Ta’limga yangicha yondashuv yuksak samara beradi
Mamlakatimizda barkamol avlodni tarbiyalash, ularni ertamizning munosib vorislari bo‘lib kamolga yetishishlari borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar bugun o‘z samarasini bermoqda. Zamonaviy qiyofada qad rostlagan maktablar, barcha jihozlarga ega keng va yorug‘ sinf xonalarda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning erishayotgan yutuqlariga chindan-da havas qilsang arziydi.
Oqdaryo tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi tasarrufidagi 53 ta umuta’lim maktabi va bitta ixtisoslashtirilgan hamda bitta Bolalar musiqa va san’at maktabida tahsil olayotgan o‘quvchilarga zamon talablari asosida yetarlicha shart-sharoitlar yaratilgan. Joriy yilda Loyish shaharchasida Bolalar va o‘smirlar sport maktabining yangi binosi qurilib foydalanishga topshirilgani, 11-, 31– umuta’lim maktablari davlat dasturi asosida to‘liq ta’mirlangani yoshlar uchun chinakam sovg‘a bo‘ldi. Tumandagi maktabgacha ta’lim muassasalarida tarbiyalanayotgan kichkintoylarga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan ularning ota-onalari mamnun bo‘lmoqda.
Tuman xalq ta’limi muassasalari faoliyatini metodik ta’minlash va tashkil etish bo‘limi mudiri Toshturdi Alqarov ta’lim sohasida olib borilayotgan ishlar xususida shunday deydi: – Tumandagi ta’lim dargohlarida pedagogik tajribalarni takomillashtirish tizimi yo‘lga qo‘yilganligi natijasida o‘tgan davr mobaynida 32 nafar o‘qituvchi “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibi, tajribali pedagog S.Umarqulov “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. 2-, 20– umumta’lim maktablari biologiya fani o‘qituvchisi H.Turdiyeva hamda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchisi L.Nabiyevalar “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichida faxrli o‘rinni egallagan bo‘lsa, 6-maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi M.Oltibekova “Yil tarbiyachisi” respublika ko‘rik-tanlovida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Malakali o‘qituvchilarning sa’y-harakatlari bois ko‘plab yoshlarimiz ko‘rik-tanlovlar va bellashuvlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Joriy yilda 18-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Malika Tolliboyeva fan olimpiadasining viloyat bosqichida ona tili va adabiyot fani bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 28-maktabning 7-sinf o‘quvchisi Dilnoza Eshimova fransuz tili fanidan “Bilimlar bellashuvi” viloyat bosqida birinchi, respublikada esa ikkinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. 45-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktabining 8-sinf o‘quvchisi Fotima G‘ofurova biologiya fani bo‘yicha “Bilimlar bellashuvi”ning respublika bosqichmda uchinchi o‘rinni egalladi. G‘olib o‘quvchilarning mazkur fanlar bo‘yicha o‘qituvchilari “O‘zbekiston Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Prezidentimizning “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida maktablarda yangi pedagogik texnologiyalar asosida elektron dars ishlanmalarini, multimedia darslarini qo‘llash, lingofon xonalarida o‘tilayotgan saboqlar qo‘l kelmoqda. Shu bois ham bolajonlarning til o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqi baland.
Ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga fan sirlarini o‘qitish bilan birgalikda sport to‘garaklari ham tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu to‘garaklar yoshlarni chiniqtirish bilan bir qatorda ularning sog‘ligini mustahkamlash borasida ham muhim ahamiyatga ega. So‘nggi uch yil mobaynida tumandagi maktablarning o‘quvchilari turli sport musobaqalarida 24 ta medalni qo‘lga kiritdi. Moskva va Boku shaharlarida bo‘lib o‘tgan yunon-rum kurashi bo‘yicha xalqaro musobaqalarda Ilhom Bahromov, Jahongir Ziyoevlar kumush medal sohibi bo‘ldi. Qirg‘izistonda o‘tkazilgan Osiyo birinchiligida 42 kg.vazn toifasida Ilhom Bahromov birinchi o‘rinni egallab, Osiyo chempioni nomiga sazovor bo‘ldi. Sportning yunon-rum kurashi bo‘yicha oqdaryolik sportsevar o‘quvchilar hamisha peshqadamlar safida. Bo‘lib o‘tgan xalqaro musobaqalarda 6 nafar o‘quvchimiz 1-o‘rinni, uch nafari 2-o‘rinni, besh nafari esa 3-o‘rinni egalladi.
