EPILEPSIYa VA TUTQANOQ SINDROMI

Bu qanday kasallik?

(2-qism)

Epilepsiya aqliy zaiflikka olib keladimi?

Epilepsiyaning ba’zi turlari bora-bora aqliy zaiflikka olib kelishi mumkin. Ba’zi bemorlarning xotirasi pasayib, tafakkur doirasi torayib boradi. Biroq bu buzilish­lar darrov paydo bo‘lmaydi, sekin-asta vujudga keladi. Yillar o‘tib, diqqat tarqoqligi rivojlanadi, fikrlar teranligi susayadi.
Bemor diqqat-e’tiborni talab qiluvchi aqliy mashqlarni bajarishda qiynaladi yoki uddasidan chiqa olmaydi. Ular uchun bir ishga kirishib ketib, oxirigacha yetkaza olmay tashlab qo‘yish, asosiy ish bilan ikkinchi darajali ishni chalkashtirish, keraksiz ishlarga o‘ralashib yurishi mumkin.
Fikrlar karaxtligi bemorning nutqida ham aks etadi. Berilgan savollarga lo‘nda qilib javob bera olmaydi, bir aytgan gapini yana bir necha bor takrorlayveradi yoki suhbat boshida tushunarli bo‘lib qolgan voqeani yana so‘zlab beradi. Ular hissiyotga berilib so‘zlashadi, ba’zan kamgap, ba’zan sergap bo‘lishadi. Bu bemorning kayfiyatiga bog‘liq.

Yoshi katta bemorlarda, ayniqsa, ayollarda, puerilizm, ya’ni bolalarga xos xulq-atvor kuzatiladi. Ularning nafaqat xatti-harakatlari, balki fikrlash doirasi ham yoshidan orqada qolishi mumkin. Ba’zan esa, 5-7 yashar bolalar o‘z yoshiga mos kelmaydigan aql-zakovatni ko‘rsatishadi. Ular xuddi kattalardek fikr yuritishadi, foydali maslahatlar berib qo‘yishadi.

Ba’zi ota-onalar boladagi bunday qobiliyatdan qo‘rqib ketib, bolani psixiatrga ham ko‘rsatishadi yoki bo‘lmasa faxrlanib yurishadi va boladagi noyob qobiliyatni epilepsiya bilan bog‘lashmaydi. Demak, boshqa ruhiy kasalliklardan farqli o‘laroq, epilepsiya bir-biriga zid bo‘lgan ruhiy o‘zgarishlar bilan kechuvchi kasallikdir.
Erta rivojlangan epilepsiyalarda aqli zaiflik ko‘p kuzatiladi. Bu holat bolalarda oliy ruhiy funksiyalar hali to‘la shakllanmaganligi bilan bog‘liq. Shu bois bolalik davrida kuzatiladigan bosh miyaning har qanday og‘ir kasalligi ruhiyat va tafakkurning u yoki bu darajada buzilishlari bilan kechadi.

Epilepsiya bilan kasallangan bemorda keyinchalik bosh miyaning turli kasalliklari kuzatilsa, masalan, bosh miya jarohati, meningit, qon tomir kasalliklari, alkogolizm, ruhiy buzilishlar kuchayadi.
Ruhiy buzilishlar yaqqol ifodalangan bemorda keyinchalik tutqanoq xurujlari butunlay to‘xtashi mumkin. Shuning uchun ham psixiatr­lar va tibbiy psixologlar epilepsiyaning so‘nggi bosqichlarida tutqanoq xurujlari o‘rnini ruhiyat buzilish­lari egallaydi, deb aytishadi.
Eslatma. Epilepsiyaning 3-5 yil ichida butunlay tuzalib ketadigan, aqliy va ruhiy buzilishlar umuman bo‘lmaydigan turlari ham ko‘p.

Epilepsiya va stupor
(qotib qolish)

Yana o‘qing:  Inson ruhiyati haqida hayratlanarli faktlar

Epilepsiyada stupor turli darajada, ­ya’ni oddiy kamharakatlikdan tortib, qotib qolishgacha kuzatiladi. Qotib qolgan bemorda mutizm (gapirmay qo‘yish) paydo bo‘ladi, biroq u birovning so‘zi va harakatini takrorlashi mumkin.
Odatda, stupor bir necha daqiqadan bir necha soatgacha davom etadi. Stupor paytida to‘satdan faol harakatlar paydo bo‘lishi va bemor atrofdagi narsalarni otib yuborib, yonidagilar bilan urishib ketishi mumkin.
Stupor, odatda, xurujlardan so‘ng kuzatiladi, bunda to‘la va qisman amneziya (xotira yo‘qolishi) ham vujudga keladi.

