Farmatsevtika: eksport va investitsiya qamrovi ortmoqda
Yaqinda Milliy matbuot markazida “O‘zbekiston farmatsevtika tarmog‘ining rivojlanishida chet el investitsiyalarining hissasi, xususan “Nobel Pharmsanoat” tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur farmatsevtika korxonasi faoliyatiga 50 yil to‘lib, hozirda markaz dunyoning 20 dan ortiq mamlakatida o‘z vakolatxona va sho‘balariga ega. Korxona yiliga 5,5 million quti mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, ayni paytda xalqaro GMP standartiga mos 60 nom va 110 dozada yuqori sifatli dori-darmon mahsulotlari ishlab chiqarmoqda. Korxona tomonidan “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” tamg‘ali mahsulotlar Turkiya, Qozog‘iston, Afg‘oniston va Gruziya davlatlariga eksport qilinmoqda.
Shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘simlik moddalari kimyosi instituti bilan mahalliy shifobaxsh giyohlar negizida dori mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha faol hamkorlik qilmoqda. Ayni paytda korxona tomonidan mahalliy xomashyodan 5 turdagi dori-darmon ishlab chiqarilayotgan bo‘lib, shundan 3 turdagisi xorijga eksport qilinmoqda.
O‘zbekistonning qit’alararo tijorat yo‘llarining kesishgan joyida joylashuvi investitsiyalarni davomiy ravishda kiritilishiga zamin hozirlaydi. Xususan, “Nobel İlaç” firmasining O‘zbekistonga kiritgan umumiy investitsiyalari miqdori 40 miliion AQSH dollaridan ortiq bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat investitsiya dasturidan o‘rin olgan qismi 13,5 million AQSH dollariga teng. 2017 yilning mart oyida O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Turkiyaga safari chog‘ida yana 3 million dollarlik yangi investitsiya shartnomasi imzolashga erishilgan.
Tadbir so‘nggida yangi zamonaviy dori-darmon ishlab chiqarish fabrikasiga media-tur tashkillashtirildi.