Odamiylik darsxonasi
– Bolam, – nabirasini chaqirdi buvi. Yoniga kelgan qizning qo‘lini tutib tortinibgina maqsadini aytdi. – Kechasi nimagadir etim uvishyapti. Paxtalik kamzulimni topib bersang kiyvolardim, yana sizlarga tashvish orttirib qo‘ymay…
– Voy, oyijon-ey, – shu zahoti ichkaridan chiqib keldi yosh ona. – Doim shunaqasiz. Axir Guli kechikishi mumkin emas-ku! Repititor domlasining vaqti minutma-minut hisoblangan.
Aybdor bola kabi onaxonning boshi egildi, shu lahza ayol qiziga «Bu yoqqa o‘t. Ketaver!» ishorasini qildi. Nabira bir zum ikkilanib, buvisidan uzoqlashdi.
Yuqoridagi voqeani «Oyim hech narsani tushunmaydilar. Zarur, muhim ishga o‘zlarining tashvishlarini tiqishtiradilar», deb qaynonasidan so‘z ochgan, «qizining ingliz tilini puxta o‘rganishi uchun hamma sharoitlarni yaratib bergan» juvonning qaynonasidan navbatdagi shikoyatini eshitarkanman xayolan tasavvur qildim.
Shu o‘rinda Abdurashid Otaxonov degan olim (kosmonavtika bo‘yicha)ning gaplari yodimga tushadi: «Oiladagi yumushlarni bajarishda hamma bola teppa-teng ishtirok etishi kerak. Gohida farzandlardan biri: «Ertaga maktabda falon fandan yozma ishim bor», desa men: «Juda yaxshi. Uydagi ishlarni bajarib bo‘lganingdan keyin darsga tayyorgarlikka ham vaqt topasan», deyman». Shu olimning to‘rt o‘g‘li maktabni faqat «a’lo» baholarga bitirishdi, turli sohalarda yetuk ma’lumotli mutaxassislar bo‘lib yetishdi, bir nechtadan chet tillarini yaxshi bilishadi. Ko‘pchilikning havasini keltirgan ibratli jihatlaridan biri – ona tilida tiniq, ravon so‘zlaydigan bu yigitlar oilaviy ishlarda onasi, ayolini doim qo‘llab-quvvatlashadi. Qo‘ni-qo‘shnilar hurmatini joyiga qo‘yishadi. Bu xonadonga mehmon bo‘lib kelganlar yigitlarning odob-axloqi, muomalasi, kamtarligi, samimiyati qanchalar chiroyli ekanini eslab, gapirib yurishadi.
Qarindoshu tanish-bilishlarning hafta – yetti kun davomida chet tillarini, aniq fanlarni o‘rganish uchun kurslar yoki alohida o‘qituvchilarga; goh musiqa, goh sport, goh tasviriy san’at bo‘yicha mashg‘ulotlarga qatnaydigan o‘g‘il-qizlarida kuzatganim holatlar miyamda aylanadi.
…Mehmonda edik. Davradagilardan biri o‘n besh yoshlardagi qizini olib kelgan ekan. Suhbatda bu qizning musavvirlikka iqtidori borligi, tanlovlar g‘olibi ekani ma’lum bo‘ldi, kim havas qildi, kim yangi muvaffaqiyatlar tiladi-yu… sal o‘tmay dasturxondagi tansiq ne’matlarga hammadan oldin goh qizning o‘zi qo‘l urishi, goh onasi unga olib berishi o‘tirganlarning xafsalasini pir qildi.
…Metro vagonida baland ovozda gaplashib borayotgan qizlarning ruscha, inglizcha, unda-munda o‘zbekcha so‘zlar qorishiq suhbatidan kimdir ajablanar, kimning ensasi qotardi. Men kulimsirab ularga yaqinlashib:
– Assalomu alaykum, uzr, gaplaringizni bo‘ldim, – dedim. – Qizlarjon, baland ovozda hammaga eshittirib gapirish chiroylimas-da… Yana… – deganimcha qoldim. Menga «Kimsan o‘zi?» deganday qaragan qizlar shart o‘girilib, «piq-piq» kulib nari ketishdi…
Bugun mamlakatimizda yoshlar istagan xorijiy tillarni, ilmu fanni chuqur o‘rganishi, iqtidori to‘liq namoyon bo‘lishi uchun har doimgidan ko‘proq e’tibor berilyapti, g‘amxo‘rlik qilinyapti, qator tadbirlar amalga oshirilyapti.
Farzandi kelajakda taniqli olim, arbob, san’atkor, sportchi… bo‘lishi orzusida yosh bolalarini turli maktablar, to‘garaklar, mashg‘ulotlar, ustozlarga olib borishdan vaqtini ham, mablag‘ini ham ayamayotgan ota-onalar soni kundan kunga ko‘paymoqda. Bu – quvonarli hol. Faqat unutmaylik, chet tilini «suv qilib ichayotgan», zamonaviy fanlarga boshi bilan sho‘ng‘igan, xalqaro tanlovlarda g‘oliblikka intilayotgan har bir o‘g‘il-qizimiz tanlagan sohasining yetuk mutaxassisi sifatida xalqqa, Vatanga sidqidildan xizmat qilishi avvalo atrofidagilarga hurmat-ehtiromli, shirinso‘z, oqibatli, e’tiborli, saxovatli, samimiy bo‘lishiga, ya’ni odamiylik fanini o‘rganib uqqani va unga nechog‘li amal qilishiga – ma’naviyatiga bog‘liq.
Shuning uchun o‘g‘il-qizlarimiz aqlini peshlaydigan, o‘tkir qiladigan bilimlarni o‘rganishi barobarida ularning qalbini hayotga, Vatanga samimiy muhabbat bilan bezaydigan, fe’lu atvorini insonsevarlik nuri bilan yoritadigan fazilatlar sohibi etish avvalo otaonalarning, shuningdek, jamiyatning hamisha dolzarb vazifasidir.
Muhtarama ULUG‘OVA