Dastlabki g‘alaba!
Futbol bo‘yicha 2015 yili Avstraliyada bo‘lib o‘tadigan Osiyo kubogi yo‘llanmasi uchun o‘tkazilgan saralash bahslarida O‘zbekiston milliy terma jamoasi dastlabki g‘alabasini nishonladi.
«Ye» guruhidan o‘rin olgan O‘zbekiston Osiyo kubogi yo‘llanmasi uchun Birlashgan Arab Amirliklari, Gonkong va Vetnam milliy terma jamoalari bilan o‘zaro kurash olib bormoqda.
Uchinchi turda O‘zbekiston hamda Vetnam terma jamoalar maydonda o‘zaro kuch sinashishdi. Qiziqarli kechgan ushbu bahsda 3:1 hisobi qayd etildi va o‘zbekistonlik futbolchilarning g‘alabasi bilan nihoyasiga yetdi.
Kutilganidek, O‘zbekiston terma jamoasi ikki hujumchi bo‘lib o‘yinni boshladi va birinchi bo‘limda to‘liq tashabbusni o‘z qo‘lida saqlab turdi. Ammo, gol kiritish baribir ikkinchi bo‘limda yuz berdi.
Zaxiradan o‘yinga tushgan Sardor Rashidov 69-daqiqada hisobni ochishga muvaffaq bo‘ldi. Aleksandr Geynrix bo‘lsa, 74-daqiqada O‘zbekistonning ikkinchi golini kiritdi. Oradan to‘rt daqiqa o‘tib, Xoang Vetnam terma jamoasining bitta javob golini kiritdi. Bunga javoban Igor Sergeev uchrashuvning hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda jamoasining uchinchi golini kiritdi.
Uchinchi tur yakuniga ko‘ra, to‘rt ochko bilan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi 15 noyabrda navbatdagi uchrashuvni yana Vetnam terma jamoasiga qarshi safarda o‘tkazadi.