Keling, o‘zbekcha so‘zlashamiz!
Ish yuzasidan shaharga boradigan bo‘ldim. Avtobus haydovchisiga manzilni aytib, o‘sha yerda tushirib ketishini iltimos qildim. Oxirgi o‘rindiqda o‘tirib tashqarini tomosha qilib ketdim. Qiya ochilgan oynadan avtobus ichiga tong shamoli kirar, qalin qilib ekilgan chinor daraxtlari atrofga o‘zgacha bir sokinlik baxsh etardi. Uzoqdan bo‘lsa-da Registon majmuasi, Amir Temur, Bibixonim maqbaralari ko‘rinib turardi. Bir biridan chiroyli joylar, manzaralar oldidan sekin o‘tib borardik.
Avtobusga kimdir chiqsa, oldingi o‘rindiqdagilar darhol joy berardi. Bu bilan qadimiy minoralar bilan urf-odatlar, mehr-oqibat ham bo‘y ko‘rsatardi. Yonimda bir rus ayoli jimgina borardi. Undan beixtiyor o‘zbekchalab so‘radim:
– Kechirasiz, menga shu manzil qayerdaligini aytib yuborasizmi?
U bir lahza oynaga tikilib turdi. Tushunmadi-yov, ruschada so‘rasam bo‘larkan, deya o‘yladim. Ayol chiroyli qilib manzilimni tushuntirib berdi. Uning o‘zbek tilida biyron-biyron so‘zlashi, birorta ruscha so‘zni aralashtirmaganidan xursand bo‘lib, bir zum oldingi pushaymonligimdan asar ham qolmadi.
Biz hech ikkilanmay boshqa millat vakillariga ham o‘zbek tilida gapirsak bo‘larkan, shu yurtda yashayapman, shu yurt farzandiman degani borki tilni tushunadi, so‘zlaydi. Tilimizni o‘zimiz hurmat qilsak, qadriga yetsak, chet so‘zlarini bo‘lar-bo‘lmasga ishlatmasak, vaqti kelib o‘zbek tilining qadri yanada yuksaladi. Dunyo ham O‘ZBEK tilini o‘rganadi, biz bilan o‘zbekcha gaplashadi… Buning uchun «keling, avvalo, o‘zimiz o‘zbekcha so‘zlashaylik!»
Ishlarim bitgach ortga qaytarkanman shu fikrlar xayolimdan o‘tar, ruhim tetik, ko‘nglim xotirjam edi…
Salima QULMONOVA
Samarqand