Bemorni davolasa bo‘ladimi?

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, epilepsiya bilan kasallangan bemorni davolash qancha erta boshlansa, to‘la tuzalib ketish imkoniyati shuncha yuqori bo‘ladi. Tutqanoq xurujlari kuzatilgan bemor vrach nazoratiga olinishi va barcha tekshiruvlardan o‘tkazilishi lozim. Shuningdek, davolashni endi bosh­lagan davrda aynan qaysi dori epilepsiyaning qaysi turiga foyda qilishini bilib olish kerak.

Antikonvulsantlar qanday buyuriladi?

Epileptik xurujlarni bartaraf etish uchun beriladigan dorilarni antikonvulsantlar deb atashadi. Masalan, finlepsin, depakin, konvuleks kabi dorilar antikonvulsant hisoblanadi. Davolashning muvaffaqiyatli kechishi to‘g‘ri aniqlangan tashxis va to‘g‘ri tanlangan dori turiga bog‘liq.

Davolashda quyidagi qoidalarga amal qilish zarur

Dastavval epilepsiya turi, bemorning yoshi, qanday kasalliklar bilan og‘riganligi, dorilarga allergiyasi bor-yo‘qligi va ruhiy holati aniqlanadi.
Elektroensefalografiya (EEG) albatta qilinishi va davolovchi vrach EEG xulosalarini o‘qiy olishi kerak. Bu tekshiruv epilepsiya tashxisini qo‘yish va uning turini aniqlash uchun eng asosiy tekshiruv usulidir. Uni zaruratga qarab har 3-6 oyda o‘tkazib turish mumkin. Tashxis qo‘yish mushkul holatlarda EEG videomonitoring qilinadi. Bunda bemorning boshiga taqib qo‘yilgan elektrodlar orqali bosh miya biotoklari 12-24 soat mobaynida yozib turiladi. Bu yozuvlar kompyuter monitorida aks etib turadi va birato‘la videoga yozib boriladi. Xulosa bemorning qarindosh­lariga CD diskda yozib beriladi. Videomonitoring, ayniqsa, absanslar bilan kechuvchi epilepsiyada ko‘p qo‘llaniladi. Bu usul bilan bir kunda bemorda necha marotaba absans ro‘y berganini aniqlab olish mumkin. Ba’zida absanslar bir kunda 50-100 marta ham kuzatiladi.

Davolash uchun dastlab bitta dori tanlanadi va u kam dozada berib boriladi. Dorining dozasi har 3-5 kunda oshirib boriladi. Bunda tana vazni, xurujlar soni, bemorning umumiy ahvoli e’tiborga olinadi. Tanlangan dorining bemor uchun zarur dozasi aniqlab olinishi o‘ta muhim. Bu vrachdan katta mahorat va tajribani talab qiladi.

Antikonvulsantlarning qanday berilishi individual tarzda hal qilinishi va buni faqat davolovchi vrach hal qilishi kerak. Davolash rejasini tuzishda Xalqaro standartlarga tayanib ish ko‘rish lozim.

Yana o‘qing:  Diareyadan ehtiyot bo‘ling!

Bemor tuzalgandan so‘ng xurujlar yana qayta qo‘zg‘amaydimi?

Agar davolash to‘xtatilgandan so‘ng, ya’ni epilepsiyaga qarshi dorilarni qabul qilish poyoniga yetgach, xurujlar 5 yil mobaynida kuzatilmasa, bemor tuzaldi, deb xulosa qilinadi. Biroq Xalqaro epileptologlar assotsiatsiya­si ma’lumotlariga ko‘ra, 20 foiz bemorda to‘la tuzalish kuzatilmaydi. Bunday bemorlar operatsiya yo‘li bilan davolanishi kerak. Biroq operatsiya ham yordam bermasligi mumkin.
Epilepsiya va tutqanoq xurujlarining 80 foizini terapevtik yo‘l bilan, ya’ni dori-darmonlar bilan davolash mumkin. Ayniqsa, bolalik davri epilepsiyalari, kam xurujlar bilan kechuvchi epilepsiya turlarini samarali davolash imkoni bor.
Agar tutqanoq xurujlari bosh miya jarohatlari, bosh miya qon tomir kasalliklari (ensefalopatiyalar), bosh miya pardalari yallig‘lanish kasalliklari (meningit, ensefalit, leptomeningit), turli intoksikatsiyalar (alkogolizm, bolalar va o‘smirlarda gijja) sababli rivoj­langan bo‘lsa, tutqanoq xurujlarini to‘xtatish uchun kasallikni keltirib chiqaruvchi sababni bartaraf etish lozim.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, davolash kursini to‘g‘ri o‘tagan bemorlarning 50 foizida keyinchalik xurujlar sira kuzatilmaydi, 30 foizida xurujlar kam bo‘lsa-da, qaytalanishi mumkin, 20 foizida davolash qanday olib borilishidan qat’i nazar xurujlar qaytalayveradi, ya’ni ijobiy natija bo‘lmaydi.

Davolash natija bermasligining sabablari nimada?

Buning sabablari bir qancha bo‘lib, asosiylari quyidagilar:
– epilepsiya turi noto‘g‘ri aniqlangan, ­ya’ni tashxis noto‘g‘ri qo‘yilgan;
– dori yoki uning dozasi noto‘g‘ri tanlangan va kam dozada berilyapti;
– dori qabul qilish rejimi tez-tez buzilgan;
– kechqurun to‘yib uxlamagan yoki tunda ishlaydi.

Dori ichishni qachon to‘xtatish mumkin?

To‘g‘ri davolash boshlanganidan so‘ng 2-3 yil mobaynida xurujlar kuzatilmasa, asta-cekinlik bilan dorilar qabul qilish to‘xtatib boriladi.
Epilepsiyaning ba’zi turlarida bu muddat 5 yilgacha cho‘ziladi. Biroq yuqorida aytib o‘tganimizdek, deyarli 30 foiz bemorda xurujlar yana qaytalanishi mumkin. Bunday holatlarda davolanishni yana davom ettirish kerak bo‘ladi.
xurujlarni batamom to‘xtatuvchi dorilar bormi?
Epilepsiyaning barcha turlariga zo‘r ta’sir qiluvchi universal dori hanuzgacha ishlab chiqilmagan. Masalan, karbamazepin tutqanoq xurujlarini yaxshi bartaraf etsa, biroq absanslar bilan kechuvchi epilepsiyada yordam bermaydi. Etosuksimid, depakin, konvuleks absanslarni to‘xtatishda juda foydali, ­ammo tonik va klonik titrashlar bilan namoyon bo‘luvchi tutqanoq xurujlarini to‘xtata olmaydi. Benzonalni qabul qilib yurish esa bora-bora aqliy zaiflikka olib keladi.

Yana o‘qing:  Mijoz va uning xususiyatlari (davomi bor)

Agar ichib yurgan dori foyda qilmasa, uni boshqa doriga o‘zgartirish tartibi qanday?


Foyda qilmagan dorini birdan to‘xtatish aslo mumkin emas! Bu xavfli! Shuning uchun bir dorini ikkinchi doriga o‘zgartirish sxemasini keltirib o‘taman. Deylik, bemor A dorini 1 tab­letkadan 3 mahal qabul qilib yuribdi. Uni qanday qilib B doriga o‘zgartirish mumkin?

A dorining dozasini har 3 kunda kamaytirib, B doriga o‘tib borish mumkin. Buni vrach nazoratida amalga oshirish kerak. Vrach xohishiga ko‘ra bir doridan ikkinchi doriga o‘tish tartibini 3 kun emas, balki 5 kun qilib belgilash mumkin. Bir doridan ikkinchi doriga o‘tishni EEG nazoratida amalga oshirsa, samarasi yaxshi bo‘ladi.

Nima uchun epilepsiyada doimo EEG tekshiruvi o‘tkazish tavsiya etiladi?

Chunki EEG epilepsiya turini to‘g‘ri aniqlovchi yagona tekshirish usulidir. Yangi dorining foyda berish yoki bermasligini dastavval ushbu tekshiruv orqali bilib olish mumkin. Chunki xurujlar kamayishidan oldin o‘zgarishlar avval EEGda ko‘zga tashlanadi. EEGni epilepsiya­ni yaxshi tushunadigan mutaxassis nevropatolog o‘tkazishi kerak. EEG qilayotganda, albatta, fotostimulyasiya sinovini o‘tkazish lozim.
Fotostimulyasiya – ikkala ko‘zga maxsus moslama yordamida yorug‘lik nurlari orqali ta’sir o‘tkazish.
Ana shunda ko‘rinmas to‘lqinlar yuzaga chiqib, epilepsiyaning turini aniqlash oson kechadi. Giperventilyasiya, ya’ni EEG olayotganda chuqur-chuqur nafas olish ham epileptik xurujlar, ayniqsa, absanslarni tez aniqlashga yordam beradi. Ba’zida absansni yuzaga keltirish uchun giperventilyasiya yoki fotostimulyasiyaning o‘zi yetarli. Xurujlar endi boshlangan bemorda epilepsiyaning turini aniqlash qiyin kechadi. Buning uchun kamida har oyda bir marta EEG qilib, bemorni nazoratga olib, xuruj turlarini aniqlash o‘ta muhimdir.

(Davomi bor)

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: