Ruhiyatni ko‘tarmay turib dardni davolab bo‘lmaydi
Shifokor. Bu so‘z zamirida bir olam ma’no mujassam. Chunki ugina insoniyatning eng bebeho boyligi – salomatligiga mas’ul hisoblanadi. Kasalni davolashda esa avvalo xastalangan insonni tushkunlikdan chiqarmay, ruhiyatini ko‘tarmay turib, tanadagi dardni bartaraf etib bo‘lmaydi. Tibbiyot xodimlari kuni keng nishonlangan ayni kunlarda soha vakillari bu jihatni qayta-qayta ta’kidlashgani ham bejizga emas. 27 yillik malakali shifokor va o‘z ishining haqiqiy ustasi – Respublika ixtisoslashgan fitiziatriya va pulmonologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi fitizioxirurgi, tibbiyot fanlari nomzodi Akrom Ergashev ham faoliyati davomida bunga amal qilib kelayotgan fidoyilardan.
Akrom Ergashev shirinso‘z tabib eng kuchli dori-darmondan ham muhim, degan ota-bobolarimizning iborasini yuragiga jo qilib ish olib boradi. Shu bois bemorlari uni doim chehrasida balqib turuvchi samimiy tabassumi bilan ko‘rishadi. Ko‘ngliga umid va dalda beruvchi ko‘rsatmayu maslahatlaridan ruhi tetik tortadi. Kayfiyati ko‘tarilib, qalbidagi umid uchqunlari alangalana boshlaydi.
– Avvalo kelgan bemorga kasallik haqida yaxshilab ma’lumot berishga intilaman, – deydi Akrom Ergashev. – Bemor o‘zida kechayotgan jarayonlarni yaxshi tushunsa, avvalo dorilarini vaqtida qabul qilishi, har bir xatti-harakati-yu muhim ko‘rsatmalarga rioya qilishning ahamiyatini ham anglab yetadi. Shuningdek, tanasida kechayotgan o‘zgarishlarni ilg‘ay oladi.
Bundan tashqari, bemorlar bilan ularning yaqin insonidek muomala qilishga harakat qilaman. Chunki hushfe’l shifokorning bemorlari tezroq tuzaladi. Bu tibbiyotda doim o‘z isbotini topgan. Uning kayfiyati va muomala madaniyati bemorga ko‘chadi. Yaxshi kayfiyatdagi insonning kasallik bilan kurashuvchanligi va immuniteti esa umidsiz hamda tushkun odamnikidan katta farq qiladi.
Qahramonimizning aytishicha, bugun mamlakatimizda sil kasalligi bilan davolanish ko‘rsatkichi yaxshi tomonga o‘zgargan. Yaqin – 2000 yillarda ushbu kasallikka chalinuvchi bemorlar soni taxminan 100 ming kishiga 70 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, hozirda bu raqam ikki barobarga qisqardi. Avvalo, bunga davlat miqyosida e’tibor qaratilib, sohaga yangi texnologiyalar olib kirilgani, shifokorlar malakasi oshirilib, yangi tajribalar o‘zlashtirilgani tufayli erishildi. Masalan, silga chalingan bemorni aniqlash uchun ilgari 3-4 oylab vaqt ketgan bo‘lsa, hozirda maxsus laboratoriya asboblari yordamida bemorning balg‘ami tekshirilib, 2 soat ichida, uzog‘i bilan bir kunda javobni olish mumkin. Ikkinchi sababi esa kasallikni keltirib chiqaruvchi mikroblarning dorilarga ta’sirini aniqlovchi tahlillar o‘tkazish imkoniyatining mavjudligidir.
Silning dunyoda va mamlakatimizda ham juda ko‘plab turlari mavjud bo‘lib, oldinlari fitiziatr, pulmonologlar bir turdagi dorilarni qo‘llar, ma’lum muddat o‘tgach u foyda bermasa boshqa turdagilarni qo‘llashga o‘tardi. Endilikda esa bakteriyalarning ekma tahlil usullari orqali dorilarga ta’sirchanligi o‘rganiladi va ularni nobud qilgan dori turi qo‘llanilishi tufayli bemorlar tezroq sog‘ayib ketmoqda.
