Xastalikka bee’tibor bo‘lmang
Kun soviy boshlagach immuniteti past odamlarning tashqi muhit va ob-havoga moslashishi qiyinroq kechadi.
Chunki kuz va bahor oylarida inson organizmida xiltlar qo‘zg‘alib, surunkali kasalliklar bezovta qiladi. Chiniqqan va sog‘lom odamlar esa bundan mustasnodir. Ba’zan gripp va O‘RVI (o‘tkir respirator virusli infeksiya)larning asorati sababli ham sinusit kabi xastalik rivojlanishi mumkin.
Bugungi mavzu lor (tomoq, quloq, burun) sohasi kasalliklari jumlasiga kiruvchi ushbu xastalik haqida bo‘ladi.
Sinusit haqidagi maqolani boshlash uchun qisqacha qilib odam anatomiyasiga murojaat qilamiz. Burun orqali nafas olganimizda tashqaridan burun bo‘shlig‘iga kirgan sovuq havo tana harorati darajasida isiydi. Shunday qilib sovuq havo burun kataklari orqali o‘tganida uning ichidagi bo‘shliqlar orqali harakatlanadi. Bu qo‘shimcha bo‘shliqlarda o‘ziga xos suyuqlik ya’ni, shilimshiq mavjud. Ularning fiziologik vazifasi normal nafas olishga yordam berish bilan chegaralanmaydi. Bir qator funksional vazifalarni bajarishi barobarida burun bo‘shliqlari bosh miyaning ichki qatlamlaridagi bo‘shliqlar bilan atmosferadagi bosimni o‘zaro barobarlashishiga yordam qiladi. Burun bo‘shliqlarining yallig‘lanishi tibbiy tilda “sinusit” deb ataladi.
Odamda jami to‘rtta burun bo‘shlig‘i bor. Ular gaymor, peshana suyagining ichki yuzasidagi, asosiy (ponasimon) va panjarasimon bo‘shliqlarga bo‘linadi. Yuqori jag‘ suyaklari sohasida joylashgan Gaymor bo‘shliqlari eng katta bo‘shliq bo‘lib ularning har biri hajm jihatidan taxminan 30 sm. kubdan iborat. Shu sababli bo‘lsa kerak, tibbiy amaliyotda sinusitning alohida turi – gaymorit juda ko‘p uchraydi.
Fiziologik nuqtai nazardan olinsa, yosh bolalarda Gaymor bo‘shliqlari 7 yoshga borib to‘liq shakllanadi. Yosh bolalarda asosan etmoidit yoki frontit kabi kasalliklar rivojlanadi. Ba’zi bir vaqtlarda kasallik juda avj olib ketsa, polisinusit (barcha burun bo‘shliqlarining birdaniga yallig‘lanishi) kuzatilishi mumkin. Bunday hollarda eng avvalo, kasallik etmoidit ya’ni, panjarasimon suyak bo‘shliqlarida yuz beradi. Keyin burun oldi bo‘shliqlari (gaymorit), undan keyin peshana suyaklari sohasidagi bo‘shliqning yallig‘lanishi – frontit hamda ponasimon cuyak bo‘shliqlarida kasallikning rivojlanishi – sfenoidit rivojlanadi.
Fiziologik jihatdan olganda, burun bo‘shlig‘ining asosiy kamchiligi shuki, ularning hajmi nisbatan ancha katta bo‘lgani holida organizmda yig‘iladigan turli suyuqlarni tashqariga chiqarish mumkin bo‘lgan teshikchalar juda kichik hajmga (1-3 mm.) ega. Shuning uchun burun teshiklari sohasida shish paydo bo‘lsa, teshikchalarning og‘zi yopilib, bu sohada yig‘ilib qolayotgan suyuqlikning tashqariga chiqib ketishi qiyin bo‘ladi. Buning oqibatida kasallik rivojlanadi.
KASALLIK RIVOJLANISHINING SABABLARI
Aksariyat hollarda sinusit oxirigacha davolanmagan gripp yoki o‘tkir respirator virusli infeksiya (O‘RVI) larning asorati sifatida rivojlanadi. Bundan tashqari organizmdagi ayrim fiziologik nuqsonlar (masalan, burun ichki devorining qiyshiqligi), surunkali yoki vazomotor rinit ham sinusitning rivojlanishiga sabab bo‘ladi. Ko‘pchilik hollarda adenoidlar yoxud yuqori jag‘ tishlari ildizining yallig‘lanishi ham sinusitni keltirib chiqaradi.
