Orzu-havas ko‘yida yoxud nikohdan avvalgi tibbiy ko‘rikning ahamiyati xususida

“Oilada yolg‘iz qizman. Kollejni tugatar-tugatmas onam meni dugonasining o‘g‘liga turmushga bermoqchi bo‘ldi. Oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirish orzuim ekanligini aytishimga qaramay, gapida turib oldi va meni “boyvachcha” dugonasining o‘g‘liga uzatdi. To‘yimiz shunchalik tezlashib ketdiki, hatto FHDYo bo‘limiga borishga ham ulgurmay qoldik. Bu tezlatishlarning “siri”ni to‘ydan keyin tushundim.

Bilsak, turmush o‘rtog‘im giyohvand ekan. Endi dardimni kimga aytishni bilmayman. Chunki bu to‘yning bo‘lishiga o‘zim ham sababchiman. “Nega tibbiy ko‘rikdan o‘tmadik? Nima uchun baxt mendan yuz o‘girdi? Aybim nima?” kabi savollar ich-ichimni kemirayapti. Lekin endi kech…”

Nikohni qayd etishdan avvalgi tibbiy ko‘rikning ahamiyati haqida juda ko‘p gapiriladi. Aksariyat fuqarolar bu masalaga jiddiy yondashmoqda. Biroq, haligacha tibbiy ko‘rikka panja orasidan qarab, orzu-havaslar ko‘yida farzandini aro yo‘lda qoldirayotganlar ham uchrab turibdi. Ba’zi hollarda yigit yoki qizning nasl-nasabi-yu salomatligi, oila qurishga nechog‘lik tayyor ekanligiga ahamiyat qaratmay, sep-sidirg‘asi, quda bo‘lmishlarning hashamdor hovlisi-yu qo‘sha-qo‘sha mashinalariga mahliyo bo‘lib katta ishni boshlagan ayrim kishilar vaqti kelib og‘izlari kuygach, attang qilib qolishmoqda. Bu esa jamiyatimiz oldida turgan jidiy muammolardan biridir.

Aslida nikohdan o‘tuvchi shaxslarning nikoh oldi tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari nafaqat oila salomatligi, balki dunyoga keladigan kelajak avlod sog‘lig‘i uchun ham o‘ta muhim tadbirdir. Shu bois, O‘zbekiston Respublikasi FHDYo organlari tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladigan barcha fuqarolar Oila kodeksiga muvofiq tibbiy ko‘rikdan o‘tishi shart. Nikohlanuvchilarni majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish – ham siyosiy, ham ijtimoiy ahamiyatga ega masala. Buni milliy genofondni mustahamlash sari tashlangan katta bir qadam, deb hisoblash kerak.

Sog‘lom turmushni izdan chiqaradigan irsiy kasalliklarga sabab bo‘ladigan salbiy odatlardan biri yaqin qarindosh-urug‘lar (tog‘avachcha, xolavachcha, amakivachchalar) o‘rtasidagi nikohdir, – deydi Qashqadaryo viloyat “ona va bola skriningi” markazi bosh shifokori Maxfurat Xushvaqtova. – Bizga ma’lumki, kar-soqov va boshqa jismoniy nuqsonlar bilan tug‘iladigan bolalar asosan yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohlangan oilalarda kuzatiladi. Shu sababli yaqin qarindosh-urug‘lar o‘rtasidagi nikoh larga yo‘l qo‘yilmasa, bu kabi salbiy holatlarning oldi olinadi.

Tug‘ma va irsiy kasalliklarning boshlang‘ich profilaktikasida aholi keng tabaqalari, xususan, yoshlarning xabardorlik darajasini oshirish birinchi galdagi vazifadir.

Yana o‘qing:  Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish – istiqboldagi vazifa

Yangi hayot ostonasida turgan aziz yoshlar, hech qachon o‘z hayotingizga, taqdiringizga befarq bo‘lmang. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish, o‘z sog‘lig‘ingiz va bo‘lajak juftingizning sog‘lig‘idan boxabar bo‘lish bilan kelgusida sog‘lom oila barpo etasiz, shu orqali jamiyatimizga har tomonlama yetuk va barkamol avlodni tarbiyalab berasiz. Millat va mamlakat kelajagi, uning ijtimoiy va madaniy salohiyati ayni shu jihatlarga bog‘liq ekanini unutmang.

 

Sh. BOZOROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: