Yo‘l hushyorlikni yoqtiradi
2013 yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida yo‘l harakati qoidalari yuzasidan Respublikamiz bo‘ylab mahallalarda 20 mingdan ziyod, maktablarda 23 mingdan ziyod davra suhbatlari o‘tkazildi.
Kuni kecha ishdan qaytayotib, qo‘shnimiz bilan ko‘rishib qoldim:
– Ha qo‘shni, yaxshimisiz?
– E, so‘ramang… O‘g‘lim Botirjonni mashina turtib yubordi.
– Yo‘g‘-e, hozir ahvoli qanday?
– Soppa-sog‘! Yugurib yuribdi. Meni o‘g‘lim polvon bola. Faqat shu ba’zi bir befarosat haydovchilar mana shunaqa “qovun tushirib” turishadi-da.
– Nima, haydovchi qoidani buzgani sabab shunday bo‘libdimi?
– Bilmadim, o‘g‘lim katta yo‘ldan yugurib o‘tib ketayotgan ekan, oldidan mashina chiqib qopti. Haydovchi mashinasini zo‘rg‘a to‘xtatibdi. Aks holda jiddiyroq zarar yetkazishi ham mumkin ekan. Hovliqmasdan yosh bolani o‘tkazvorib keyin yursa bo‘lardi-ku!
– Botirjonga yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatganmisiz?
– Yo‘q. Lekin, o‘g‘lim yosh bola emas nima qilishni o‘zi biladi. Buning ustiga u uddaburongina.
U yog‘iga qo‘shnimning nima degani, og‘ziga kelgan so‘z bilan haydovchini haqorat qilgani ham qulog‘imga kirmadi. O‘ylanib qoldim. Bu ona endigina 5 sinfda o‘qiyotgan o‘g‘lining “katta yigit” bo‘lib qolgani-yu, unga yo‘lda yurish qoidalarini o‘rgatish shart emasligini faxrlanib so‘zlashidan g‘ashim keldi. Nahotki, bo‘lib o‘tgan voqeadan saboq chiqarib, o‘g‘lining tarbiyasiga jiddiyroq yondashmasa. Axir onaning bunday loqaydligi bolaning hayotiga nisbatan befarqlik emasmi?
– O‘g‘lim, katta yo‘ldan o‘tayotganingda ehtiyot bo‘l, ko‘zingga qarab yur. Hovliqmagin. Shoshmasdan, yo‘l bo‘shagandan keyin svetoforga qarab yo‘ldan o‘tgin bolam!
Onam har kuni ertalab meni shu so‘zlar bilan ishga kuzatadilar. Ba’zan “nima men yosh bolamanmi,” deb o‘jarligim tutadi. Ammo ko‘chalarimizdagi harakatning tirbandligini ko‘rib, darhaqiqat e’tiborli bo‘lish lozimligini anglayman.
Farzand – oila gultoji. Bola dunyoga kelganda oila a’zolari qatori yaqinlari ham cheksiz quvonadi. Uni avaylab-asrab voyaga yetkazishadi. Ammo ba’zan oddiygina extiyotsizlik yoki e’tiborsizlik tufayli ana shu gavharga zarar yetadi.
Mamlakatimizda yildan yilga avtomobillar soni ortib bormoqda. Bu shubhasiz mustaqilligimiz sharofati tufayli milliy avtomobilsozligimiz tobora rivojlanib borayotganidan dalolatdir. Shaharga chiqsangiz yo‘llarda harakatlanayotgan milliy va xorij avtomobillarini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi. Ammo buning bir nozik tomoni ham borki, bu yo‘l harakatida bir oz murakkabliklarni keltirib chiqaradi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni yo‘l harakati qoidalari bilan tanishtirish qay darajada yo‘lga qo‘yilgan? Maktab va ota-ona hamkorligi qay holatda olib borilmoqda? Bolalar yo‘l harakati qoidalaridan xabardor qilib boriladimi? Bolalarga ushbu qoidalarni tushuntirishda YHX boshqarmasi xodimlari qanday faoliyat olib bormoqda?
Shu kabi savollarga javob olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi IIV yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasida bo‘ldik.
– Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari tomonidan qabul qilingan farmoyishlarga muvofiq respublikamizdagi har bir maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga bir nafar YHXB xodimi biriktiriladi, – deydi biz bilan suhbatda O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB matbuot xizmati inspektori, kapitan Akmal Yunusov. – Ular doimiy ravishda o‘zlari biriktirilgan ta’lim muassasasi o‘quvchilari o‘rtasida targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishadi hamda ularning ota-onalari bilan hamkorlikda faoliyat yuritadilar.
2010 yil 10 martda “O‘zbekiston Respublikasida bolalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha 2010-2015 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi” ishlab chiqilgan bo‘lib O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar va Xalq ta’limi vazirliklari, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Avtomotohavaskorlar” ko‘ngilli jamiyati hamda boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan ana shu Davlat dasturi ijrosini ta’minlash yuzasidan ko‘plab samarali ishlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur dasturda belgilangan vazifalarga ko‘ra har bir maktab va MTMlarda yo‘l harakati xavfsizligi xonalari va burchaklari tashkil etish, ularni zaruriy jihozlar bilan ta’minlash, “Yo‘l harakati qoidalari” mashg‘ulotlarini olib boruvchi o‘qituvchilarni tayyorlash, malakasini oshirish va qayta tayyorlash kurslari samaradorligini oshirish, “Diqqat, bolalar!”, “Diqqat, piyoda!”, “Ta’til”, “Targ‘ibot avtokarvoni”, “Harakat xavfsizligi oyligi” hamda maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Yashil chiroq” musobaqalarining muntazam o‘tkazib borilishi bolalarning bu boradagi bilim va ko‘nikmalarining ortib borishiga yordam bermoqda.
– Maktabimizda yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlar natijasida o‘quvchilarimiz yo‘llarda harakatlanish qoidalari bo‘yicha bilimlarini mustahkamlab borayotir. O‘quv yili boshlanishi bilan, aniqrog‘i joriy yilning 2-12 sentyabr kunlari “Diqqat, bolalar!” tadbirining tashkil etilgani yo‘llarda haydovchilarning piyodalarga yana ham e’tiborliroq bo‘lishini ta’minlamoqda. Bundan tashqari bolalarga serqatnov yo‘llarda qanday harakatlanish kerakligi ko‘rgazmali tarzda tushuntirib borilmoqda, – deydi poytaxtdagi 255-maktab direktori Inobat Xojayeva. – Shu bilan birga bolalarning yozgi ta’til kunlarida oromgohlarga ham YHX boshqarmasidan alohida xodimlar biriktirilib, u yerda bolalar bilan davra suhbatlari va respublika miqyosida o‘tkazilayotgan “Yashil chiroq”, “Diqqat, bolalar!” kabi ko‘plab turli musobaqalar tashkil etilmoqda. Bu borada bolalarga faqatgina “Yo‘l harakati qoidalari”ni o‘rgatish bilan cheklanib qolmasdan, uning yanada samarali va ta’sirchan usullarini topishga ham e’tibor qaratish zarur.
YHX boshqarmasi tomonidan yurtimizdagi mavjud har bir mahallaga ham xodimlar biriktirilgan. Ular mahalla faollari bilan hamjihatlikda aholi orasida davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etadi. Mazkur tadbirlarda ota-onalarga farzandlarni doimiy nazorat qilish, bolalarga yo‘l harakati qoidalarini tushuntirish borasida targ‘ibot olib boriladi.
O‘zbekiston Respublikasi YHXB hamda Xalq ta’limi vazirligi qo‘shma loyihasi asosida maktab va maktabgacha ta’lim muassasalarida o‘quv yili davomida bolalarga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha dars soatlari o‘tilishi yo‘lga qo‘yilgan.
YHXB tomonidan “1 iyun – xalqaro Bolalarni himoya qilish kuni” munosabati bilan “Avtokarvon” targ‘ibot aksiyasi o‘tkazilishi ham bolalarning yo‘llardagi hushyorliklarini oshirishga, qoida buzilishlarining kamayishiga yordam bermoqda.
– 2013 yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida yo‘l harakati qoidalari yuzasidan Respublikamiz bo‘ylab mahallalarda 20 mingdan ziyod, maktablarda 23 mingdan ziyod davra suhbatlari tashkillashtirildi. 4508 maktab to‘liq nazoratdan o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va uning viloyatlar boshqarmalariga YHQ darslarini o‘tishdagi yutuq va kamchiliklar yuzasidan 955 ta taqdimnoma kiritildi, – deydi YHXBB matbuot xizmati inspektori, kapitan Akmal Yunusov. – Olib borilayotgan bu kabi ishlar natijasida mamlakatimizda bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining soni avvalgi yilga nisbatan 4,5 foizga, halok bo‘lgan bolalar soni 1,8 foizga, turli darajadagi tan jarohati olganlar soni 5,6 foizga kamayishiga erishildi.
