Shifotalab bolalarning zafarli safari

2018 yil 19 avgust. Erta tong. Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida 12 nafar bemor bola davolanish uchun “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi mutaxassislari hamrohligida Germaniya davlatiga jo‘nab ketdi…

Otabek o‘shanda 8 yoshda edi. Onasi tevarakni saranjomlab yurardi. Har kuni oyisining gazda ovqat pishirishini ko‘rgan bolakay, uni yoqib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Gaz dastagini aylantirdi, ammo gugurt esidan chiqib, uni qidirishga tushdi. Bu orada oshxona is gaziga to‘ldi. Gugurtni yoqqach esa…

Farzandining “dod-voy”ini eshitgan ona oshxona tomon yugurdi. Eshikni ochishi bilan bolasini olov ichida ko‘rdi. Jon holatda eshik dastagiga ilingan sochiq bilan alangani o‘chirishga urindi. Bir amallab yong‘inni o‘chirgach, Otabekni zudlik bilan shifoxonaga olib bordi. Shifokorlar bolaning tanasi 70 foiz kuyganligini, bemorning ahvoli esa og‘ir ekanligini aytishdi.

Yaratganning marhamati bilan Otabek tirik qoldi. Ota-ona farzandini nufuzli shifoxonalarda davolatishdi. Biroq bolaning butunlay sog‘ayib ketishining imkoni bo‘lmadi.

Bir yildan so‘ng “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi tomonidan bolajon Germaniyaga yuborildi. Operatsiyadan so‘ng, uning ko‘zlari ko‘ra boshladi. Teri ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti bilan ko‘zning qovoq qismiga teri o‘rnatildi.

Otabek oilasi bag‘riga qaytganida ota-onasi farzandining ahvoli yaxshilanganini ko‘rib, juda-juda sevindi. Bolakay endi singlisi bilan bemalol o‘ynay olardi. Kuni kecha u bemor do‘stlari bilan navbatdagi jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun yana Germaniyaga jo‘nab ketdi.

“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi 25 yildan buyon 12 yoshgacha bo‘lgan bemor bolalarni horijlik hamkor tashkilotlar ko‘magida bepul davolab kelmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, ehtiyojmand oila farzandlariga ko‘rsatilayotgan yordam samarasida ko‘plab bolalar sog‘lom hayotga qaytmoqda. Shu o‘rinda aytish kerakki, 2002-2017 yillar davomida 338 nafar o‘zbekistonlik bemor bola terining kuyish asoratlari, tug‘ma qo‘l-oyoq bo‘g‘imlari va boshqa tashxislar bilan Germaniyaning nufuzli klinikalarida davolanib qaytishdi.

Aholi o‘rtasida yong‘in holatlarini oldini olish bilan bog‘liq tushuntirish ishlari izchil olib borilayotganiga qaramay, hali ham bu kabisalbiy holatlar uchrab turibdi. Fond tomonidan davolash uchun jo‘natilgan bolalarning aksariyati aynan yong‘in oqibatida og‘ir jarohat olgan. Namangan viloyatida yashovchi 7 yoshli Shamshod ham beparvolik sabab ayanchli ahvolga tushib qoldi. Aniqrog‘i, bolakay 5 yoshligida yengil avtomashinaning gaz balloni portlashi natijasida og‘ir kuyish tan jarohatini oladi.

Yana o‘qing:  Malakali tibbiy xizmat – sog‘lom hayot kafolati

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Afsuski, oramizda falokat ostonadan kirmaguncha pinak buzmaydigan odamlar bor. Kattalarning e’tiborsizliklari jabrini esa ko‘pincha murg‘ak bolajonlar tortadi.

Yong‘in holatlari bilan bog‘liq qonunbuzarliklar ham aynan belgilangan qoidalarga amal qilmaslik orqali sodir etilmoqda. Shu bois, muayyan shaxsning javobgarlik masalasini hal qilish uchun u rioya qilishi lozim bo‘lgan qoidalar va ko‘rsatmalarga murojaat qilish zarur.

Fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 84-(o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish), 124-(transportda yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) hamda 211-(yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) moddalariga muvofiq javobgarlik qo‘llaniladi.

Yong‘inlar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun javobgarlikning turlari va muddatlari Jinoyat kodeksining 173-moddasi 2–3-qismlari hamda 259-moddasi 1–2-qismlari bilan belgilanadi.

 

 

Inson farzandining baxt-u kamoli uchun yashaydi. Uning o‘sib-unishi, xonadonni to‘ldirib kulishi hayotning barcha tashvishlarini aritadi. Onamning bir so‘zi yodimga tushdi, “Men bolamni desam, bolam bolasini deydi” derdilar. Mitti farishtalar hayot mazmuni bo‘lib qolmay, yurtning ertangi umidi hamdir…

 

Aeroportning kutish zalida o‘tirgan bolalar nigohidagi hislarni tasvirlashga so‘z ojiz. Alam, intiqlik va yana allanechuk tuyg‘ularning barchasi jajji ko‘zlarga singgan. Ular sog‘lomlatirish jarayonidan so‘ng oila davrasiga ancha tetik holda qaytadi, biroq oradagi oylar, yillar, ota-ona bag‘ridan olis tunlar, shifoxona derazasidan entikkan ko‘zlar… Ikki, besh, yetti yosh, umuman barcha murg‘ak jussalarga og‘irlik qiladi. Ularning ona Vatanimizga avvalgidek sog‘lom va shodon qaytishini tilaymiz!

 

Dildora FAYZIYEVA,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: