STRESS – BU NIMA VA U BILAN QANDAY KURASHISH KERAK?
Baxt onlari sayohatning oxirgi bekati emas – o‘zi(mi?)
O‘z afzalligi va kamchiligiga ega oddiy odamman. Har kuni barcha kabi turli darajali stresslarga uchrayman. Atrofdagi voqealarga ta’sirlanishni nazorat qila boshlaganimdan so‘ng yomon kayfiyat va o‘zgalarga salbiy munosabatim kamayib bordi.
Aslida stress – bu nima degan savolga javob izlab uni kuch sarflash, siqilish, bosim, tushkunlik deb o‘zimcha talqin etdim. Ilmiy til bilan aytganda, u odamni qo‘rqitgan, g‘azablantirgan yoki unga tahdid qilgan biror narsaga tananing jismoniy, ruhiy, hissiy va kimyoviy ta’sirlanishi degan qarorga keldim.
Ko‘p odamlar stressni bartaraf qilishga qaratilgan harakatlarning amalga oshirilmasligi organizmimiz va ruhimizga qanday zarar keltirishini tushunadi va biladi. Aslida stressdan qutulish oson, eng muhimi – istak. Oddiygina xohishning o‘zi yetarli emas, butun vujud bilan buni istash kerak. Ushbu niyat ham ongda, ham ong ostida, hattoki mushaklarda, ya’ni butun tanada rivojlanishi lozim. Dangasalik va hamma narsani keyinga qoldirish odati dahshatli oqibatlarga olib keladi.
Biz oila qurganimizdan so‘ng, farzandlar tug‘ilgach hayotimiz yaxshi bo‘lib ketadi, deb o‘zimizni o‘zimiz ishontiramiz. Keyin bolalarimiz u yoki bu ishni qilgani uchun xafa bo‘lamiz, kattaroq bo‘lganda hammasi o‘zgaradi, deb o‘ylaymiz. Keyin o‘smir bo‘lganda, munosabatlari bizga yoqmaydi. Katta bo‘lganidan so‘ng hammasi joyiga tushadi, deb ko‘ngilga taskin beramiz. Xo‘sh, biz qachon yashaymiz? Axir hech narsaga qaramasdan baxtli bo‘lish to‘g‘risida qaror qabul qilishning o‘zi yetarli-ku. Demak, bolalar tug‘ilishi, katta bo‘lishini kutish shart emas. Har bir ondan mazmun ahtarib baxtiyor yashashga intilish lozim. Baxt onlari bebaho, u sayohatning oxirgi bekati emas, aslida sayohatning o‘zi.
Sabablar nimalarda ko‘rinadi?
Ish joyida bevosita mehnat majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq holda olingan yoki olinayotgan stress – kasbiy stress deb ataladi. Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, majburiyatlari bilimi, ko‘nikma va kasbiy mahoratiga mos kelmaydigan, hamkasblari va rahbariyati tomonidan shiddatli tazyiq ostida bo‘lgan hamda kuchi yetmasa ham qiyin vaziyatga qarshi chiqayotgan xodimlar kasbiy stressga duch keladi.
Stress holatiga tushish tabiiy bo‘lsa-da, ammo u sog‘lig‘imizga jismonan va manan salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishning samaradorligini pasaytiradi, bevosita yoki bilvosita tashkilot maqsadlariga erishish xarajatlarini oshiradi. Shuning uchun rahbar xodimlariga o‘zlarini xotirjam va dadil his qiladigan ish sharoitlarini yaratishi lozim.
Biroq stress ijobiy mohiyatga ham ega bo‘lishi mumkin, degan fikr ham mavjud. Ya’ni murakkab vaziyat tufayli kelib chiqqan stress barcha kuchlarni uni hal etishga safarbar etishga turtki berishi va inson rivojlanishida yangi bosqich ochishi mumkin.
Stressning turlari ko‘p bo‘lib, holdan toyish ham, ma’naviy jarohatlanish ham juda og‘ir oqibatlarga, hattoki o‘limga olib kelishi mumkin. Ko‘pchilik xollarda sog‘liq yomonlashuvining asosiy sababi ishdagi beqarorlikdan muntazam ravishda stress holatida bo‘lish, ishni yo‘qotishdan qo‘rqish, tegishli vazifalarni bajarishdagi qiyinchiliklarga duch kelish, kasbdoshlar bilan tarang munosabatlarda bo‘lishlikdir.
