Xol hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Ammo u teri saratoni kasalligi sababchisi bo‘lishi mumkin
Ko‘pchilik tanadagi xollarning barchasi xavfli bo‘ladi, deyishadi. Aslida unday emas. Xollar xavfsiz bo‘ladi, lekin ayrim holatlar sabab ular xavfli o‘simtaga aylanishi mumkin. Natijada esa xol teri saratoniga ham olib kelishi mumkin. O‘z vaqtida davolanmaganida esa ular salbiy oqibatlarga olib keladi.
Xollar – terida melanotsitlar (dog‘ paydo qiluvchi hujayralar) ko‘payishi natijasida paydo bo‘ladi. Xuddi shuning uchun ham xollar qo‘ng‘ir yoki qora rangda bo‘ladi, kam holatlarda ko‘kimtir va qizil rangga kiradi. Ularning paydo bo‘lishi nasldan-naslga o‘tadi, lekin xolning miqdori bolalikda va yoshlikda quyoshda ko‘p yurish natijasida kelib chiqadi. Ayollarda esa xol homiladorlik vaqtida organizmda gormonal o‘zgarishlar natijasida ham paydo bo‘lishi mumkin.
Sog‘liq uchun ular hech qanday xavf tug‘dirmaydi. Chunki xol xavfsiz paydo bo‘lgan shish hisoblanadi. Ammo ayrim xollar ma’lum turdagi hujayralardan iborat bo‘lib, teri saratoni kasalligi sababchisi bo‘lishi mumkin. Ular assimetriya, tashqi ko‘rinishi xilma xil va turli rangda hamda vaqt o‘tishi bilan o‘zgaruvchan alomatlarga ega bo‘ladi.
Oddiy xol odatda unchalik katta bo‘lmaydi va doirasimon yoki cho‘ziqroq, bir xil rangda bo‘ladi. Bu alomatlardan birortasi o‘zgarganda, zudlik bilan teri kasalliklari shifokori – dermatolog yoki onkolog mutaxassisga murojaat qilish zarur. Agarda uning atrofida qichishish, og‘riq, yallig‘lanish va qonash alomatlari paydo bo‘lsa, shifokorga borishni paysalga solmang.
Tanasida 40 va undan ko‘p xoli bor odam muntazam ravishda shifokor ko‘rigidan o‘tib, terisi holatini tekshirtirib turishi lozim. Mutaxassislar bir ko‘rishdanoq ularning holatini aniqlay olishadi. Agar shifokorga biror xolning ko‘rinishi yoqmasa ham xavotirga tushishga o‘rin yo‘q. Teridagi ayrim xavfsiz o‘smalarni o‘z vaqtida olib tashlash saraton kasalligining oldini olishga yordam beradi.
Xollarning kattaligiga qarab, uni olib tashlash usullari tanlanadi. Mayda hosilalar igna yordamida o‘yib olib tashlanadi, katta xol skalpel bilan kesib olinib, yara chetlari tikib qo‘yiladi. Lazer yordamida xolni olib tashlash usuli faqat kosmetik maqsadda qo‘llaniladi. Bunda kuydirilgan hujayraning xavfliligini tekshirib bo‘lmaydi va natijada xavfli o‘simta paydo bo‘layotgani ko‘rinmaydi.
Hech qachon o‘zingiz xolni olib tashlashga urinmang! Bu nafaqat xunuk chandiq hosil qiladi, balki terining chuqur qavatlariga hayot uchun xavfli infeksiya tushishiga ham olib kelishi mumkin. Uni oldirgandan keyin ikki hafta davomida sport bilan shug‘ullanmang va jarohat joyiga suv tekkizmang! Qolgan xollaringizni ham ko‘zdan kechirib turishni unutmang!
Nodira RIZAYEVA,
oliy toifali shifokor, dermatolog