YUKSALISH SIRLARI

Yoki zamonaviy personologiya fani xususiyatlari

Har bir inson o‘z hayoti mobaynida muntazam ravishda shaxs sifatida yuksalib borishni xohlaydi. Bunday intilish insonning ichki tabiatida mavjud. Buning uchun sog‘lom turmush tarzi qoidalariga rioya qilish barobarida boshqa bilimlardan ham foydalanish zarur. Dunyoviy va diniy ilmlar bilan bir qatorda psixologiya fani shular jumlasidandir. Psixologiyaning maxsus «shaxsni yuksaltiruvchi psixologiya» deb nomlangan yo‘nalishi mavjud bo‘lib, u XX asrda nihoyatda rivojlandi. Ko‘plab yangi shaxs nazariyalari yaratildi. Shaxsni yanada chuqurroq va batafsilroq o‘rganishga bag‘ishlangan yangi personologiya («person» – shaxs va «logiya» – fan so‘zlaridan olingan) fani shakllandi. Hozirgi davrda ushbu fanga doir inson ongosti ijobiy (pozitiv) zaxiralarining xususiyatlari, uning tuzilishi hamda ularni faollashtirish orqali inson manfaatlarini qondirish yo‘llarini oydinlashtirishga bag‘ishlangan ko‘plab adabiyotlar nashr etilgan. Ularda ifoda etilgan izlanishlarning maqsadi insonning yuksalishini jadallashtirishdan iborat. Bu maqsadni amalga oshirishning ikki yo‘nalishi tafovutlanadi:

A) Insonning o‘ziga o‘zi tomonidan yuksalishga undovchi ta’sirning ko‘rsatilishi (yuksalishga undovchi ta’sir ko‘rsatilishi ilmiy tilda motivatsion ta’sir ham deyiladi).

B) Insonga psixolog yoki boshqa mutaxassis tomonidan motivatsiyaviy ta’sir ko‘rsatilishi.

A yoki B yo‘nalishlaridagi tadbirlar insonning ruhiyati, tanasi yoki vujudi bilan bog‘liq tarkibi hamda uning ijtimoiy tarkibini yuksaltirishga qaratilgan bo‘lishi mumkin. Bu tadbirlarda quyidagi maqsadlar ko‘zda tutiladi:
– inson organizmi rezervlarini mustahkamlash va uni sog‘lomlashtirish;
– kasalliklarni profilaktika qilish;
– kasalliklarni davolash;
– yoshlarning ilm olish, kitob va boshqa ilmiy va hamda badiiy manbalarni o‘qishga qiziqishini oshirish;
– korxonalardagi xodimlarning o‘z kasbiy mahorati va muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishga intilishini oshirish;
– oilani mustahkamlash va farzandlar tarbiyasini yaxshilash.
– odamlarning shaxs ma’naviyati, shu jumladan, insonparvarlik tamoyili talablariga zid, istiqbolsiz yo‘llarga kirib qolish holatlarining oldini olish;
– yoshlarning tadbirkorlik faoliyati, jismoniy tarbiya va sportga qiziqishini orttirib, ularning yangidan-yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishini ta’minlash.

Har bir inson yuksalishining negizida uning ong osti zaxiralar fondining biror qismi faollashib, ro‘yobga chiqishi yotadi. Bu fond ong soha fondi singari bevosita insonning xohish va irodasini bajarmaydi. Ya’ni zaxiralardan biror narsa faollashib, u ro‘yobga chiqishi uchun ma’lum bir qoidalarga rioya qilish talab etiladi. Bu fond haqidagi tasavvurimizni oydinlashtirish maqsadida obrazli taqqoslash uslubidan foydalanish mumkin. Har bir insonda xuddi «Zumrad va Qimmat» ertagidagi yerto‘laga o‘xshash zaxira bor deyish mumkin. Bu zaxira nihoyatda ulkan bo‘lib, u o‘z navbatida ikki bo‘limdan iborat: ijobiy (pozitiv) va salbiy (negativ). Mazkur bo‘limlarni esa ertakdagi ikkita sandiqqa o‘xshatsa bo‘ladi. Eslab qolish uchun qulaylik hosil qilish maqsadida pozitiv sandiqni oq, negativini esa qora sandiq deb nomlaymiz. Oq sandiqda sog‘lomlik, yuksalish, xursandchiliklar, tinch-totuvlik, moddiy va ma’naviy boyliklar joy olgan. Qora sandiqda esa buning aksi mavjud. Ikkala sandiqqa olib boradigan maxsus alohida-alohida (pozitiv va negativ) yo‘llar ham bor. Ikki sandiq orasida masofa bor. Bu masofada motivatsion kuch joylashgan. Bu kuch juda ulkan bo‘lib, uni taniqli psixolog olim K.G. Yung «kollektiv ongsiz soha» deb ta’riflagan. Bu kuch ba’zi manbalarda «sirli kuch» ham deyiladi va u «Alovuddinning sehrli shamchirog‘i» ertagidagi juda qudratli devga ham o‘xshatiladi.

Motivatsion kuchni butun jahon miqyosida hozirgi davrgacha yashab o‘tgan hamda hozirgi davr­da yashayotgan insonlar individual zaxiralarining yig‘indisi deb tasavvur qilish mumkin. Agar inson o‘zining ong osti zaxira fondining pozitiv bo‘limidagi ne’matlarni faollashtirib, ularni ro‘yobga chiqarmoqchi bo‘lsa, u uch kalitdan yoki ularning birortasidan foydalanishi kerak. Bu kalitlarning birinchisi pozitiv bilimlar, axborotlar, fikrlar, tasavvurlar, tamoyillar bo‘lib, ularni mujassamlashtirib kognitiv, ya’ni bilish va tafakkur sferasining pozitivliklari deyish mumkin. Ikkinchi kalit inson ruhiyati tarkibiga kiruvchi hissiyotlar va iroda sferasining pozitivliklaridan iborat. Bularga minnatdorlik, shukronalik hissiyotlari, insonning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadining ijobat bo‘lishiga ishonch hissiyoti, o‘z vaqtida to‘g‘ri qarorlar qabul qilish, shijoatlilik, qat’iyatlilik, irodalilik, hayotdan mamnunlik, undan zavqlanib hamda lazzatlanib yashash, mehr-oqibat, muhabbat va sadoqat kabi pozitiv hissiyotlar kiradi. Uchinchi kalit esa inson ruhiyati faoliyat sferasining pozitivliklaridir. Bularga esa jismoniy faollikning har xil turlari kiradi. Birinchi navbatda, ko‘zlangan ezgu orzu yoki maqsad yo‘lida faoliyatda bo‘lish. Maqsadning biror bosqichini yoki bo‘lagini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan intilishlar ham shunga kiradi. Shular bilan bir qatorda jismoniy tarbiya mashqlari va sport, toza havoda sayr qilish, tez yurish mashqlari, ma’naviyatni yuksaltiruvchi hamda qadriyatlar va urf odatlar bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etish, o‘zi hamda jamiyat uchun foydali bo‘lgan faoliyatlar ham muhim ahamiyatga ega.

Ruhiyatshunoslik yo‘nalishidagi mutaxassislar o‘z kundalik mehnat faoliyatlarida asosan 1, 2 va 3-kalitlardan foydalanishadi. Mutaxassisga murojaat qilgan inson muammosining ijobiy yechimi asosan uning ong osti zaxiralari fondida deyish mumkin. Agar yordam so‘rab murojaat qilgan insonda negativ sandiq, qandaydir sababga ko‘ra ochilib qolib, undan biror kasallik yoki boshqa noxushlik chiqa boshlagan bo‘lsa, mutaxassis uni mahkamlab berkitadi. Pozitiv sandiqni esa yaxshiroq ochib, kerakli zaxiralarning ro‘yobga chiqishiga yordam beradi. So‘ng esa, har-bir insonga o‘z pozitiv zaxiralaridan samaraliroq foydalanish yo‘llari bo‘yicha zarur bilimlarni beradi.

Psixologiya va uning nazariy zamini, platformasini tashkil qiluvchi personologiya fanlari inson hayoti, uning baxt va istiqbollarini belgilovchi bilimlar orasida muhim o‘rin tutadi. Ular yuqorida biz tomonimizdan keltirilgan obrazli taqqoslashimizdagi pozitiv sandiqni ochish uchun zarur uchta kalit bilan insonni ta’minlashga yordam beradi. Lekin ko‘p manbalarda ta’kidlanishicha ushbu kalitlar o‘z nazariy zaminlari bo‘yicha zamon talabiga javob bera olmayapti. Xususan, personologiya fanida shaxs tarkibining birlamchi yoki bosh­lang‘ich birligi nima, degan savol bor.

Ushbu savolga to‘g‘ri javob berib, shu fikrga asoslangan shaxs nazariyasini taklif etish jahon miqyosida hozirgi davrgacha amalga oshirilmagan. Mavjud ilmiy adabiyotda shaxs­ning birlamchi tarkibi, ya’ni uning strukturasining boshlang‘ich elementini belgilashda shaxsning subbirligi degan termindan foydalaniladi. Misol uchun, imorat strukturasining subbirligini g‘isht deyish mumkin. Chunki bir necha yuzlab g‘ishtlar birlashib, devorni hosil qiladi. U esa imoratning ma’lum bir funksiya­sini nisbatan mustaqil ravishda bajaradi. Inson organizmining subbirligini hujayra deyish mumkin. Lekin, hujayra shaxsning subbirligi bo‘la olmaydi. Chunki shaxs biosotsial voqelik hisoblanadi.

