Dissirkulyator ensefalopatiya qanday kasallik?
Dissirkulyator ensefalopatiya (DSE) – bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishi bo‘lib, aksariyat hollarda insult rivojlanishi bilan tugallanadi. Dissirkulyator ensefalopatiya 40 yoshdan oshganlarda ko‘p uchraydi va odamning yoshi ulg‘aygan sayin dissirkulyator ensefalopatiya bilan kasallanuvchilar soni oshib boradi.
60 yoshdan oshganlarda esa bu kasallik insult rivojlanishida katta rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham bu kasallik insult oldi kasalligi hisoblanadi.
Quyidagi kasalliklar dissirkulyator ensefalopatiya rivojlanishiga olib keladi:
– gipertoniya kasalligi, ateroskleroz, qandli diabet;
– bo‘yindan bosh miya tomon yo‘naluvchi yirik qon tomirlar patologiyasi;
– yurak kasalliklari, ayniqsa, yurak ishemik kasalligi va aritmiyalar;
– buyrak kasalliklari sababli yuzaga kelgan arterial gipertoniyalar;
– arterial gipotenziya, ya’ni qon bosimning doimo past yurishi (yoshi kattalarda);
– bo‘yin umurtqalari osteoxondrozi;
– doimiy tarzda spirtli ichimliklar iste’mol qilish;
– giyohvand moddalarni iste’mol qilish.
Kasallik qanday rivojlanadi?
Dissirkulyator ensefalopatiya shakllanishida bosh miyani qon bilan ta’minlovchi yirik tomirlar va miyaning mayda tomirlaridagi patologik o‘zgarishlar asosiy rolni o‘ynaydi. Bu buzilishlar oqibatida miya to‘qimalarida o‘ndan ortiq mayda ishemik o‘choqlar paydo bo‘ladi. Kichik ishemik o‘choqlar miyaning po‘stloq qismida, po‘stloq osti tuzilmalarida, hayotiy muhim markazlar joylashgan miya ustunida shakllanadi. Bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishiga, ya’ni dissirkulyator ensefalopatiyaga olib keluvchi asosiy sabablar gipertoniya kasalligi va ateroskleroz hisoblanadi.
To‘g‘ri tashxis qo‘yishda…
Dissirkulyator ensefalopatiya – bosh miyaning surunkali qon tomir kasalligidir. Shu bois to‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun, avvalombor, qon tomir sistemasi kasalliklarini aniqlash zarur. Dissirkulyator ensefalopatiya tashxisi qon tomir sistemasi kasalliklari aniqlangan va zo‘rayib boruvchi nevrologik va neyropsixologik buzilishlar aniqlangan holatlarda qo‘yiladi. Qo‘shimcha ravishda o‘tkazilgan tekshiruvlarda DSEga olib keluvchi arterial gipertenziya, ateroskleroz, qandli diabet, yurak kasalliklari va h.k.
Davolash qanday olib boriladi?
Dissirkulyator ensefalopatiya surunkali kechuvchi kasallik ekan, davolash jarayoni ham bosqichma-bosqich uzoq davom etishi kerak. Avvalombor, kasallik sababi bartaraf etiladi. Parallel ravishda bosh miyada qon aylanishi va moddalar almashinuvini yaxshilovchi dorilar, qonni suyultiruvchi vositalar, miya hujayralari orasidagi impulslar o‘tkazuvchanligini tiklovchi dori vositalari tavsiya etiladi. Bunday bemorlar doimo nevropatolog nazoratida turishi va bosh miya hamda yurak faoliyatini tekshirtirib turishlari lozim.
Zarifboy IBODULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori, professor