O‘quvchilarning sportda erishayotgan bunday yutuqlarida oqdaryolik mashhur sport ustasi, 1-Bolalar va o‘smirlar sport maktabida yunon-rum kurashi bo‘yicha yoshlarga saboq berib kelayotgan tajribali murabbiy O‘rol Ziyoevning munosib ulushi bor. Mehribon ustoz “1 oktyabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami arafasida yurtimizning yuksak mukofoti II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
Birgina bu emas. Mamlakatimiz mustaqilligining 22 yilligi munosabati bilan Prezidentimiz Farmoniga ko‘ra 45-ixtisoslashtirilgan iqtidorli bolalar maktabining informatika fani o‘qituvchisi Dilorom Mamasharipova “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangani oqdaryolik ta’lim fidoyilari mehnatiga berilgan munosib bahodir.
Darhaqiqat, ertamizning munosib vorislari bo‘lmish o‘quvchi-yoshlarni buyuk ajdodlarimizning munosib davomchisi bo‘lishga, mustaqillik bergan keng imkoniyatlardan unumli foydalanishga, ularning iste’dod va salohiyatini yuzaga chiqarishda bugunning o‘qituvchisi zimmasiga yuksak mas’uliyat yuklangan. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasining buyrug‘iga asosan “Yo‘l harakati yosh nazoratchilarning slyoti” va “Quvnoq qoida” musobaqalarining viloyat bosqichida g‘oliblikni egallagan tuman o‘quvchilari ustozlari boshchiligida yana yangi ko‘rik-tanlovlarga hozirlik ko‘rishmoqda.
Obodlik, avvalo ko‘ngildan boshlanadi. Buni dildan anglagan oqdaryolik ta’lim fidoyilari va ularning shogirdlari ilm maskanlarining ko‘rkamligi borasida ham hamisha faol. Har bir sinf uchun ajratilgan yer maydonidagi ko‘kalamzorlashtirish ishlari to‘rt faslda ham davom etadi. Shu bois ham bilim maskanlari o‘rtasida o‘tkazilgan “Eng obod ta’lim muassasasi” ko‘rik-tanlovining tuman bosqichida ishtirok etgan bir qator maktablarning ish faoliyati hakamlar tomonidan yuqori baholandi. Mazkur ko‘rik-tanlovda birinchi o‘rinni egallagan 25-umumta’lim maktabi jamoasi tanlovning viloyat bosqichida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Ta’lim maskanlarida barkamol avlodni tarbiyalash, ta’lim va tarbiyani uyg‘un ravishda olib borish, milliy g‘urur, vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirishga qaratilgan tadbirlar, uchrashuv va davra suhbatlari muntazam tashkil etilmoqda. Mazkur tadbirlar nafaqat o‘quvchilar bilimini mustahkamlashga, balki ularni mustaqil hayotga tayyorlash borasida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tumandagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan turli fan, sport to‘garaklarida 11 ming 200 nafardan ziyod o‘quvchi-yoshlar jalb qilingan. Ayniqsa, to‘qish, tikish, zardo‘zlik, quroqchilik kabi turli to‘garaklarda yoshlar o‘z ustida ishlash bilan bir qatorda hunar sirlarini ham qunt bilan egallashmoqda.
Xalqimiz orasida “Qiz bola – odobi bilan go‘zal”, degan naql bor. Ta’lim maskanlaridagi “Orasta qizlar” to‘garagi a’zolarining olib borayotgan ishlari tahsinga loyiq. Ular nafaqat o‘z maktablarida, balki hududdagi mahallalar obodligi borasida ham faollikni qo‘ldan bermay kelishayapti. Tuman va viloyat bosqichida o‘tkazilayotgan turli ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, yuqori o‘rinlarni egallayotgan orasta qizlarga ko‘pchilik havas qiladi.
Maktablardagi “Salomatlik burchaklari” bolajonlarning tibbiyotga oid bilim-ko‘nikmalarini boyitib, ularni ijodkorlikka ham chorlamoqda. Chunki o‘quvchilarning tibbiyotga oid devoriy gazetalari, fotoalbomlari, shifobaxsh giyohlardan tayyorlagan gerbariylari “Salomatlik burchagi”ni yanada boyitmoqda.
Biz esa o‘quvchilarning iste’dodi va salohiyatini yuzaga chiqarishda, ta’lim mazmuni va sifatini zamon talablari darajasida tashkil etishda bosh-qosh bo‘layotgan oqdaryolik ustozlar va ularni shogirdlarining kelgusi o‘qish va ishlarida ulkan zafarlar tilaymiz.
Faxriddin NURMUHAMMEDOV,
Samarqand viloyati