Ona suti bola ruhiy holatiga ham ta’sir ko‘rsatadi(mi?)
Ona bilan bola o‘rtasidagi o‘zaro aloqa homiladorlikning dastlabki kunlaridan boshlanadi. Buni tibbiyotda «ona – yo‘ldosh – homila» muloqot tizimi shaklida tushuntiriladi. Go‘dak olti oylikkacha qo‘shimcha ozuqalarsiz faqat ona suti bilan emizib boqilishi zarur.
Farzand dunyoga kelgach esa bu muloqot «ona – ko‘krak suti – bola» tariqasida davom etadi.
Buyuk bobokolonimiz Abu Ali ibn Sino ona sutini quyosh nuriga qiyos qiladi. Bejiz emaski yer yuzidagi barcha tirik mavjudot bilan o‘simliklar dunyosi uchun quyosh nuri qanchalik zarur bo‘lsa, o‘sayotgan bola uchun ona suti shunchalik muhim hisoblanadi.
Ona sutida bolani sog‘lom va baquvvat rivojlanishi uchun kerakli barcha ozuqalar mukammal darajada mavjud. Ona suti suyuq, yengil hazm bo‘luvchi va yetarli kaloriyaga ega bo‘lgan, turli mikroblardan xoli tayyor ozuqadir. Bu sut tarkibida 100dan ziyod kerakli oziq moddalar bo‘lib, faqat miqdor jihatidan bola ehtiyojini qoplamay, sifat jihatidan ham bolaning yoshi va sog‘ligiga mos keladi. Oqsil, yog‘, uglevodlar ona sutida tuzilishiga ko‘ra yengil hazm bo‘ladigan bo‘lsa, tarkibiga nisbatan go‘dak to‘qimasiga yaqin bo‘ladi va uning ehtiyojini to‘liq qoplaydi. Sigir suti tarkibidagi oqsil miqdoriga qaraganda ona sutidagi oqsil miqdori 2-2,5 marotaba kam bo‘lishiga qaramay, juda ko‘p miqdorda almashtirib bo‘lmaydigan aminokislotalar saqlaydi. Shuningdek, ona sutida go‘dakning aqliy salohiyatiga ijobiy ta’sir etuvchi touring moddasi va asablarni o‘stiruvchi moddalar ham bo‘ladi.
Uglevodlar energiya manbai bo‘lishi bilan birga bolaning ichak mikroflorasini yaxshilaydi. Ona sutidagi mineral moddalar va vitaminlar o‘sayotgan bola ehtiyojiga mos keladi. Og‘iz suti bu yangi tuqqan ayol ko‘kragidan 1-1,5 kun ichida ajralib chiqadigan sarg‘ish va shirali, cho‘ziluvchan suyuqlik bo‘lib, bola organizmi uchun o‘ta foydalidir.
Bu sut bolaning ichaklarini tozalaydi uni infeksiyadan saqlaydi va immunoglobulinga boy bo‘lib, immunitetni mustahkamlaydi. Og‘iz suti birinchi emlash o‘rnidan ham o‘tadi. Ona suti turli kasalliklarni chaqiruvchi virus va mikroblarga qarshi kurashuvchi moddalar – antitelolarga boy bo‘ladi. Ya’ni, u bolada immunitet tizimining shakllanishida qatnashadi. Undagi immunoglobulinlar yangi tug‘ilgan chaqaloqni turli infeksiyalardan himoya qiladi, onadan bolaga immunitet o‘tishini ta’minlaydi.
Ko‘krak suti tarkibidagi laktoferin esa bir tomondan temir moddasining yaxshi singishini ta’minlasa, ikkinchi tomonidan turli mikroblar o‘sishini to‘xtatadi.
Chaqaloqni ko‘krak suti bilan boqish uning ruhiy holatiga ham ta’sir ko‘rsatadi. Emizib boqilgan go‘daklarda harakatchanlik, sezuvchanlik, sun’iy sutli aralashmalar bilan boqilgan bolalarga qaraganda barvaqt boshlanadi. Ko‘krak suti emgan bola ancha vaqtgacha tetik, ochlikka chidamli bo‘ladi. U barvaqt onani taniy boshlaydi va unga intiladi. Bu bolada ilk mehr kurtaklarini uyg‘otadi. Go‘daklarni ikki yoshgacha emizib boqish zarur. Shunda ular har tomonlama sog‘lom va baquvvat bo‘ladi. Yana emizib boqish onalarda tug‘ruqlar oralig‘ining saqlanishida ham muhimdir.