Fan oyligi – o‘quvchilar bilimini boyitadi
Kitob – bilim manbai. Unga mehr qo‘ygan bola zukko, nutqi ravon bo‘lib o‘sadi. Ayni kunlarda respublikamizning barcha maktablarida ona tili va adabiyot fani bo‘yicha o‘tkazilayotgan fan oyliklari bolajonlarning dil mulkini boyituvchi kitob mutolaasi borasida ham qo‘l kelmoqda.
Ta’lim maskanlarida fan oyligi doirasida ko‘plab ko‘rik-tanlovlar, qiziqarli bellashuvlar o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 102-maktabda mazkur oylikning yopilishga bag‘ishlangan “Til – millat ko‘zgusi” mavzusida o‘qituvchilar va o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkazilgan tadbirning shahar bosqichi ko‘plab iqtidor egalarini kashf etdi. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 121-umumta’lim maktabining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Muhabbat Amonova “Eng yaxshi elektron dars ishlanma”si bilan II o‘rinni egallagan bo‘lsa, shogirdi 6-sinf o‘quvchisi Dilora Nuritdinova mazkur tanlovda “Eng yosh qalamkash” nominatsiyasini qo‘lga kiritdi.
Muhabbat Amonova yangi pedagogik texnologiyalar asosida multimedia darsliklarini qo‘llash orqali o‘quvchilarga bilim berish borasida o‘ziga xos tajribaga ega. Ta’lim maskanida ona tili va adabiyot fani bo‘yicha o‘tkazilayotgan fan oyligida ham jonbozlik ko‘rsatayotgan ustoz yosh mutaxassislarga bosh-qosh bo‘lmoqda. O‘quvchilar o‘rtasida “Kitob eng yaqin do‘st”,”Men sevgan qahramon”, “Kim ko‘p kitob o‘qidi?” mavzularidagi bellashuvlar bolajonlarning og‘zaki nutqini o‘stirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Jamila HAYDAROVA