NISHONA
Bog‘imiz etagida bir necha yil avval ekilgan bir tup nokimiz hayriyatki, parvarishdan so‘ng endigina hosilga kiribdi. Nok ko‘chati ham juda nozik bo‘lar ekanmi, deyman dam gullamaydi, dam gullarini to‘kib yuboradi, ba’zida esa bahorning biroz injiqliglariga araz qilib, mitti mevalarini bir to‘kib berib, kishini dog‘da qoldiradi. Biz uchun esa hamisha mevaning ta’mi sirligicha qolaverardi. Hali ulg‘aymagan bo‘lsada, shu nozik tanasi shunday hosilga kirganki, ko‘rib ko‘zing quvonadi.
Iyun oylari edi, hosil pishib yetilishiga barvaqt bo‘lsada, mevalarning chiroyi, oftobda yaltirashi artmasdanoq meni yegin, deydi tushmagur! Nishonani ko‘rdimu, beixtiyor bolaligim yodimga tushdi. Toshkent shahrining Beshyog‘och dahasida bobomning uyi bo‘lardi. Keyinchalik katta yo‘l tushishi sababli u yerlar buzilib, aholi esa boshqa yerlarga ko‘chirildi. Eski hovlimiz fayzi, chiroyi hali ham ko‘z oldimdan ketmaydi. Bobomning katta, keng hovlimizga qadamagan gullari-yu, ekmagan daraxt ko‘chatlari bo‘lmasdi. Turli xildagi mevali daraxtlaru, anvoi gullar bilan burkangan uyimizga bir kelgan inson yana kelib ketishga orzumand bo‘lardi. Bobom daraxt va gullarni ayricha mehr bilan parvarishlar, ko‘chadan turli xil yumushlar bilan horib kelgan kezlari darhol bog‘ga oshiqib, goh daraxtlar poyiga sharbat berib o‘g‘it solar, goh gullarga suv quyib tagini chopiq qilar, xullas, ko‘p vaqtlarini tabiat quchog‘ida o‘tkazib, qilgan mehnatidan zavqlanardi. Men va ukalarim bobomning shijoatidan ruhlanib unga yordamlashardik. Shu bilan tabiatni sevib, uni ardoqlash hissi bolaligimizdan shakllanib borardi. Bobom mehribon, saxiy va kamgap inson edi. Ammo yerga ishlov berish, gul-ko‘chat ekish, nihollarini parvarishlash, ularni asrash borasida dadam, onam, buvim, hatto biz — kichiklarga ham qattiqqo‘l va talabchan edi. Bobom har safar, “Har bir giyoh va daraxtlar sen va men kabi yashaydi, his qiladi va joni og‘riydi. Ularga aziyat berish, zulmdir! Nabotot olamini qanchalar sevib ardoqlasang, Ollohdan senga shafoat so‘raydi, shunda ishingda rivoj va baraka bo‘ladi, bolam!” — deb ko‘p bora uqtirardilar. Hayotda nafaqat inson taftini inson, balki odam charchog‘i va dardini ona tabiat o‘zining lomakonsiz bag‘riga tortib insondagi g‘uborini so‘rib olar ekan. Ba’zida bobom hovli etagidagi ko‘p yillar davomida “sirdosh” bo‘lib qolgan shotut daraxtini quchganicha biroz tin olib, poyida bir nimalarni shivirlab daraxt bilan “hasratlashardi”.
U kunlarning fayzi bo‘lak, gashti o‘zgacha edi. Bobomning yoru birodarlari, har safar uni yo‘qlab, o‘sha “qadrdon” azim tutning poyida o‘rnatilgan supada yig‘ilishib, gurung qilishar, ba’zida uzundan-uzoq suhbatlardan charchab biroz mizg‘ib ham olishardi. Hovlimiz etagida keksa, navqiron daraxtlar bilan birgalikda hali yosh, endigina hosilga kirishga taraddudlanayotgan ko‘chatlar ham tizilishib ko‘kka bo‘y cho‘zgan.
Bir kuni buvijonim meni yoniga chorlab, “Qizim hovli etagidagi nok nishona solibdi. Yana hosilni ukalaring, dugonalaring bilan xomligicha uzib qo‘ymagin-a, uni pishib yetilgandan so‘ng, hamma bilan birgalikda baham ko‘rish kerak”, — dedi. Buvijonimning muloyim, nasihatomuz so‘zlariga bolalarcha sabr qilolmay, gaplari oxiriga yetmasdanoq, darhol savol berdim.
– Buvijon nishona, degani nima o‘zi? Daraxt hosilini erta uzib olsak nima bo‘ladi? — dedim shoshganimcha. Buvijonim boshida ilinib turgan ro‘molini asta to‘g‘irlab oldida, yana so‘zida davom etdi:
– Daraxt ulg‘ayib, quvvatga to‘lganda hosil beradi. Ilk mevasi nishona, ya’ni belgi deyiladi. O‘sh ko‘chat “Men daraxt bo‘ldim, mevalarim bundan nishona, ixlos bilan duo qilib hosilimdan bahramand bo‘ling. Duo qiling-ki, umrimga, hosilimga baraka bersin”, deydi. Dasturxonga tortilgan lazzatli taomga birinchi bor kattalar “bismilloh”, deb qo‘l uzatib iste’mol qilishadiku, shunday ekan nishonani ham birinchi bo‘lib xonadon ulug‘lari tatib ko‘rishlari lozim. Shunda hosilda qut-baraka bo‘ladi. Nishonada hikmat ko‘p, qizalog‘im! Mevasini erta uzib qo‘ysangiz, daraxt meva bermay qo‘yadi, – dedida, nigohlarimdagi bolalarcha ishonch va hayratni ko‘rib meni yana ham so‘zlariga ishontirmoqchi bo‘ldi shekili so‘zlarida davom etdi, – bora-bora daraxt xafa bo‘lib qurib qolishi hech gap emas. Sen shu uyning kattasisan! Shuning uchun daraxtning mevalarini o‘zing nazoratingga olginda ularning dugonalaring, ukalaringni erta uzib qo‘yishidan saqlagin. Bobong ekkan daraxtlarni xafa qildirib qo‘ymagin-a!”.
Har bir voqeaga hayratlanish, har bir gapga ishonish bolalikning sofligi emasmi?!. Buvijonimning so‘zlariga ta’sirlanib, ukalarimni daraxt oldiga yaqinlashtirmaydigan bo‘ldim. Maktabdan kela solib darhol nok nishonasini sanay boshlayman, bir, ikki, uch, to‘rt, besh…
Hayotiy isbot shuki, xonadon kattalari boshchiligida dasturxon atrofida ixlos va duo bilan tanovvul qilingan nok hosiliga baraka yog‘ildi. Sababi, tabiaining har qanday injiqligiga bardosh berib, uylarimiz o‘zgarmagunga qadar shoxlarini egguncha hosili mo‘l bo‘lgan daraxt, go‘yo bobomning qilgan mehnatiga mamnun holda ta’zim bergandek.
Bolalikdagi bu voqealarni yodga olib entikib ketaman. Bobom va buvimning bizlarga qo‘llagan kichik «siyosat»lari kelajakda katta hayotiy saboq bo‘ldi. Sababi, bolalik kezlarimda tushunmagan NISHONAning mazmun-mohiyatini, endi-endi tushunganday bo‘laman.
Oila – muqaddas qo‘rg‘on. Undagi har bir odat va an’analar milliy va azaliy qadriyat hisoblanadi. Oilada berilgan tarbiya va intizom hamisha benazr va mustahkam. Undagi berilgan saboqlarni hech bir ta’lim dargohlaridan uchratmaysiz. Qachon oila mustahkam va baxtli bo‘ladi? Qachonki, bu dargohda milliy, umuminsoniy qadriyatlar ulug‘lansa. Xonadonimizning qut-barakasi hisoblanmish bobo-buvilarimiz esa ana shu ezgu oilaviy udumlarni kelajak avlodga yetkazuvchi davomchilar hisoblanadi. Birgina nishona orqali kattalarimiz biz bolalarga inson va tabiat bir butunligini, hali pishib yetilmagan daraxtiga osilib, mevalaridan kattalar ruxsatisiz yeyish kabi xunuk odat ekanligini anglaymiz. Ehtimol bu insonlarga oddiy ko‘rinar, ammo bola hayotni oddiy narsalardan tasavvur qila boshlaydi. Darxt mevalarini o‘z boshimchalik bilan emas, aksincha, uni dasturxon atrofiga keltirib oila a’zolari bilan baham ko‘rish oqibatida oila a’zolarning orasida birdamlik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlar ham qadr topadi. Kattalar hurmat va e’zozda bo‘lgan xonadonda hamisha qut-baraka arimaydi. Zero, xalqimiz “Qari bilganini pari bilmaydi”, degan naqlni bejizga aytmagan.
Ma’rifat TOLIPOVA