Bundan tashqari, xirurgik usulda davolash yo‘nalishida ham o‘ziga yarasha takomillashuv bor. Masalan, ilgari davolash yo‘li bilan tuzalmagan bemorlarning o‘pkasidagi yallig‘lanish o‘choqlari operatsiya yo‘li bilan kesib olinar, bunda o‘pka qismi 15-20 sm. uzunlikda kesilardi. Natijada o‘pkaning ichki qismi darddan forig‘ bo‘lishga bo‘lardiyu, ammo ba’zida uning tashqarisidagi katta kesilgan joyda yallig‘lanish paydo bo‘lib, teri bitishi sekin kechayotgan bemorlarning tikilgan sohasiga mikrob tushib qolar, ayniqsa, yoshi katta bemorlar bunday jarayonda qiynalib qolishardi. Hozirda esa torokoskopiya, videotorokoskopiya kabi maxsus usullar yordamida yara aynan o‘pkaning qaysi qismida, qanday o‘lchamda ekanligi yuqori aniqlikda ko‘rinadi va katta kesmaga hojat bo‘lmaydi. Eng uzog‘i bilan 5, aksariyat hollarda 2.5-3 sm. kesiladi.
– Ammo bu ko‘rsatkichlar bizni qoniqtirmaydi, – deydi Akrom Ergashev. – Ba’zi mamlakatlarda ko‘rsatkichlar bizdagidan-da yaxshilanmoqda. Masalan, Germaniya silni davolash bo‘yicha juda yaxshi tajribalarga ega va ko‘rsatkichlar ham havas qilgulik. Aholining silga chalinish statistikasi sog‘lom aholiga nisbatan atigi 5-6 foiz. Bundan tashqari, so‘nggi yillarda butun dunyoda sil mikroblarining ham antibiotiklarga chidamli turlari paydo bo‘lmoqda va ularning uchrashi ham tezlashmoqda. Bu esa olimlarimizni va bizni muntazam o‘z ustimizda ishlashga, o‘rganishga chorlaydi.
O‘rganishlardan ma’lum bo‘lishicha, kasallikka chalingan bemorlarning ixtisoslashgan dispanserlarga bormasdan, gap-so‘z bo‘lishdan uyalib, odamlar eshitmasin deb, uyda pala-partish dorilar ichishi, o‘zbilarmonlik qilib nazoratsiz davolanishi tufayli dorilarga chidamli turning kelib chiqishi yuzaga kelmoqda. Silning ushbu yashirin davrida esa muntazam dorilar ichilmagani oqibatida bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi oshib ketadi va bunday bemorlarni tuzatish qiyinroq kechadi.
– O‘zim ham ko‘p yillik shifokorman, – deydi Toshkent viloyatidan kelib davolanayotgan Abdune’mat Egamberdiyev. – Shundan bilamanki, tibbiyot sohasi shifokordan nafaqat bilim va tajribani, balki ichki sezgilarning kuchli bo‘lishini ham talab etadi. Malakali mutaxassis Akrom Ergashevda esa aynan mana shu fazilatlarni ko‘rdim. Bir oydan buyon shu yerda davolanayotgan bo‘lsam, bu insonning o‘z kasbiga sadoqat va mas’uliyat bilan yondashishi va yuksak professionalizmini alohida e’tirof etgan bo‘lardim. Nafaqat o‘z ishiga bo‘lgan munosabati, balki insoniy jihatlari, har bir bemorga bo‘lgan shirin muomalasi va gigiyenik madaniyati ham ibrat bo‘larli darajada ekaniga guvohman. Kelganimda ahvolim unchalik yaxshi emasdi, shifokorning motivatsiyasi va sog‘ayishimga bo‘lgan kuchli ishonch uyg‘ota olgani natijasida hozirda o‘zimni ancha yaxshi his qilyapman.
Albatta, har qanday kasb egasi ham bunday e’tirofni eshitish darajasiga o‘z-o‘zidan erishib qolmaydi. Uning zamirida uzoq yillik halol mehnat, kibrdan yiroq bo‘lish, doim o‘zini bilimga oshno tutib, malakasini oshirish va kasbining mohir ustasi bo‘lish yotadi. Zero, ana shu mashaqqatlarga munosib turib bera olgan insonlargagina qahramonimiz erishganidek munosib baxt va hurmat nasib etadi. Yuzlab, minglab bemorlar dardiga malham bo‘lib kelayotgan, oilada esa rafiqasi bilan ikki o‘g‘il, bir qizni oliy ma’lumotli, munosib insonlar qilib jamiyatga qo‘shgan Akrom Ergashevga esa bu borada har qanday insonning havasi kelsa arziydi. Ulardek ochiq yuzli va mohir tibbiyot xodimlari bor ekan, yurtdoshlarimiz albatta dardiga davo topadi.
Ruhshona ILASHOVA