Bilim bekati: kutubxona

Qaysi bir yurt, qay bir elat tarixiga nazar tashlamang, uning taraqqiyoti davomida ko‘plab moddiy va madaniy yodgorliklar yaratilganining guvohi bo‘lasiz. Ana shunday yodgorliklardan biri bo‘lmish kitobni ajdodlarimiz asrab-avaylab, nihoyatda qadrlagan. Faqat kutubxonalar tufayligina qadimgi qo‘lyozmalar, bosma kitoblar, tarixiy shaxslar haqidagi manbaalar bizgacha yetib kelgan. Kutubxona forscha “kitoblar uyi”, “kitoblar saqlanadigan joy” degan ma’noni bildiradi. Bu mo‘jaz koshona bag‘ridagi bebaho asarlar asrlar osha o‘z qadr-qiymatini aslo yo‘qotmay, yanada sayqallanib boraveradi.

Xalqaro bolalar kitobi kuni munosabati bilan poytaxtimiz maktablarining barcha Axborot resurs markazlarida o‘tkazilgan “Farzandimga kitob sovg‘a qilaman” aksiyasi hamda Respublika bolalar kutubxonasida tashkil etilgan “Bolalar kitobi – sog‘lom bola ma’naviyatining asosi” mavzuidagi konfrensiyada ham kitob eng yaqin do‘st, noyob durdona ekanligi haqida so‘z bordi.

Ana shunday nodir kitoblar saqlanadigan Toshkent shahridagi Respublika bolalar kutubxonasi 1965 yil yanvar oyida Alisher Navoiy nomidagi Davlat kutubxonasining “O‘smirlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limi fondi”ning negizida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu ziyo maskani viloyat bolalar kutubxonalari faoliyatini boshqarib, ilmiy-uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatib kelgan.

Ayni vaqtda 13 mingdan ziyod o‘quvchiga xizmat ko‘rsatayotgan kutubxona har jihatdan qulay va shinam. Kichkintoylardan tortib, kattalarning ham qiziqishiga javob beradigan kitob zahirasiga ega mazkur kutubxonaning asosiy vazifasi kitobni targ‘ibot qilishdan iborat.

Bu yerda 219 mingdan ziyod adabiyotlar va 100 dan ortiq davriy nashrlar mavjud. Jumladan fanning barcha sohalari bo‘yicha bolalar yoshini hisobga oluvchi badiiy adabiyotlar, ilmiy-ommabop nashrlar, ijtimoiy-siyosiy kitoblar, jurnallar, ensiklopediya-lug‘atlar, video-audio tasmalar bolalarni bilim-ko‘nikmalarini boyitishda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Shuningdek, bolalar ta’lim maskanlari rahbarlari uchun ilmiy-uslubiy va bibliografik nashrlar ham o‘z o‘rnini topgan.

Mazkur muassasada maktab yoshigacha va 1-4 sinf o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatish bo‘limi, 5-9 sinf o‘quvchilariga ta’lim resurslari bo‘yicha axborot xizmat ko‘rsatish, Ma’lumot-bibiliografiya va o‘lkashunoslik axborot bo‘limi, jahon axborot resurlari va yangi texnologiya bo‘limi. Internet sinf kabi 8 ta bo‘limdan iborat faoliyat turlaridan kitobxonlar bahramand bo‘lishmoqda.

– Birgina maktab yoshigacha va 1-4 sinf o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatish bo‘limining kitob fondi 8 ming 503 nusxani tashkil etadi. Bolajonlarning kitobga bo‘lgan mehrini uyg‘otish ushbu bo‘limdan boshlanadi. Bu yerda yosh kitobxonlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun videoapparatura orqali turi xil multfilmlar namoyishi va o‘yinlari mashg‘ulotlar o‘tiladi. Adabiyotlardan to‘liq foydalanish uchun alfavitli va sistemali kataloglardan foydalaniladi. She’rlar kartotekasi bolalar qiziqishlarini hisobga olib muntazam to‘ldirilib boriladi. Bo‘lim xodimlari Toshkent shahridagi Maktabgacha ta’lim muassasalari hamda maktablar, Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashgan musiqa akademik litseyi o‘quvchilariga xizmat ko‘rsatib kelmoqda. Ayniqsa ta’lim maskanlari bilan hamkorlikda muntazam ravishda “Alifbo” bayramlari, uchrashuvlar, suhbatlar uyushtirib borilmoqda, – deydi Respublika bolalar kutubxonasi ma’daniyat va ma’rifat ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Umida Raimbekova.

