Erta nikohning oldini olishga bag‘ishlandi
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida BMT Aholishunoslik jamg‘armasi – YUNFPA tomonidan jahon mamlakatlarida aholining reproduktiv salomatligini yaxshilash, erta turmushga chiqishning oldini olish borasida olib borilayotgan ishlarning yillik hisobot-taqdimotiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Anjumanda mamlakatimizda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, jamiyatda sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, oila, onalik va bolalik manfaatlarini himoyalash masalalariga ustuvor e’tibor qaratilayotgani haqida so‘z yuritildi. Davlatimiz rahbarining 2009 yil 1 iyulda qabul qilingan “2009-2013 yillarda aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bola tug‘ilishi, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotir.
Tadbirda mamlakatimizda oilalarni, ayniqsa, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar, oilalarda tibbiy madaniyatni oshirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, erta turmush qurish holatlariga barham berish, istalmagan homiladorlikning oldini olishda zamonaviy tibbiyot yutuqlaridan samarali foydalanish masalalarida jurnalistlarga batafsil ma’lumot berildi.
O‘z muxbirimiz