A gepatit – emlash darddan asraydi
A virusli gepatit kasalligi hozirda jahonda keng tarqalgan xastalik sanaladi. Dunyoda har yili 1,5 million inson bu dardga chalinadi. Jami virusli gepatitlar orasida uning salmog‘i ko‘p tosh bosadi hamda dunyoning turli mamlakatlarida bu xastalik ko‘rsatkichi vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi.
Yevropa va AQSH davlatlarida A virusli gepatit 10-30 foizni tashkil etadi. Rivojlanib kelayotgan Osiyo, Afrika, Lotin Amerikasi kabi mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich 70-80 foizni tashkil etadi.
So‘nggi yillarda respublikamizda jami virusli gepatitlarning orasida ushbu xastalik 95 foizni tashkil etmoqda. Unga har 3-4 yilda davriy ko‘tarilish xos bo‘lib, bu ko‘rsatkich asosan ushbu kasallikka qarshi immunitetga ega bo‘lmagan bemorlarga yuqadi. Ichak kasalligi hisoblanadigan A virusli gepatiti asosan bemordan sog‘lom bolaga maishiy-muloqot yo‘li orqali,shu jumladan, ifloslangan qo‘llar orqali yuqadi. Maktabgacha ta’lim yoshidagi hamda maktabga boradigan yoshdagi bolalar bu xastalikka boshqalarga nisbatan ko‘proq chalinadi. Bugungi kunda uning bu turini bolalar o‘rtasida tarqalishining oldini olishning eng samarali va yagona chora-tadbirlaridan biri — profilaktik emlash hisoblanadi. Emlash ishlari so‘nggi yillarda dunyoning ko‘pgina mamlakatlarida, jumladan, Isroil, Gretsiya, Italiya, Qozog‘iston va shu kabi mamlakatlarda o‘tkazilmoqda.
Hozirda ushbu darddan himoyalanish uchun yuqori samaraga ega vaksinalar ishlab chiqilgan. Bu vaksinalar yuqori immunogen ta’sirga ega bo‘lib, kasallikni 94-100 foiz rivojlanishining oldini oladi.
Mutaxassislarning kuzatishlariga ko‘ra virusli gepatitning A turiga qarshi emlash amaliyoti shundan dalolat beradiki, nafaqat emlanganlar kasallikdan himoyalanadi, balki vaksinatsiya sababli ushbu hududlarda virusning aylanishi ham kamayadi.
2014 yildan boshlab mamlakatimizda virusli gepatitning A turiga qarshi emlash ishlari olib borilmoqda va aholining o‘z mablag‘lari hisobidan vaksinatsiya o‘tkaziladi. Respublikamizda 3,5 yil ichida o‘rtacha yarim million odam ushbu xastalikka qarshi emlangan. O‘tkazilayotgan ushbu emlash ishlari kasallanish ko‘rsatkichlariga ijobiy ta’sir etadi. Ushbu dardning navbatdagi davriy ko‘tarilishi 2016 yilda qayd etildi. Xastalikning 2013 yildagi ko‘rsatgichiga qiyoslaganda kasallik nisbatan 20 foizga pasaygan edi.
Emlash ishlari faqat litsenziyaga ega bo‘lgan markazlarda o‘tkazilishi va emlashdan avval, har bir bola shifokor ko‘rigidan o‘tkazilishi zarur. Barcha vaksinalar sertifikatga ega, tashish va saqlash sharoitlariga qa’tiy rioya etish zarur. Bu o‘z navbatida mamlakatimizda issiq iqlim sharoitida o‘ta muhim axamiyatga egadir.
Lyudmila KUDASHEVA,
DSENM epidemiologiya bo‘limi mudiri