Яна ўқинг:  Турнир пешқадамлари

2001-yildan boshlab 5-9-sinf o‘quvchilariga ta’lim resurslari bo‘yicha axborot xizmat ko‘rsatish bo‘limi qoshida oilaviy o‘qish sho‘basi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur sho‘ba bolalar o‘qishiga rahbarlik qiluvchilar, pedagoglar, tarbiyachilar va ota-onalarning kutubxonadan foydalanishlari uchun mo‘ljallangan. Ushbu xizmat turidan “Oqibat”, “Yoshlik”, “Mustaqillik” kabi mahallalarda istiqomat qiluvchi uy bekalari, nafaqaxo‘rlar foydalanib kelmoqda.

Ziyo maskanining adabiyotlarni saqlash va retrokatalog yaratish bo‘limida ish qizg‘in. Bo‘lim xodimlari kutubxonaning xizmat ko‘rsatish bo‘limlaridagi kitoblarni muntazam yangilab, to‘ldirib boradilar. Bo‘limlarning kitob zahiralarini qanday saqlayotganligini nazorat qilish bilan birga talab qilingan nashrlarni kutubxonaning kitob saqlash bo‘limidan yetkazib beradi.

Ziyo maskani fondidagi barcha kitoblar kitobxonlarning yoshlarini hisobga olgan holda, kutubxona bibliografik klassifikatsiya jadvali asosida joylashtirilgan. Bundan tashqari bolalar o‘qishiga rahbarlik qiluvchilar uchun ham alohida kitob fondi jamlangan. Barcha kitoblar fondi uchun topografik katalog tuzilgan.

Ilmiy uslubiyot va maktab axborot resurs markazlari mutaxassilari malakasini oshirish bo‘limi kitobxonlarga xizmat ko‘rsatishda yangi shakl va usullarni qo‘llanishni yo‘lga qo‘yish, kutubxona xizmatini yangi texnologiyalar asosida olib borish bo‘yicha uslubiy yordam ko‘rsatadi. Bolalarning o‘qishiga rahbarlik qiluvchilar, o‘qituvchi pedagoglar, maktab kutubxonachilari va Axborot resurs markazi mutaxassislari uchun dolzarb mavzular, unutilmas sanalar, turli uslubiy qo‘llanmalar tayyorlaydi va viloyat ARMlariga yuboradi. Malaka oshirish institutlari, madaniyat instituti va madaniyat kolleji talabalari uchun ilmiy-uslubiy maslahatlar beriladi va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni tashkil qiladi.

2007-yilda Yaponiya hukumatining granti asosida kutubxonaga audiovizual jihozlar ajratilgan bo‘lib, bu uskunalardan ko‘zi ojiz va imkoniyati cheklangan bolalar hamda o‘smirlar foydalanishmoqda. Mavjud lingafon xonasi, elektron kutubxona, internet tarmog‘iga ulangan kompyuter xonasi kitobxonlar uchun ko‘plab axborotlarni olish imkonini bermoqda. Kutubxonada bolalar kompyuterdan foydalanish qoidalarini ham o‘rganishmoqda. Tashkil etilgan “Kompyuter kutubxonasi” turli fan sohalari bo‘yicha referatlar va tematik uy vazifalarini bajarishga yordam beradi. Yaratilgan bunday imkoniyatlar kitobsevar bolajonlarning bilimini yanada boyitishga xizmat qilmoqda.

Bir so‘z bilan aytganda Respublika Bolalar kutubxonasi jamoasining ilm ziyosini tarqatish yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlari tahsinga sazovor. Ziyo maskanidagi kitob mutolaasiga kirishgan ilmsevar bolajonlarning charog‘on ertasini bugunidan ravshan ko‘rayotganiga chindanda havas qilsang arziydi.

Яна ўқинг:  Аниқ мақсадлар белгиланди

Jamila HAYDAROVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: