Onkologiya istiqboli: endi shifo istab xorijga borishga hojat yo‘q
Onkologik kasalliklar bugungi kunda butun dunyoda inson salomatligiga jiddiy ta’sir etayotgan dolzarb tibbiy-ijtimoiy muammodir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra bunday xastaliklar bilan kasallanish ko‘rsatkichi yildan yilga o‘sib bormoqda. Ma’lumki, ushbu dardning oldini olish va uni erta bosqichlarda aniqlash juda muhim omil hisoblanadi. Erta bosqichda samarali davolansa, ushbu xastalikdan to‘liq forig‘ bo‘lishi mumkin.
Bu borada so‘nggi yillarda mamlakatimizda ko‘plab ijobiy sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2017 yil 4 aprelda qabul qilingan “2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasida onkologiya xizmatini yanada rivojlantirish va aholiga onkologik yordam ko‘rsatishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aholiga ixtisoslashgan onkologik tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash va uning ko‘lamini kengaytirish, aholining barcha qatlamini to‘la qamrab oluvchi ushbu tizimni shakllantirish va rivojlantirishda muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur qaror asosida ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqdi. Jumladan, joriy yilning 28 avgust kuni Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Elekta Infinity” firmasining zamonaviy chiziqli tezlatkich nur berish uskunasining o‘rnatilganligi munosabati bilan uning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ma’lumki, nur terapiya – onkologik bemorlarni davolashdagi asosiy usullardan biri hisoblanadi. U jarrohlik usuli bilan birga kombinirlangan va alohida shaklda qo‘llaniladi. Ushbu usul palliativ va klinik belgiga asosan ham qo‘llaniladi. Rivojlangan davlatlarda nur terapiya onkologik bemorlarning 60 foizdan ortig‘ini davolashda qo‘llaniladi. Markazning nur terapiya o‘tkazuvchi chiziqli tezlatkich bilan ta’minlanishi esa yildan yilga rivojlanib, yangilanib borayotgan yangi texnologiyalarni amaliyotda qo‘llash imkonini beradi va nur terapiya o‘tkaziladigan bemorlar kontingentining ortishiga, ularning hayot sifati va davolash natijalarining yaxshilanishiga olib keladi.
Alisher ShODMONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri:
– Ushbu noyob va zamonaviy uskuna jahonning yetakchi klinikalaridagina mavjud bo‘lib, O‘zbekistonda ham ilk bor onkologik bemorlarni mana shunday ilg‘or nur terapiya yordamida davolash imkoni yaratilmoqda. Zamonaviy nur terapiyaning o‘rni va imkoniyatlari juda keng bo‘lib, ushbu uskuna nishonga maksimal aniq davolovchi doza beradi va sog‘lom to‘qima hamda a’zolarning zararlanish ehtimolini keskin kamaytiradi. Natijada davolash samaradorligi ortadi. Xastalikning remissiya davri uzayadi. Bemorning hayot sifati yaxshilanadi. Organizmga nojo‘ya ta’sirlarning kamayishi hisobiga bemorlar nogironligi kamayadi. Onkologik bemorlarning shifoxonada bo‘lish davri qisqaradi. Bunday samaralarga erishish uchun nur terapiyaning ushbu zamonaviy hajmli (3D) konformatsiyalash usuli dunyoning rivojlangan davlatlarida ham keng qo‘llaniladi.
IMRT/VMAT uskunalarining qo‘shimcha ravishda yo‘llanilishi esa hayot uchun muhim bo‘lgan a’zolarga doza yuklamasining keskin kamayishiga, nurdan keyingi asoratlar xavfining qisqarishiga va aniq jarayonga nisbatan optimal nur terapiya o‘tkazishga imkon beradi. Bugungi kunda bosh-bo‘yin, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i va kichik chanoq a’zolari o‘sma kasalliklarini davolashda rivojlangan davlatlarda ushbu texnologiya oltin standart hisoblanadi. Bundan tashqari, nur terapiyaning rotatsion uslubda tutamlar intensivligini modulyasiya qilish (VMAT) natijasida uskunaning o‘tkazuvchanlik qobiliyati vaqtining 2-3 barobar qisqarishiga erishiladi. Bu esa o‘z navbatida o‘pka, prostata bezi kabi harakatchan a’zolardagi o‘sma nishonlarini davolashda juda muhimdir.
Bir so‘z bilan aytganda sog‘liqni saqlash tizimining bunday yuqori texnologiyaga asoslangan, innovatsion va zamonaviy uskuna bilan ta’minlanishi Davlatimiz rahbarining xalqimiz salomatligini saqlash yo‘lida olib borayotgan oqilona siyosati mahsulidir.