Uch daryodan suv ichgan ummon
Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada bo‘lib o‘tgan anjuman shu nom bilan nomlandi.
1989 yil 21 oktyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi alohida qonuni qabul qilindi va bu har yili yurtimizda o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun sifatida keng nishonlanadi.
Bu yil ham turli jamoat muassasalarida, maktablarda, kutubxonalarda, klinikalarda ona tilimizga bag‘ishlangan qizg‘in tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Qonunga asosan eng muhim qadriyatlardan biri hisoblangan til qonun darajasida huquqiy asosga ega bo‘ldi. Bu qonun bilan o‘zbek millatining ma’naviyatini, ruhiyatini, qadrini ko‘rsatadigan muhim omil, ya’ni tilning maqomi huquqiy mustahkamlandi. Mazkur huquqiy asos orqali yangi shakllanayotgan davlatning, hukumatning, uning rahbarining elga, yurtga nisbatan e’tibori, ehtiromi namoyon etildi.
Til har bir millatning ulkan boyligi, benazir qadriyati va bebaho mulki hisoblanadi. Har bir xalq, har bir elat, o‘zi hurmat va ehtirom qiladigan tilga ega. Tilda ana shu tilning ijodkori bo‘lgan xalq, elatning tarixi va madaniyati aks etadi. Ayni zamonda, til ijtimoiy taraqqiyotda ulug‘vor ahamiyat kasb etadi. Til – har bir millat o‘zligining ajralmas belgisidir.
Bugun Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonasida «O‘zbekiston Respublikasining Davlat tili to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilinganligining 28 yilligi munosabati bilan “Uch daryodan suv ichgan ummon” deb nomlangan anjumanda ham 150 nafardan ziyod Toshkent shahar umumta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchilari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari hamda adabiyot shaydolari ishtirok etdilar.
Tadbirga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Shukur Qurbon moderatorlik qildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, taniqli shoiralar Adiba Umirova, Gulchehra Shahobiddin qizi so‘zga chiqdilar va o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdilar.
Qizg‘in va mazmunli o‘tgan ushbu tadbirda o‘quvchilar hamda adabiyot muxlislarining she’rlari va fikrlari tinglandi.
Maryam Ahmedova