Organizmga ta’siri
Stress uch darajada namoyon bo‘ladi – aql, fikr, tuyg‘ular. Avval ma’lumot intellektual ishlovdan o‘tadi (ong va ong osti), so‘ng tuyg‘u paydo bo‘ladi (kuchli yoki zaif) va oxirida bu jarayonlar jismoniy darajada mustahkamlanadi.
Mushaklar kuchlanishini bartaraf qilish bolalikdan barchaga ma’lum: barmoqlar charchaganda biroz siltab, dam olamiz. Ayrim mushaklar – bu siqilgan jag‘lar, tarang qorin, orqa mushaklari hech qanday zaruriyatsiz tarang bo‘lishi mumkin. Taniqli nemis psixologi Kurt Rayx bu ahvolni «mushak sovuti» deb nomlagan. U dam olishni bilmagan, ya’ni stressni bartaraf qila olmaydigan odamlarda paydo bo‘ladi. Mushak taranglanishi odamning ma’lum psixologik muammolarini aks ettirib, salbiy hissiyot va amalga oshirilmagan istaklar natijasida paydo bo‘lgan qoldiq alomatlardir.
Bo‘yin va bosh sohasida og‘riqlar bilan kuzatiladigan osteoxondroz, aksariyat holatlarda mushak siqilishi hisobiga keng tarqalgan. Kompyuter oldida o‘tirib ishlaydigan odamlar soni ko‘payishi bilan bemorlar soni keskin o‘sdi. Boshimizni qay holatda ushlashimiz bilan butun organizm ishi bog‘liq. Bo‘yin ikkita asosiy asab markazini birlashtiradi: bosh miya va orqa miya. Zamonaviy tibbiyotda bunday formula mavjud: «Bosh miya hujayralari tirik bo‘lguncha odam tirik hisoblanadi». Bu mazmunda boshni tepa ushlashni tavsiya qilgan xalq zakovati yangi amaliy ma’noga ega bo‘ladi.
Gavdani to‘g‘ri tutish esa barcha ichki a’zolarning o‘zaro to‘g‘ri joylashishini ta’minlaydi. Kishi o‘zini boshga ilgak bog‘langandek tasavvur etishi, ilgakka arqon bog‘lanib, kimdir ushbu arqonni tepaga tortayotgandek his etishi lozim. Har safar bukchayganda shuni o‘ylab tanani tik tutsa, bu yaxshi samara beradi.
Kayfiyat qanchalik ijobiy bo‘lsa, shunchalik stressga kam duchor bo‘laman, salbiy hissiyot esa – stress garovidir, deb harakat qilish lozim. Aslida har kuni salbiy tuyg‘ularga duch kelamiz. Masalan, kun jonga tekkan budilnik tovushidan boshlanadi, so‘ng ommaviy transportda yo‘l, singan poshna, yomon ob-havo va hokazo. Va ko‘plab odamlar g‘azablangan ahvolni, ya’ni stress holatini hayot qonuni sifatida qabul qilishadi.
Inson miyasi haqiqiy xavfni tuyulgan xavfdan ajratmaydi, shuning uchun har safar vaziyat xavfli tuyulganda, u haqiqiy xavfga ta’sirlanganday ta’sirlanadi. Atrofdagi vaziyatlar qancha ko‘p dushmanlarcha ko‘rinsa, shuncha ko‘p vaqt davomida organizm jangovar tayyorgarlikda bo‘ladi. Surunkali stress – to‘liq xavf vaziyatida doimo bo‘lish natijasidir.
Organizmimiz mustahkam va chidamli, u tiklanishda katta imkoniyat va qobiliyatlarga ega, ammo buning uchun ong aniq va to‘g‘ri ishlashi kerak. Boshimizda bo‘layotgan barcha jarayonlar, bizning fikrlarimiz, tasavvurimiz holatimizga ta’sir ko‘rsatadi, bu ongdan tashqari, avtomatik rejimda amalga oshiriladi.
«Ijobiy vizuallash» deb nomlangan texnika mavjud, u salbiy tuyg‘ulardan qutulishga yordam beradi. Biror bir yoqimli voqeani, masalan, sevimli odam qilgan sovg‘ani eslaganimizda, bunday xotiralar ta’sirida organizm eng yaxshi tuyg‘ularni eslaydi va bundan o‘zini yaxshi seza boshlaydi.
Aksariyat hollarda biz salbiy hodisalarni eslaymiz. Masalan, rahbar bilan yoqimsiz suhbatdan 2 soat o‘tib ketsa-da, hamon ushbu vaziyat ta’siri ostida bo‘lamiz va natijada organizm ham salbiy hissiyot ostida bo‘ladi.
Eslaganda ko‘z oldimizga kelgan timsollarni kuchaytirish va stress bilan kurashish uchun ishlatish mumkin. Bunday paytda o‘rindiqqa qulay ahvolda o‘tiring. Ko‘zingizni yuming, chuqur nafas oling va chiqaring. Siz o‘zgartirishni istagan salbiy vaziyatni tasavvur qiling. Uni yana bir boshdan kechiring, o‘shanda sezgan barcha narsalarni eslang.
Endi vaziyatni o‘zgartiring. Unga boshqa rang bering. O‘zingizga kerak yo‘nalishga almashtirib, ijobiy natijaga erishing.
Yana bir bor chuqur nafas oling. Ko‘zlarni oching va tabassum qiling! Bir narsani aslo unutmang, ya’ni optimist har qanday qiyinchilikda imkoniyatlarni ko‘radi, pessimist har qanday imkoniyatda qiyinchilikni topadi!
Qarshi kurash: nima qilmoq joiz?
Shifokorlarning so‘zlariga qaraganda, ofis xodimlarining salomatligiga turli xil negativ omillar salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu gipodinamiya (mushak faoliyatining yetishmasligi, mushaklar qisqarish kuchining kamayishi), haddan ortiq aqliy zo‘riqish, noto‘g‘ri ovqatlanish va uyqu yetishmasligidir. Natijada, jismoniy sog‘liqning yomonlashuvi (bel va bo‘yin mushak-skelet og‘riqlari, ko‘rishning yomonlashishi, koronar yurak kasalligi, varikoz) va «Emotsional yemirilish»da namoyon bo‘lgan «Ofis sindromi» rivojlanib boradi. Kasallikning oxirgi alomatlariga hissiy holatni bir xil darajada saqlay olmaslik, o‘ta charchash, ishga hamda hamkasblar bilan muloqot olib borishga befarqlik vujudga kelishi kiradi.
Vaziyatni xolisona baholash uchun muntazam ravishda ish va dam olishni yanada yaxshiroq tashkillashtirib, vaqti-vaqti bilan bir faoliyatdan boshqa faoliyatga o‘tishga urinib ko‘rishimiz lozim. Ya’ni stressni paydo qiluvchi omillarni mumkin qadar qisqartirish kerak.
Stressga qarshi kurashning «Simptomatik» usullariga ta’sir davomiyligi cheklangan dorilarni ichish kiradi. Asabiylashish, xavotirlanish, uyqusizlik, o‘ta hissiyotlarga beriluvchanlik alomatlarining oldini oladigan dori vositalari bilan davolash nevrologlar amaliyotida oldindan qo‘llab kelinmoqda. Dori kasallik simptomlarini kamaytirish bilan birga umumiy ish samaradorligini ham pasaytiradi, uyquga olib keladi. Faqatgina shifokorgina stress bilan kurashishda samara beradigan, kundalik hayot ritmi va ishdagi sog‘lom faoliyatni saqlab qoladigan foydali to‘g‘ri vositani tavsiya qila oladi.
Toza havoda sayr qilish, to‘g‘ri ovqatlanishga rioya qilish, bir kunda kamida sakkiz soat uxlash (uyquning kamligi organizm holati va uning ishchanligiga, aqliy faoliyat va ruhiy sog‘liqqa ta’sir qiladi), ichkilik va chekishdan voz kechish, toza havoda sayr kilish usullarini qo‘llash juda foydalidir.
Bu kabi ko‘rsatmalarga amal qilganingizdan keyin ham ishingizdan norozilik, shu bilan bog‘liq asabiylashish bo‘lsa yoki aksincha loqaydligingiz oshib ketsa, o‘z turmush tarzingizni mantiqan o‘zgartirganingiz ma’qul.
Nodira KARIMOVA