37 872 nafar shaxs bu shunchaki raqam emas…
Odamning immunitet tanqisligi virusi oqibatida kelib chiqqan kasallik, ya’ni OIV infeksiyasi bugungi kunda barcha mamlakatlar uchun dolzarb muammoga aylandi. Mazkur xastalikning salbiy ta’siri nafaqat sog‘liqni saqlash tizimiga, balki mamlakatning iqtisodiy xafvsizligiga ham jiddiy xavf tug‘diradi.
Respublikamizda 2018 yilning 1 yanvar holatiga ko‘ra 37 ming 872 nafar shaxs OIV infeksiyasini yuqtirgan. Mamlakatimizda mazkur infeksiya tarqalishiga qarshi kurash samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar izchillik bilan amalga oshirilishi natijasida keyingi yillarda bu boradagi epidemik vaziyat biroz barqarorlashgan. Ushbu infeksiya bilan kasallanganlar soni 2017 yilda 2013 yilga nisbatan 222 nafarga (5 foiz) kamaygan.
So‘nggi yillarda aholining ixtiyoriy ravishda va ma’lum guruhlarni qonun hujjatlari asosida majburiy ravishda laboratoriya tekshiruvlari bilan qamrab olish ko‘rsatkichlari ortdi.
Joriy yilning 1 iyulidan boshlab OIV diagnostikasi bilan shug‘ullanuvchi 63 ta tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalar OITSga qarshi kurash markazlari tasarrufiga o‘tkazildi. 2018 yilning o‘tgan davrida ushbu markazlar tomonidan mahalliy mablag‘lar va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga jami 1,400 mln. so‘mlik 9 turdagi 34 ta asbob-uskuna sotib olib, o‘rnatildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi institutida OIV, gepatit V va S diagnostikasi uchun IFA test-sistemalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Fizikasi instituti qoshidagi “Radiopreparat” Davlat korxonasida test-sistema va diagnostikumlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
OIV infeksiyasi haqida aholining xabardorligini oshirish katta ahamiyat kasb etadi. Xususan, o‘rta ta’lim maktablarida ushbu mavzu maktab o‘quvchilari uchun “Salomatlik darslari” va “Sog‘lom avlod asoslari” o‘quv dasturlari doirasida fanlar tarkibida integratsiyalashgan holda o‘qitilmoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan hamkorlikda tuzilgan rejaga muvofiq, yoshlar o‘rtasida OIV infeksiyasi profilaktikasi masalalari bo‘yicha oliy ta’lim muassasalarida ma’ruzalar o‘qildi. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan OIV infeksiyasining profilaktikasi bo‘yicha soha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanib, amaliyotga tatbiq etildi.
Sa’y-harakatlarga qaramasdan ushbu xastalikka qarshi kurashda bir qator muammolar ham mavjud. Jumladan, OIV infeksiyasi diagnostikasi va bemorlarni davolashda ishlatiladigan diagnostikumlar, test-sistemalar va reagentlar bilan ta’minot uzluksizligini ta’minlash, laboratoriyadagi mavjud asbob-uskunalarni ta’mirlash va har yili ularni metrologik ko‘rikdan o‘tkazish uchun ajratiladigan mablag‘larning yetarli emasligi hamda tumanlararo diagnostik laboratoriyalar joylashgan binolar ta’mirtalab hamda tegishli loyihalarni amalga oshirishda NNT ishtiroki talab darajasida tashkil etilmayotgani kabi vazifalarga yetarli e’tibor qaratilmayapti. Agar ushbu masalalar butunlay hal etilsa, o‘ylaymanki, sohada olib borilayotgan islohotlarning samaradorligi yanada ortadi.
Ma’lumot o‘rnida: BMTning OIV/OITS bo‘yicha dasturi ma’lumotlariga ko‘ra dunyo bo‘yicha ayni paytda 37 million nafar OIV infeksiyasi bilan yashayotgan shaxs hisobga olingan.
Qahramon YO’LDOSHEV,
Respublika OITSga qarshi kurash markazi direktori,
tibbiyot fanlari doktori