Kasbim – faxrim, oilam – baxtim

Bolalikda barchamiz orzular og‘ushida yashaymiz. Ayniqsa, bu davrda “Katta bo‘lsang kim bo‘lasan?” degan savolga javob topish juda mushkul ish. Chunki har gal “reja”lar o‘zgarib boradi.

Men esa katta bo‘lsam, albatta onamdek o‘qituvchi bo‘laman derdim. Volidam Sayyora Majidxodjayeva poytaxtimizdagi 245-umumta’lim maktabida o‘quvchilarga rus tili va adabiyoti fanidan 45 yil saboq bergan. Hozir esa onajonim nabiralari davrasida umrguzaronlik qilmoqda.

U kishini mahallamizdagi yoshu keksa birdek hurmat qilardi. Ko‘cha-ko‘ydan o‘tib qolgudek bo‘lsa, qo‘li ko‘ksida salom berishardi.

Biroz ulg‘aygach, ota kasbiga mehrim tushdi. Dadam Abdumalik Majidxodjayev bosmaxonada uzoq yillar rahbar bo‘lib ishlagan. U kishi ham kitob mutolaasini sevardi. Har bir kitobni chop etishdan avval sinchiklab o‘qib chiqardi. Tun yarmidan og‘ganda ham xonasidagi chiroq miltillab turardi.

Bir kuni uyimizda shovqin ko‘tarildi. Onam baqirib yig‘lardi, buvim yordam istab, har yoqqa chopardi. Bilsam, o‘shanda dadamning miya­siga qon quyilgan ekan. Otajonim professor Nabi Majidovning sa’y-harakatlari tufayli yana oyoqqa turdi. Shu voqea sabab kelajakda shifokor bo‘lishga ahd qildim. Qizig‘i, shundan boshqa kasbga mehr qo‘yolmadim.

Poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi kimyo va biologiya fanlari chuqur o‘qitiladigan 81-umumta’lim maktabini 1987 yilda oltin medal bilan tamomladim. So‘ng, 1987-1992 yillar oralig‘ida Toshkent davlat tibbiyot ins­titutida tahsil oldim. Ustozlarim – professor Toshpo‘lat Safarov hamda professor ­Haydar Komilovdan soha sir-asrorlarini chuqur o‘zlashtirdim va ustozlarim rahbarligida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladim. Bilimlarimni hayotga tatbiq etish, bolalik orzum – bemorlar dardiga malham bo‘lish, ularga yordam qo‘lini cho‘zishdek ezgu niyatimga yetishdim.

Ilk faoliyatimni 1-Toshkent davlat tibbiyot instituti (hozirgi Toshkent tibbiyot akademiyasi)ning terapevtik stomatologiya kafedra­sida laborantlikdan boshladim. Keyinchalik assistent, stomatologiya kafedrasida dotsent, Uchtepa tumanidagi 22-oilaviy poliklinikada bosh shifokor muovini, Mirzo Ulug‘bek tumani 1-sonli stomatologoliya poliklinikasi bosh shifokori lavozimlarida samarali mehnat qildim. Hozirda Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-klinikasi bosh shifokori sifatida xalqimizga beminnat xizmat qilib kelmoqdaman. Shuningdek, Prizedent huzuridagi davlat boshqaruv akademiyasida ham tahsil oldim. Rahbarlik borasidagi malakamni oshirdim.

Men faoliyat olib borayotgan Toshkent tibbiyot  akademiyasi 3-klinikasi xorijning ilg‘or tibbiyot muassasalari bilan samarali hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Jumladan, Koreyaning Pusan universiteti, Hindistonning “Zarvadova” tibbiyot markazi, Yaponiyaning Nagoya universiteti klinikasi va yana ko‘plab horijiy markazlar bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Erishgan muvaffaqiyatlarimda qaynonam va turmush o‘rtog‘imning tutgan o‘rni beqiyos. Shifokorlar oilasiga kelin bo‘lganim eng katta baxtim. Yaqinlarim menga ishda ham, farzand tarbiyasida ham yordam qo‘lini cho‘zishdi.

Yana o‘qing:  AJDODLARIMIZ O‘LCHOVLARINI BILASIZMI?

Bugun yurtimizda tibbiyot tizimi rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Sohaning har bir yo‘nalishida ilmiy tekshirish institutlari tashkil etilmoqda, tarmoqlar kengaytirilmoqda. Tibbiyot xodimlarining maoshi oshirilgani soha vakillari faoliyati samaradorligini ortishiga xizmat qilayotir. O‘ylaymanki, bu boradagi ijobiy o‘zgarishlar kelajakda tibbiyot sohasi rivojini yangi bosqichga olib chiqadi.

Dildora Rustamova,

Toshkent tibbiyot akademiyasi 3-klinikasi bosh shifokori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: