yilgacha Toshkent shahar» Mehribonlik-nogironlik jamiyati»da, 2017 yildan buyon esa Sirg‘ali tuman Nogironlik jamiyati raisi sifatida faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Jismonan sog‘lom bo‘lmasa-da, imkoniyati cheklangan bo‘lishiga qaramay oila tebratayotgan, kasb-hunar o‘rganib, boshqalarga ham o‘rgatayotgan, ish o‘rinlari yaratayotgan Gulnozadek matonatli insonlar bor bo‘lsin!
Maryam AHMEDOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zosi