Bugun va kelajakni bog‘lovchi ko‘priklar
Bunday keng ko‘lamli va ezgu ishlar tufayli poytaxtimiz yo‘llarining xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi tubdan yaxshilanmoqda.
…Mana shunday zamonaviy ko‘prikning qisqa vaqtda barpo etilgani mamlakatimizning jadal rivojlanib borayotgani, xalqimiz ulkan yutuq va marralarga erishayotganidan dalolatdir.
Shavkat MIRZIYOYEV
Mamlakatimizda, ayniqsa, poytaxtimizda yildan-yilga transport vositalari soni ortib bormoqda. Bu odamlarimizning turmush darajasi yildan yilga yuksalib borayotganidan dalolatdir.
Shu nuqtai nazardan avtomobillarning xavfsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida yirik ko‘priklar barpo etilmoqda. Shuningdek, shahar qiyofasini butunlay yangilashda, ekologiya nuqtai nazaridan ham muhtasham va zamonaviy ko‘priklarning o‘rni beqiyos.
Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan joyda umumiy qiymati 42 milliard so‘m bo‘lgan transport bog‘lamasi barpo etildi. Bu inshoot, piyodalar o‘tish joyi va olti polosali zamonaviy avtomagistralni o‘z ichiga oladi.
Umumiy uzunligi 900, balandligi 6, kengligi 24 metr bo‘lgan 6 pOlOsali mazkur yo‘l o‘tkazgich “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prik qurilish tresti” unitar korxonasi quruvchilari tomonidan ikki oyda qurib bitkazildi.
Inshootning ikki tomonida piyodalar uchun yer usti o‘tish yo‘lagi barpo etilgan. Yog‘in-sochinli kunlarda himoyalanish moslamalari o‘rnatilgan.
Istiqlol yillarida keng va ravon yo‘llar, zamonaviy yo‘l o‘tkazgich va ko‘priklar qurish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plandi. Ayniqsa, poytaxtimizda bunyod etilayotgan yangi yo‘l o‘tkazgichlar transport vositalarining harakatlanishi uchun qulay imkoniyat yaratish bilan birga, shahar qiyofasini tubdan o‘zgartirmoqda. Yunusobod tumanidagi Bog‘ishamol va Yangi shahar ko‘chalarini tutashtirgan yangi ko‘prik mazkur sohada uzoqni ko‘zlab amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi, deyish mumkin.
Mazkur ko‘prikning asosiy vazifasi Toshkent halqa yo‘li va Amir Temur shoh ko‘chasidan o‘tadigan transport oqimini kamaytirishdan iborat. Ko‘prikning uzunligi 423 metr, balandligi 5,5 metr va kengligi 33 metr. Ushbu inshoot Yunusobod va Mirzo Ulug‘bek tumanlarini bir-biriga ulaydi. Yangi ko‘prik ustida avtomobil harakati uchun 8 qator yo‘lak, ko‘prikning ikki chetida piyodalar uchun keng yo‘laklar barpo etilgan. Yon-atrofdagi maydonlar obodonlashtirilgan, avtobus bekatlari va yer osti piyodalar yo‘lagi barpo etilgan. Shuningdek, Kichik xalqa yo‘li va Farg‘ona yo‘li ko‘chasi kesishgan joydagi yo‘l o‘tkazgich turar joy mavzesini aylanib o‘tib, shaharning sharqiy qismini markaz bilan bog‘laydi. Ko‘prikning eni 30, uzunligi 346 metr bo‘lgan qismi esa rekonstruksiya qilingan. Eni 22, uzunligi 281 metr bo‘lgan qismi yangidan qurildi. Ikki tomonida piyodalar yo‘lakchalari qurilgan. Bu haydovchi va yo‘lovchilarga qulaylik yaratish barobarida harakat xavfsizligini ham ta’minlaydi.
Toshkent shahrida 2030 yilgacha bir qancha yo‘l va ko‘priklar qurish hamda ularni rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra poytaxtimizda avtomobillar qatnovini tartibga solish maqsadida 93 kilometr yangi yo‘llar qurilib, mavjud 140 kilometr yo‘l rekonstruksiya qilinadi. Bunday bunyodkorlik ishlari natijasida iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilma rivojlanib, poytaxtimizda yashash uchun qulayliklar yanada ortadi.
D. FAYZIYEVA