Tuyg‘u hayotligi

yoxud hayotiy tuyg‘ular shaffof satrlarda namoyon

Yigirma ikki yildirki, istiqlol davri adabiyoti zabardast ijodkorlar qatorida yosh iste’dodlar bilan boyimoqda. Yaqinda Nigora Yo‘ldoshevaning «Yangi asr avlodi» nashriyotida chop etilgan «Onamday keng dunyo» nomli she’riy kitobi kishida ana shunday tasavvur uyg‘otadi. To‘plam hajman kichik bo‘lishiga qaramay, undagi yorqin satrlar yosh ijodkorning yuksak tuyg‘ularga oshno ekanidan darak beradi.

Ayniqsa, shoira o‘zidagi kechinmalar, orzu-armonlar, Vatan tuyg‘usi, sevgi-muhabbat iztiroblarini samimiy ifodalaydi.

Uning «Kumushbibi nolasi» she’ri chuqur lirizm, yengil istehzo ruhida yozilgani bilan o‘quvchini sohir tuyg‘ular sari yetaklaydi.

U shunday yozadi.

Siz qochoqsiz.

Marg‘ilonning yo‘llaridan

Qochgan begim,

Bizga shuncha begonami

Toshkan begim.

Netay sizning

ko‘zlaringiz ochilmadi.

Bu gulshanning bog‘larida

Shoshgan begim.

Ushbu satrlarda ayol qalbi, undagi dard-iztiroblar, erkalik va noz yengil yumor, nozik qochirmalarga o‘rab, she’riyat muhiblariga armug‘on etilgan. Gul dardini gul bilar deganlaridek, Nigora Yo‘ldosheva she’rlarida ayolni, onani ulug‘laydi. Uning dardlari, quvonchu tashvishlarini chiroyli tashbehlar orqali tarannum etadi.

«Yuragimda onam yashaydi» she’ri ham o‘zining hayotiyligi bilan yurakka yaqin:

Iqbolimni ko‘rsa yayrar,bilaman,

Axir, onam uchun hamon bolaman.

Garchi bugun o‘zim, o‘zim onaman,

Mening yuragimda onam yashaydi.

«Onamday keng dunyo» kitobi Nigoraning adabiyot olamiga o‘z ovozi, o‘z yo‘li bilan kirib kelayotganidan nishona. Uning she’rlaridagi mushohada, falsafiy nigoh o‘quvchini hayot haqida o‘ylashga undaydi.

To‘plamdagi «Yo‘qotish», «Mendan ket», «Sinfdoshlarimga», «Tush», «Erka malak», «Otamning bog‘i» kabi ko‘plab she’rlarida yoshlikka xos jo‘shqinlik o‘z aksini topgan. Mazkur to‘plam kitobxonlarni pokiza tuyg‘ular sari chorlaydi.

Rustam MANNOPOV

Yana o‘qing:  Miroqining nafis nihollari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: