Eng xavfli xastalik
Dunyo bo‘yicha 200 dan ziyod kasallik va jarohatlarga oid ma’lumotlarni bir-biri bilan taqqoslagan shifokor – ekspertlar, ruhiy zo‘riqish orqa yelkadagi og‘riqlardan keyin ishga layoqatsizlikni keltirib chiqaruvchi asosiy sabablardan biri ekanligini aniqlashdi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, depressiyani birinchi muammo sifatida baholash zarur.
Afsuski, depressiyaga uchragan kishilarning hammasi ham mutaxassis yordamini ololmaydi. Chunki kishining ishga layoqatsizligi o‘rganilganda depressiyaning ta’siri mamlakatlarning iqtisodiy ahvoliga qarab belgilanadi. Masalan, umumiy depressiya ko‘rsatkichlari Afg‘onistonda juda yuqori, eng past ko‘rsatkich esa Yaponiyada kuzatilgan. Kvinslend universiteti doktori Elize Ferrari bunga shunday izoh beradi: “Eng yomon vaziyatni aholi daromadi past va o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlarda kuzatish mumkin. Aholisining daromadi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda esa ahvol yaxshiroq”.
Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti hozirning o‘zidayoq dunyodagi ruhiy kasalliklarni davolash bo‘yicha harakatlar rejasini tuzdi. Rasmiy tavsif bo‘yicha, depressiya – bu keng tarqalgan ruhiy xastalik bo‘lib, unga ma’yuslik, hayotga bo‘lgan qiziqish va quvonchning yo‘qligi, bemorning o‘zini aybdor his etishi va o‘ziga past baho berishi, uyqu va ishtahaning buzilishi, lanjlik va diqqat-e’tiborning yo‘qligi xosdir.
Depressiya alomatlari surunkali yoki davriy bo‘ladi. Ba’zida odam kundalik hayotdagi muammolarni yengish qobiliyatini yo‘qotadi. Bu kasallikning og‘ir shakli o‘z joniga qasd qilishga olib kelishi mumkin.