OSTONASI OLTIN DEYMAN UYIMNI
Oila yurt tayanchi. Mehr-muhabbat beshigi. Munavvar tonglar, nurafshon kunlar, osuda tunlarni oila atalmish muqaddas dargohda qarshi olishimiz uning har bir a’zosi, farzandlarmiz bilan ahil-inoqlikda umrguzaronlik qilishimiz bu bizning tengsiz baxtimizdir. Darhaqiqat, yurtimizda o‘z ijodi bilan el nazariga tushgan, muxlislar qalbidan munosib joy olgan san’atkor oilalar ko‘p. Bugun ana shunday e’tirofga sazovor bo‘lgan ijod sohiblari orasida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tuman Madaniyat va sport ishlari bo‘limi qoshidagi “Qaldirg‘och” namunali an’anaviy sirk jamoasi asoschisi va badiiy rahbari, “Shuhrat” medali sohibi Darvishbek Rahmonovlar oilasi ham o‘z o‘rniga ega.
Darvishbek aka umr yo‘ldoshi Masturaxon opa bilan o‘ttiz yildan ziyod vaqt mobaynida hamfikr va maslakdosh bo‘lib umrguzaronlik qilib kelmoqda. Sirk jamoasi tashkil topishida Masturaxon opaning ham xizmatlari katta. “Qaldirg‘och” jamoasi tashkil topganiga o‘ttiz yildan ortiqroq bo‘lgan bo‘lsada Mastura opa sirk jamoasining deyarli hamma sahna kiyimlarini o‘z qo‘llari bilan bichib tikkan.
Ushbu ahil oilada ikki qiz va ikki o‘g‘il voyaga yetdi. Hozirgi kunda bu oilada shirindan-shakar nabiralar ko‘zni quvontirib ulg‘aymoqda.