Bolada immunitet pasaysa… (davomi)
Organizmda turli yallig‘lanish jarayonlari kuzatiladi
Organizmni chiniqtirish uchun nima qilish kerak?
Har kuni ochiq havoda tez-tez sayr qilish, uch yoshdan oshgan bolalarni suv havzalarida cho‘miltirish, ularning badanini oftobda toblash zarur. Shuningdek, go‘daklarni maxsus badantarbiya mashqlari bilan chiniqtirish, fizioterapiya davolash usuli ham bolalar immunitetini ko‘taradi. Umumiy uqalovchi mashqlar shifokor tavsiyasi bilan amalga oshiriladi.
Shu kabi tabiiy usullar bilan bolani sog‘lomlashtirish uning organizmiga faqat ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Bolani yoz kunlari chiniqtirib borilsa, kasalliklarga qarshi vujudi chidamli bo‘ladi.
Go‘dakka O‘RVI va gripp yuqsa uni zudlik bilan shifokorga ko‘rsatish shart. Zarur muolajalarni olish uning tezda sog‘ayib ketishini ta’minlaydi.
Xonalarni tez-tez shamollatib turish ham kerak. Shuningdek, bola organizmini tabiiy ravishda chiniqtirishga alohida e’tibor berish zarur. Uni ko‘chaga olib chiqqanda burniga oksolin malhami yoki sterillangan o‘simlik moyi surish maqsadga muvofiqdir.
Yilda bir-ikki marotaba yoz kunlari bolani tog‘ yonbag‘irlariga olib borish, toza havoda ko‘proq dam olishi uchun sharoit yaratish uning sog‘lig‘i uchun foydali.
2 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun havo vannasini qo‘llash mumkin. Dastlab chaqaloqni 1-2 daqiqa davomida kiyimlarini yechib, yalang‘och holda tabiiy tolali mato ustiga yotqizib qo‘yiladi. Xona harorati 18-200 S dan past bo‘lmasligi lozim. Havo vannasining muddati har kuni 1 daqiqaga ko‘paytirib boriladi. Bu muolajani qo‘llashdan avval go‘dakning umumiy ahvoli hisobga olinishi kerak. Buning afzallik tomoni shundaki, chaqaloq organizmi tashqi muhitga tez moslashadi.
Vitaminlar
Tarkibida A, S vitamini bo‘lgan mahsulotlar immunitetni ko‘tarish xususiyatiga ega bo‘lib, uni bolalar va kattalar ko‘p iste’mol qilishlari lozim.
A vitaminining organizmdagi asosiy vazifasi immun tizimini boshqarish va ko‘rish qobiliyatini me’yorlashtirishdan iborat. Asosan baliq mahsulotlari A vitamini bilan to‘yingan bo‘lib, uning bolalar organizmi uchun o‘rni beqiyosdir. Tuxum, jigar va sut mahsulotlarida ham A vitamini bor.
S vitamini organizmdagi tashqi ta’sirlar ostida kirib kelgan mikroblarga qiron keltiradi hamda immunitetni nazorat qiladi. Gripp va O‘RVI yuqqanida S vitaminiga boy mahsulotlardan iste’mol qilish, uni tezda bartaraf etadi. Asosan sitrus mevalarida, na’matak tarkibida S vitamini birmuncha ko‘p.
Qadimdan xalq tabobatida isiriq solib qaynatilgan suvda bolani tez-tez cho‘miltirib turish foydali hisoblangan. Shu tariqa gripp va O‘RVI kabi kasalliklarga barham berilgan. Baliq moyi va baliq tarkibida A vitamini ko‘p miqdorda bo‘lib, organizmni immun tizimini mustahkamlashda asosiy rol o‘ynaydi. Shu sababli bolaning kundalik taomnomasiga baliqli mahsulotlardan qo‘shish maqsadga muvofiqdir.
Sedana moyi yoki uning urug‘i immunitetni oshirishda boshqa mahsulotlardan yuqori turadi hamda me’da-ichak tizimi faoliyatini yaxshilaydi. Bodom moyi ovoz paylarini sozlashda yordam beradi hamda tomoq og‘rig‘ini qoldiradi. Uning moyini ichish yoki tomoq og‘riganda tomoqqa iliq qilib surish mumkin.
Unutmang!
Ushbu mahsulotlarni 3 yoshdan kichik bo‘lgan bolalarga berish mumkin emas. Har bir organizm individual bo‘lib, allergik reaksiya berish ehtimoli mavjud. Shuningdek, chilla yara (diatez) kasali bilan og‘rigan va teri kasalligi mavjud bolalarga ham ushbu shifobaxsh aralashma tavsiya etilmaydi.
Xalq tabobatida immunitetni ko‘tarish usullari
1 osh qoshiq na’matak, 1 choy qoshiq moychechakni 1 stakan qaynagan suvga damlab qo‘yiladi. 15-20 daqiqadan so‘ng suzib olinadi. Ovqatdan 30 daqiqa avval yarim piyoladan 3 mahal ichiladi.
1 ta limonni po‘stlog‘i bilan maydalab, 8 dona mayda to‘g‘ralgan sarimsoqpiyoz bo‘lakchasi bilan aralashtiriladi va shisha idishga solinadi hamda ustidan qaynagan sovuq suv quyiladi. Bu aralashma muzlatgichda to‘rt kun davomida saqlanadi. Nahorga 1 osh qoshiqdan iste’mol qilinadi.
200 gramm anjir, 200 gramm turshak, 200 gramm qora mayiz, 2 dona limon maydalanib, so‘ngra bu mevalar 1 stakan asal bilan qo‘shib aralashtiriladi. Hosil bo‘lgan shifobaxsh aralashmani shisha idishga solib muzlatgichda saqlanadi. Immunitet tushib ketganda, farzandingiz tez-tez kasalga chalinsa iste’mol qilishi mumkin. Har kuni ertalab va kechqurun 1 osh qoshiqdan och qoringa tanovvul qilinadi.
Immunitetni ko‘taruvchi mahsulotlar
Qora sedana – infeksiya qo‘zg‘atuvchi viruslarga qiron keltiradi, immun tizimini ko‘taradi. Piyoz – viruslarni o‘ldiradi. Sarimsoqpiyoz – gripp va O‘RVIning oldini oladi. Na’matak damlamasi tarkibidagi S vitamini ko‘p miqdorda bo‘lib, qon tomirlar devorini mustahkamlaydi. Apelsin tarkibida S vitamini ko‘p. Limon va asal – organizmda kechayotgan yallig‘lanish jarayonlarini davolaydi va immunitetni ko‘taradi. Qizil sabzi – qonni ko‘paytiradi, immunitetni mustahkamlaydi va ko‘rish qobiliyatini oshiradi. Sholg‘om – shamollashning oldini oladi hamda bartaraf etadi. Qizil lavlagi – qonni suyultiradi. Sut mahsulotlari tarkibidagi lakto va bifido bakteriyalar organizmdagi foydali bakteriyalarni faol holatga keltiradi va immun tizimini mustahkamlaydi. Ichaklarni zararli mikroblardan tozalaydi.
Nargiza UGLAMOVA tayyorladi