Botulizmdan ehtiyot bo‘ling!
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, sifatsiz oziq-ovqat mahsulotlari va suv iste’mol qilish oqibatida ikki yuzga yaqin xastalik vujudga keladi. Ovqatdan zaharlanishning eng og‘ir shakllaridan biri esa botulizmdir. Bu kasallik og‘ir kechishi, hatto o‘limga ham olib kelishi mumkinligi bois unga qarshi kurashish dolzarb hisoblanadi.
Aholi orasida ovqatdan zaharlanish holatlari, ayniqsa, kuz-qish mavsumida nisbatan ko‘proq kuzatiladi. Bunga asosan uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish sabab bo‘ladi.
Aytish joizki, sabzavot, pomidor, bodring hamda boshqa dala ne’matlaridan turli xil tuzlamalar, ikra, konserva, kompot tayyorlash uchun ilg‘or ishlab chiqarish texnologiyalari talab etiladi. Bunday imkoniyatlar, albatta, sanoat korxonalarida mavjud bo‘lib, ular mahsulotni tozalash, belgilangan me’yorda qaynatish va saqlash jarayonida sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy rioya etadi. Uy sharoitida esa, aksincha, bunday imkoniyat yo‘q. Qolaversa, xonadonda konservani standart talablari asosida saqlashga ham ko‘pincha e’tibor berilmaydi. Natijada, mahsulotda botulizm sporalari tez rivojlanadi hamda toksin, ya’ni zararli moddalar ajrata boshlaydi.
Belgilarini qanday bilish mumkin?
Botulizm sporalari bilan zararlangan mahsulotning ko‘rinishi, hidi va ta’mida deyarli o‘zgarish kuzatilmaydi. Ko‘zga tashlanadigan belgilaridan biri – bu shisha idishning tunuka qopqog‘i shishadi. Bunday mahsulotdan zaharlangan odamda uning asoratlari ikki soatdan sakkiz – o‘n kungacha cho‘ziladi. Holsizlik, ko‘ngil aynishi, qusish, qorinda og‘riq paydo bo‘lishi kabilar kasallikning klinik belgilaridir.
Eng to‘g‘ri yo‘l
Shunday vaziyatda zudlik bilan shifokorga murojaat qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir. Aks holda, xastalikning og‘ir shakllari – yurak-qon tomir va o‘pka kasalligi yuzaga kelishi, bemorning hayoti xavf ostida qolishi mumkin. Xastalikni aniqlash uchun bemordan tegishli tahlil vositalari olinib, klinik va bakteriologik laboratoriyalarda tekshiriladi. Kasallik aniqlansa, bemor statsionar sharoitda yotib davolanishi shart.
Kasallikning oldini olish – doimiy e’tiborda
Bunday muammolar kelib chiqishining oldini olishda, avvalo, aholining tibbiy madaniyatini yanada oshirish, profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish muhim ahamiyatga ega.
Bugungi kunda markaziy dehqon bozorlari hamda ularning shoxobchalariga mutaxassislar biriktirilgan. Ular amaldagi chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, sanitariya nazorati olib bormoqda. Savdoga chiqarilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati muntazam ravishda laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazilayotir. Ayni paytda huquq-tartibot idoralari, soliq, veterinariya xizmati va bozor xodimlari bilan hamkorlikda belgilangan talablarga javob bermaydigan oziq-ovqat mahsulotlari savdosining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar qo‘llanilyapti.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, muammoga qarshi kurashishda targ‘ibot ishlarining o‘rni katta. Shu tufayli barcha ta’lim muassasalari, mahallalarda sog‘lom turmush tarzi qoidalari, botulizm va boshqa yuqumli kasalliklar, ularning oldini olish haqida muntazam tushuntirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Salomatligimiz o‘z qo‘limizda
Har qanday kasallik kabi botulizmning ham oldini olish insonning o‘z qo‘lida. Buning uchun uy sharoitida, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilmagan holda tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilmaslik lozim. Ayni paytda bunday ne’matlar mamlakatimiz sanoat korxonalari, tadbirkorlarimiz tomonidan sifatli qilib ishlab chiqarilmoqda. Demak, zamonaviy savdo majmualari va bozorlardan aynan ana shunday, ya’ni muvofiqlik sertifikatiga ega mahsulotlarni xarid qilishingiz ayni muddaodir.
Adiba AKMAL qizi
tayyorladi