Oddiyroq qilib aytganimizda, uning ijtimoiy tarkibiga hujayra subbirlik bo‘la olmaydi. Ma’lumki, dunyoni o‘rganishda olimlar uning iloji boricha maydaroq, elementarroq zarrachalarini ochishga, ularning o‘zlariga xos xususiyatlarini ixtiro qilib, yangi kashfiyotlar yaratishga intilayapti. Personologiya fanida esa hozirgacha shaxs strukturasi masalasida ikkita yo‘nalish tafovut etiladi. Bulardan biri elementalizm, ikkinchisi esa xolizmdir. Birinchi yo‘nalishdagi olimlar taklif qilgan nazariyalarda shaxsni maydaroq tarkibiy birliklarga ajratish asosida uni o‘rganilgan bo‘lsa, ikkinchi yo‘nalishdagi olimlar esa, shaxsni yaxlitligicha o‘rganishni ta’kidlaydi. Ularning har biri shaxs va jamiyat hayoti hamda taraqqiyoti uchun misli ko‘rilmagan darajada qimmatli va bebaho bizga qolgan merosdir. Shu bilan birga, ularning ba’zilari shaxs qirralarining ma’lum bir tomonlarini ochib bersalar, boshqalari esa boshqa qirralariga oydinliklar kiritadi.

Yana o‘qing:  Olimlar aql-idrokning nasliy ekanligini aniqlashdi

Shuning uchun ba’zi ilmiy manbalarda personologiya faniga integ­rallik yetishmayapti degan fikr ham bor. Integrallik deganda yagona, birdam nazariy zaminga tayangan ravishda ishlash nazarda tutiladi. Hozirgi davrda ko‘pgina davlatlarda personologlar uch xil yo‘nalishda ishlayapti. Bular psixoanalitik, bixevioristik, ekzistensial-gumanistik yo‘nalishlardir. Ushbu uch yo‘nalishning nazariy zaminlari, xususan, shaxs strukturasi va uning tarkibiy subbirliklari haqidagi bilimlar tizimi ham bir-biridan sezilarli darajada tafovut qiladi. Nazariy zamindagi zaifliklar haqida fikr yuritganda quyidagi uch holat e’tiborimizni o‘ziga tortadi:

– shaxs strukturasi haqidagi bilimlar tizimi uning imkon qadar birlamchi, elementar tarkibiy birliklariga asos­langan bo‘lishi maqsadga muvofiq;
– shaxs tarkibiy birliklarining xususiyatlari, ularning harakati va taraqqiyoti qonuniyatlari bilan ob’yektiv tashqi dunyo, ya’ni tabiatning ob’yektiv qonunlari o‘rtasidagi bog‘lanish yoki umumiyliklar ko‘rsatib berilishi kerak;
– yuqoridagi ikki shart bajarilgan taqdirdagina hosil bo‘lgan bilimlar tizimi mavjud shaxs nazariyalari o‘rtasida bog‘lovchi, integrallik vazifasini bajara olishi mumkin.
Bunday bilimlar tizimi yaqqol va konkret bo‘lgani sababli mutaxassislar tomonidan ham, 7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan har bir inson tomonidan ham osonlik bilan o‘zlashtirib olinadi. Natijada bir tomondan aholining psixologlarga murojaat qilishi ko‘paysa, ikkinchi tomondan, har bir insonning o‘ziga-o‘zi yuksaltiruvchi psixologik motivatsion ta’sir ko‘rsatishining samaradorligi ortadi. Mazkur fikrlarni mujassamlashtirib, har bir inson o‘zining yuksalishini samarali ravishda jadallashtirishi uchun, shaxs strukturasi haqidagi hozirgi zamonaviy ilm-fan yutuqlarini o‘zida mujassamlashtiruvchi bilimlar tizimiga, ya’ni shu haqdagi tushunchaga ega bo‘lishi maqsadga muvofiq. Buni oddiyroq qilib, shaxs strukturasi masalasidagi ilmiy savodxonlik bilan insonning yuksalish jadalligi o‘rtasida o‘zviy bog‘lanish bor deyish mumkin.

Bu bilimlar tizimi har bir insonning o‘z ijobiy zaxiraviy imkoniyatlari hamda yuksak istiqbollari haqidagi ishonch va tasavvurini mustahkamlaydi. Ular psixologik motivatsiya bo‘yicha o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarning ta’sirchanligi va samaradorligini oshiradi. Natijada insoning kamolot sari yuksalishiga jadallashtiruvchi ta’sir qiladi.

Insonning yuksalishi uchun zarur bo‘lgan personologiya fani uning ichki tabiatidagi har xil qirralarni alohida alohida ravishda yoritib beruvchi o‘nlab shaxs nazariyalari to‘plamidan iborat edi. Bu bilimlarni mujassamlashtiruvchi, standartlashtiruvchi integrallik yetishmayotgan edi. Bu holat bir tomondan mutaxassislarning samarali faoliyat ko‘rsatishiga, ikkinchi tomondan esa, xalqimizning psixologiya fani XIX, XX, XXI asrlarda erishib kelayotgan buyuk yutuqlardan bahramand bo‘lishiga kuchli to‘siq edi. Bu nazariya kelajakda zamonaviy personologiya fanini ta’lim jarayoniga kiritish istiqbolini ochishi shubhasiz.

Abduvali NOSIROV,

Yana o‘qing:  MUZLATILGAN SUV

psixoterapevt

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: