Servitamin mahsulotlar qish zahrini kesadi
Qishning quruq va sovuq shamoli ta’sirida teri rangining o‘zgarishi, uning dag‘allashishi va qurishi, hatto, yorilishi kuzatiladi. Bu yerda ikkita salbiy omil o‘zaro ta’sirga kirishadi.
Bir tomondan sovuq havo sababli tomirlar torayadi. Ikkinchi tomondan organizmda moddalar almashinuvi sekinlashadi. Natijada ushbu holat organizmning energiyaga va vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojini oshiradi. Biz qishda meva va sabzavotlarni kuzdagiga qaraganda ancha kam iste’mol qilamiz. Oqibatda bu davrda immun tizimi susayib, yuqori nafas yo‘llari kasalliklariga chalinish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Shunga qaramay, qishda dorixonalarga shoshilmay, quyidagi maslahatlarimizga e’tibor berishni tavsiya qilamiz.
Bu davrda organizmning vitaminlarga bo‘lgan ehtiyojini tabiat bergan ne’matlardan oqilona foydalanish orqali to‘ldirishga harakat qiling. Servitamin taomlar, darmondorilarga boy oziq-ovqat mahsulotlaridan iste’mol kilishga odatlaning. Meva qoqilaridan tayyorlangan sharbatlarni ko‘proq iching.
Meva va sabzavotlardan tayyorlangan tabiiy sharbatlar organizm uchun nihoyatda foydalidir. Uning tarkibi mineral tuzlar, pektin moddalar va kletchatka hamda vitaminlarga boy hisoblanadi. Ayniqsa, o‘rik, olma, olxo‘ri, nok, pomidor, uzum, sabzi sharbatlari tarkibida temir, kaliy, R, S darmondorilari mo‘l bo‘lib, ularni har kunlik taomnomaga kiritsangiz, foydadan xoli bo‘lmaydi. Bu sharbatlar xushta’m, yengil hazm bo‘luvchi foydali ichimliklardir.
Uy sharoitida sharbatlar seret meva-sabzavotlardan tayyorlansa ularda foydali moddalar shunchalik mo‘l bo‘ladi. Shuning uchun bolalarga sharbatlarni o‘zingiz tayyorlab berganingiz ma’qul. Yana qishning sovuq kunlarida limon va malinali hamda smorodina(xo‘jag‘at)li issiq choy va kompotlar ichish tanaga quvvat beradi. Meva va sabzavotlarni xomligicha yeyishni tavsiya etamiz.
Sabzavot va ko‘katlar (karam, lavlagi, sabzi, kartoshka, yashil salat bargi, ko‘k no‘xat, ko‘kpiyoz, rediska) qo‘shib tayyorlangan salatlar ishtahangizni ochish bilan birga, tanangizni foydali ozuqaviy moddalar bilan ta’minlaydi.
Qish mavsumida insonga nafaqat kuch-quvvat baxsh etuvchi, balki uning mijozini isituvchi taomlar ham zarurligini tabiblar qadimdan yaxshi bilgan. Shu bois, sovuq kunlarda oqsillar, yog‘lar, karbon suvlar, mineral moddalar, darmondorilarga boy oziq-ovqat mahsulotlarini tanovul qilish kerak. Ayniqsa, ertalab nonushtaga turli xil yorma donlar (suli, tariq, grechixa, mosh, loviya, no‘xat)dan tayyorlangan bo‘tqalardan iste’mol qilish foydali.
Kuzda ekilgan ismaloq, ko‘kpiyoz, sarimsoqpiyoz va boshqa ko‘katlar hamda ziravorlar qo‘shib pishirilgan taomlar qish mavsumida ham kattayu kichik tomonidan sevib yeyiladi. Bundan tashqari ular organizmni zarur moddalarga to‘yintiradi va uni xiltlardan tozalaydi.
Nafaqat qish mavsumida, balki yil bo‘yi salomat, bardam-baqquvat bo‘lib yurishingiz uchun sut-qatiq, jigar, qora non, baliq mahsulotlari, dukkakli yorma donlar taomnomangizdan ko‘proq o‘rin olishi maqsadga muvofiqdir.
Ushbu mahsulotlar tarkibidagi V guruh vitaminlari xotirani kuchaytirish bilan birga, asab tizimining yaxshi faoliyat yuritishini ham ta’minlaydi. Tarkibida S vitamini mo‘l bo‘lgan limon, apelsin, mandarin, kivi, na’matak hamda Ye darmondorisi mavjud bedana tuxumi va kungaboqar yog‘i organizmni turli infeksiyalardan saqlovchi, miya faoliyatini yaxshilovchi ozuqalardir. Yong‘oq, yeryong‘oq, mayiz, turshak va olma qoqilarini xalqimiz azaldan xush ko‘rishi esa bu mahsulotlarning nihoyatda foydali ekanligidan dalolat beradi.
O‘rik qoqi(turshak)dan tayyorlangan sharbat yurak og‘rig‘i, nafas yo‘llari yallig‘lanishi, ko‘kyo‘tal, isitmasi bor odamlarga g‘oyat foydali. Shuningdek, gripp va O‘RVI(o‘tkir respirator virusli infeksiya)lar bilan og‘rigan bemorlarning tezroq oyoqqa turib ketishlarida shifobaxsh ta’sir etadi.
Sayyora MULLAYEVA,
Salomatlik va tibbiy statistika instituti tashkiliy-uslubiy bo‘limi uslubiyatchi shifokori