Deraza ortidagi dunyo

O‘tirib olib derazadan tashqariga qaragan kishi imoratlarning tomlari, daraxtlarning shoxlari, osmonning bir cheti, yerga qoziqday qoqilgan simyog‘och ustunlari, ularga osilib olgan elektr simlari, ba’zida qanot qoqib uchib o‘tgan qushlarni ko‘rishi mumkin. Oynai jahonni hisobga olmaganda, butun boshli dunyodan atigi shulargina ko‘zga tashlanadi, xolos.

Derazadan tashqarida esa biz shu paytgacha chopib-chopib ishga, bozorga, qavmi-qarin­doshnikiga borgan ko‘chalar mung‘ayib qol­gan. Mashinalar bir zum bo‘lsin tinim bil­may qatnagan asfalt yo‘llar sanjoblashgan. Odamlar bir-biri bilan masofa saqlagan, farzandi yo nabirasidan telefonda hol-ahvol so‘ragan, aka-ukasini sog‘insa-da borishga is­tihola qilgan, masofadan ishlayotgan xodim­lar ishdagi hamkasblariga kuch-quvvat, sog‘lik tilagan, ularni qo‘msagan, sog‘ingan.

Garchi bularning hammasi vaqtinchalik tad­bir bo‘lsa-da, bunday kunlarning har daqiqa­si saboq, sinov. Har bir kishi uchun, har bir xalq uchun sinov. Ehtimol, bu xatolarimiz­ni to‘g‘rilab olish uchun imkondir ham. Kim­dir bu sinovni qabul qilyapti, tartiblarga amal qilyapti. Eng bexavotir joy har kim­ning uyi ekanini his etyapti. Aksincha yo‘l tu­tayotganlar ham bor.

Ana shunday sinovli kunlarda uyidagi eng tansiq narsalarini mehmoniga ilingan sa­xiy xalqimizning asl farzandlari yuzaga chiqayapti, homiy degan nom ostida himmat ko‘rsatishyapti. Sinovli kunlarda el bir-bi­rini suyayapti. Tadbirkorlar, fermerlar, fuqarolar oziq-ovqat mahsulotlari, tib­biy niqoblar, antiseptik vositalar tarqa­tishyapti. Ibrat bo‘lishyapti.

Har na bo‘lganda ham koronavirus deganla­ri biz ungacha yashagan kunlarimizning qadri­ni ko‘rsatib berdi. Hayotimiz naqadar go‘zal, osoyishta, naqadar erkin, tinch bo‘lgan ekan. Yashayotgan har bir kunimiz uchun shukur degan so‘zni aytishga tilimiz aylanmagani uchun xi­jolatga soldi. Olamga derazadan qarashning qanchalar azobligini ko‘rsatib qo‘ydi.

Tibbiyot xodimlarini aytmaysizmi? Biz ular haqida nimalar demadik? Hatto qo‘l ko‘tarishgacha bordik. Aslida guruch ichidagi kurmak qaysi bir sohada yo‘q. Ammo eng og‘ir damda ular qahramonlik ko‘rsatishyapti. Pre­zidentimiz ularni misoli jang maydonida ishlashyapti, deb aytdilar. Qo‘llarimiz duo­da, Allohdan panoh so‘rab, avvalo Xudo deb hamma ulardan najot kutyapti, umid qilyapti.

Rivoyat qilishlaricha, Hazrat Sulaymonning uzuklarida: “Bu dunyoda hamma narsa o‘tkinchi”, degan so‘zlar o‘yib yozilgan ekan. Eng qayg‘uli damlarida shu hikmat u kishiga taskin bergan.

Inson ham dunyoga derazadan qarab qol­maydi, bu kunlar albatta o‘tadi. O‘shanda faqat tani sihatlik va xotirjamlik, bexavotir yashash, bir-birimiz bilan erkin muloqot qilish, istagan joyga bamaylixotir borish naqadar katta baxt ekanini his eta olsak bo‘lgani.

Yana o‘qing:  INTERNET

Bugun esa uyda eng yaxshi hamroh – kitob. Uyda qoling va kitob o‘qing.

Lola O‘ROQOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: