TANLOV YAKUNLANDI
Sil xastaligining xavfi butun insoniyatga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Har yili dunyo bo‘ylab, 8 milliondan 10 milliongacha bo‘lgan odamlarda shu kasallik kuzatilgan. Yer yuzida 2 millionga yaqin kishi ushbu xastalik qurboniga aylanishmoqda.
O‘zbekiston sharoitiga keladigan bo‘lsak, mamlakatimizda bu kasallikka qarshi kurashda bir qancha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Natijada sil bilan og‘rigan bemorlar soni 1,5 barobar kamaygan.
Yaqinda “Poytaxt” biznes markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, OITSga qarshi kurashish markazi, Respublika DOTS markazi, “Projekt HOPE — The People to Peopple Health Foundation” fondi hamda Jurnalistlarni qayta tayyorlash xalqaro markazi bilan hamkorlikda jurnalistlar uchun “OIV, sil va giyohvandlik haqidagi materiallarni OAVda yoritilishi” mavzusida joriy yilda o‘tkazilib kelinayotgan seminarning yakunlovchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, joriy yilda tanlov uch bosqichda bo‘lib o‘tib, Respublikamizning turli OAVlardan tashrif buyurgan yuzga yaqin jurnalistlar ishtirok etishib, tanlovning hay’at a’zolariga mavzuga oid bir yuz ellikka yaqin turli ko‘rinishdagi materiallar taqdim etishdi. Hay’at a’zolarining e’tiroficha, tanlovning bu bosqichida taqdim etilgan materiallarning mazmun-mohiyati, rang-barangligi bilan o‘tgan bosqichdagi taqdim etilgan maqolalarga nisbatan ancha salmoqli.
Navbatdagi bosqichda 30 ga yaqin jurnalistlar ishtirok etib, birinchi o‘rin “Fermer” jurnalidan Shahribonu Imomovaga, ikkinchi o‘rin “Turkiston — press” axborot agentligidan Manzura Bekjonovaga, uchinchi o‘rin esa “Angren haqiqati” gazetasi xodimi Almira Mustafinaga nasib etdi.
Tanlovning o‘tkazilishidan maqsad OAVlarda mavzuga oid materiallarni kengroq yoritib, aholi o‘rtasida bu borada tibbiy savodxonlikni oshirish hisoblanadi.
Mohira AHMADJONOVA