Chavandozlarimiz – Markaziy Osiyoda yetakchi
Toshkent viloyatida ot sporti bO‘yicha jaHon kubogining Markaziy Osiyo ligasi III saralash bosQichi bO‘lib O‘tdi
Xalqaro ot sporti federatsiyasi shafeligida O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda mamlakatimiz Ot sporti federatsiyasi tomonidan yurtimizda ot sportini yanada rivojlantirish, chavandozlarimizning tajriba va mahoratini oshirish maqsadida tashkil etilgan musobaqada ellik nafarga yaqin sportchi g‘oliblik uchun kuch sinashdi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida ot sporti ham jadal ravnaq topmoqda. Bu jahon kubogining Markaziy Osiyo ligasi III saralash bosqichi musobaqalarida ham yaqqol namoyon bo‘ldi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi «Allyur» ot sporti klubida o‘tkazilgan jahon kubogi saralash bosqichi –gran-pri bahslarida qatnashgan tajribali chavandozimiz Umid Komilov 140 va 160 santimetr balandlikdagi to‘siqlarni 88,81 soniyada zabt etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Endi sportchimiz 2014 yili bo‘lib o‘tadigan ot sporti bo‘yicha jahon kubogining final bosqichida ishtirok etadi. Qolgan sovrinli o‘rinlar ham sportchilarimiz – Mirzohid Musayev va G‘ayrat Nazarovga nasib etdi.
Markaziy Osiyo ligasi doirasida tashkil etilgan rasmiy musobaqa – «Hamdo‘stlik kubogi» jamoaviy bahslarida Davron Ro‘zimuhammedov, Mirzohid Musayev, Behzod Qurbonov va Avaz Abduhakimovdan iborat terma jamoamiz oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Shaxsiy birinchilikda ham hamyurtlarimiz muvaffaqiyatli qatnashdi. Balandligi 140 va 145 santimetrli to‘siqlardan ot sakratish bo‘yicha chavandozlarimizdan Behzod Qurbonov, Avaz Abduhakimov, Mirzohid Musayev, Oqil Sobirjonov va Davron Ro‘zimuhammedov g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi. 130 va 135 santimetr balandlikdagi to‘siqlarni zabt etishda Avaz Abduhakimov va Temur Sodiqov g‘olib bo‘ldi.
Musobaqa doirasidagi yana bir musobaqa – 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar bahsida Abdulaziz Sobirjonov birinchi, qirg‘izistonlik Komil Sobitov ikkinchi va yana bir iqtidorli sportchimiz Abdushukur Sobirjonov uchinchi o‘rinni egalladi.
Bayram AYTMURODOV,
O‘zA muxbiri