Eshikdan chiqqan har bir inson borki u o‘z-o‘zidan harakat ishtirokchisiga aylanadi. U xoh yo‘lovchi, xoh piyoda va yoki haydovchi bo‘lishidan qat’iy nazar qoidalarga amal qilishi shart. Harakatlanish madaniyatni o‘zimizda shakllantira olsak bizda yo‘l harakati bilan bog‘liq xech qanday muammo bo‘lmaydi.
– Yo‘l hushyorlikni yoqtiradi, – deydi Toshkent viloyati Qibray tumani “Bahor” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Mo‘minjon Hamidov. – Shunday ekan harakatlanayotgan paytda e’tiborli bo‘lishimiz kerak. Bu eng avvalo o‘zimiz uchun foyda. Ba’zan katta yo‘llarda qulog‘iga quloqchin (naushnik) taqib yurgan yoshlarga ko‘zimiz tushib qoladi. Ular avtomobillarning signalini eshitmasligi oqibatida turli xil ko‘ngilsizliklar kelib chiqishi mumkinligini nahot o‘ylashmasa?! Axir xaydovchi ham inson. U ham ba’zan tormozni bosishga ulgurolmay qolishi mumkin. Shu sababdan imqon qadar ularga noqulaylik tug‘dirmaslikka harakat qilishimiz, bolalarimizga shuni o‘rgatishimiz zarur.
O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB tomonidan respublikamizdagi mavjud barcha MTM, maktab, kollej va litseylarga biriktirilgan YHX inspektorlari bilan birgalikda mahalla, ota-ona va ta’lim muassasasi hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot ishlarining olib borilishi ana shunday holatlarning oldini olishga yordam beradi. Har bir inson o‘z hayoti uchun avvalo o‘zi mas’uldir. Ozgina ehtiyotsizlik yoki shoshmashosharlik oqibatida bir inson butun umrga mayib-majruh bo‘lib qolishi xech gap emas. Shunday ekan sog‘ligimizga befarq bo‘lmaylik.
Ziyohiddin Husanov, haydovchi: – Yo‘llarimizda avtomobillarning kundan-kunga ortishi bilan ularda harakatlanish ham bir oz murakkablashib bormoqda. Shunday holatlar bo‘ladiki ochiq yo‘ldan bemalol avtomobilni boshqarib kelayotgan vaqtingizda oldingizdan yugurib piyodalar chiqib qoladi. Unday holatda avtomobilni to‘xtatib qolish juda mushkul. Piyodalarning aksariyati maktab o‘quvchilari ekanini ko‘rib jahlingiz chiqadi. Nima ularni ota-onasi yo‘lda yugurma, u yoq bu yog‘ingga qarab yo‘ldan o‘tgin deb o‘rgatmaydimi?
Darhaqiqat, bu e’tirozlarda ham jon bordek tuyuladi. Agar barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib hamfikr bo‘lib faoliyat olib borsak turli xil ko‘ngilsizliklarning oldi olinadi.
So‘nggi so‘z o‘rnida yaqindagina YHXBB hodimlari tomonidan o‘tkazilgan tajribaga etiboringizni qaratmoqchiman.
“Chorsu” bozori oldidagi katta yo‘ldan o‘tishga bir daqiqa-yu sakkiz sekund vaqt ketdi. Ammo yer osti yo‘li orqali o‘tilgan 48 soniya yetarli bo‘ldi. Ammo ba’zi bir yurtdoshlarimiz nima sababdandir yer osti yo‘lidan ko‘ra avtomobillarga to‘la katta yo‘ldan xayotlarini xavf ostiga qo‘yib, buning ustiga vaqtdan yutqazib o‘tishni afzal ko‘rishmoqda.
Xo‘sh, siz ertaga yo‘ldan qanday o‘tasiz? Bolangizga nima maslahat berasiz, xulosa o‘zingizdan!
Bolaning begonasi bo‘lmaydi. Shunday ekan yo‘llarda bolalarning hayotini muhofaza qilish hammamizning burchimizdir!
Farhod TOLIPOV
“Sog‘lom avlod” muxbiri