Kasallikning ilk bosqichida immunitetning pasayib ketishi, sovqotish yohud allergiya sababli burun bo‘shlig‘iga turli mikroorganizmlarning tushishi ham sabab bo‘ladi. Ularning ta’sirida burun bo‘shlig‘ida suyuqlik yig‘ilib, shish paydo bo‘ladi. Organizmga tushgan mikroblar tez ko‘payadi. Ularning faoliyati natijasida yuzaga kelgan yiringlash jarayonlari tezda organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Sinusit o‘z vaqtida to‘liq davolanmasa, kasallik surunkali tus oladi. Bunday holatlarda bemorning tinkasini quritgan kasallik alomatlari – bosh og‘rig‘i, burun bitishi nisbatan yo‘qolgandek tuyuladi. Ammo ularning o‘rnida aksariyat holda ularga qo‘shimcha ravishda tomoq sohasining qichishi, yutinganda og‘riqning paydo bo‘lishi, tomoqning qurib qolishi kabi yangi alomatlar paydo bo‘ladi.
Ba’zi bir hollarda kasallik klinik alomatlarsiz rivojlanib, uzoq yillardan so‘nggina aniqlanishi mumkin. Shu o‘rinda ota-onalarga alohida eslatib o‘tmoqchimizki, o‘z vaqtida yaxshilab davolanmagan sinusit surunkali tus olsa, vaqti kelib uning asorati sifatida yurak-qon tomir, buyrak tizimi, jigar va o‘pkalarda kasallik keltirib chiqarishi mumkin.
SINUSITNING KLINIK ALOMATLARI
Odatda fasllar almashinuvi yoki sovuq tushishi bilan odam organizmida tumov kuzatilishi mumkin. Biroq, oddiy ko‘ringan tumov 7-10 kun davomida ham o‘tib ketmasa darhol shifokor huzuriga boring.
Sinusitning rivojlanishidan quyidagi alomatlar darak beradi:
– nisbatan uzoq vaqt davom etayotgan tumov tufayli burun bo‘shlig‘idan yiringli suyuqlik ajralib chiqishi;
– burun bilan nafas olish qiyinlashib qolishi (galma galdan o‘ng va chap tomondagi burun bo‘shliqlarining bitib qolishi);
– tomoq sohasining qichishib turishi;
– bemor yo‘talib, tupurganda shilimshiq yoki yiring aralash suyuqlik ajralib chiqishi;
– yallig‘langan burun bo‘shlig‘i, ba’zida og‘riq tishlar, ko‘zlar, jag‘lar, lunjlar, sohasida og‘irlik va og‘riq his qilinishi;
– kasallangan yuz sohasida terining sezuvchanligining keskin kuchayishi;
– tana harorati 38 darajadan oshib ketsa (odatda bunday alomat kasallik o‘tkir tusda rivojlansa kuzatiladi), surunkali sinusitda tana harorati subfebril ya’ni, 37-37.5 daraja bo‘ladi;
– bemorda holsizlanish, xotiraning pasayishi va ishtahaning pasayishi, yosh bolalarda esa ovqatlanishdan bosh tortish, shuningdek, uyquning buzilishi, tajanglik hamda yorug‘likdan cho‘chish, yig‘loqilik kuzatiladi;
– hid bilish xususiyatining pasayib ketishi yoki butunlay yo‘qolishi ham ushbu kasallikka xos alomatdir;
– lunj va ko‘z qovoqlarining shishib ketishi.
Bolaning boshini oldingi egsangiz kasallik alomatlari keskinroq ifodalanadi. Og‘riq hissi o‘choqli (aynan bir sohaga taalluqli) xususiyatini yo‘qotib butun bosh sohasida kuzatilishi mumkin.
Kasallikni davolash uchun burun bo‘shliqlarining tashqi teshiklarini ochib, yig‘ilib qolgan suyuqlikni chiqishi uchun imkoniyat yaratish zarur. Shifokor tavsiyasiga ko‘ra bemorga qon tomirlarini toraytiruvchi dori-darmonlar tayinlanadi. Bunday dorilarni burun bo‘shlig‘iga tomizish kerak bo‘ladi. Buning uchun bolani yotqizib boshini orqa tomonga egish lozim. Faqatgina bir tomondagi burun bo‘shlig‘i yallig‘langan bo‘lsa, dorini aynan shu tomondagi burun katagiga tomizing. Organizmning umumiy quvvatini oshiruvchi kompleks davo muolajalari jarayonida antibakterial va allergiyaga qashi dori vositalari ham tavsiya etiladi. Xastalik avj olgan bo‘lsa, shifokor tomonidan antibiotik dorilar ham tayinlanadi.
Diqqat! Har qanday xastalikda bemorlar o‘zbilarmonlik bilan davolanmasliklari zarur. Chunki, har bir organizm individual xususiyatga ega. Kasallik o‘z vaqtida davolanmasa, surunkali tus oladi va o‘zidan turli asoratlar qoldiradi. Bu esa bemorning ahvolini yana og‘irlashtirishi mumkin. Shu sababli har qanday kasallikning ilk belgilari namoyon bo‘lishi bilan o‘z vaqtida mutaxassis – shifokorga murojaat etish Sizning darddan tezroq sog‘ayishingizni kafolatlaydi.
Halima Shukur qizi tayyorladi