Bu kasb fidoyilikni talab etadi
– Yosh avlodni bilimli, salohiyatli hamda barkamol shaxslar etib tarbiyalash ko‘p jihatdan fidoyi o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu bois ham xalqimiz azal-azaldan ustozlarga yuksak ehtirom ko‘rsatib kelgan.
30 yillik tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki, bu kasb insondan juda katta sabr-toqat, matonatni va fidoyilikni talab etadi. Agar ustozda ana shu sifatlar bo‘lmasa, tanlagan sohasida muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Eng asosiysi, o‘quvchilar mehrini, ishonchini qozona olmaydi.
Joriy yilning 15 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarini zamonaviy maktab formasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga asosan 2018–2019 o‘quv yilidan boshlab davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘quvchilarining qaror bilan tasdiqlangan shakllardagi maktab formasida kelishlari ixtiyoriy, 2019–2020 o‘quv yilidan boshlab esa majburiyligi belgilandi.
Ota-onalarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida tijorat banklariga aholi tomonidan maktab formalarini xarid qilish uchun iste’mol kreditlari ajratish tavsiya etildi.
O‘quvchilarning salohiyatiga, qiziqishiga va fanlarni o‘zlashtirishiga qarab ixtisoslashtirilgan sinflar ochildi. Bolalar o‘zlari qiziqqan fan to‘garaklariga borishlari mumkin. Shuningdek, pedagog kadrlarning mashaqqatli mehnatlarini hisobga olib, ustozlarni munosib rag‘batlantirish, o‘qituvchilarning maoshlarini oshirish, ularga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar berish bo‘yicha Prezidentning “Yoshlarni ma’naviy-axloqiy, ularga ta’lim-tarbiya berish tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Bu kabi yuksak e’tibor o‘quvchilarni chuqur bilim olishga, biz pedagoglarni esa yanada kuch-g‘ayrat bilan mehnat qilishga undaydi.
Fursatdan foydalanib, barcha ustoz-murabbiylarni, o‘quvchilarni Istiqlol bayrami, qolaversa, yangi o‘quv yili boshlanishi bilan samimiy muborakbod etaman.
Inobat HASANOVA,
Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi 62-umumta’lim maktabi ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi