Zamonaviy shifo maskanlari: beminnat xizmatdan aholi mamnun
Salomatlik – tuman boylik ekanligini chuqur anglab yetgan inson, nafaqat o‘zining, balki oila a’zolarining ham osoyishtaligini saqlaydi. Chunki bemor odamning dard tufayli ozor chekishi, uning yaqinlarini ham tashvishga soladi.
Samarqand viloyati Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan aholi salomatligi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar bois, 137 mingdan ziyod aholi istiqomat qiluvchi tumanda 268 o‘rinli tuman markaziy shifoxonasi, viloyat Shoshilinch tibbiy yordam markazining tuman bo‘limi, birlamchi tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatuvchi 25 ta ambulatoriya-poliklinika muassasalari aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur muassasalarda 200 nafarga yaqin tajribali shifokorlar va 700 ga yaqin malakali hamshiralar mehnat qilishadi.
Tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan «Sog‘lom ona – sog‘lom bola» tamoyiliga asosan fertil yoshidagi ayollar muntazam ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Joriy yilning olti oyi mobaynida 36 ming 54 nafar ayol chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tekshiruv jarayonida aniqlangan kasalliklar bo‘yicha davolash ishlari olib borildi. Shuningdek, tumandagi 37 mingdan ziyod bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tashxis natijalariga ko‘ra aniqlangan bemor bolalar sog‘lomlashtirildi.
Ayni vaqtda butun respublikamizda bo‘lgani kabi tumanda ham bolalarni profilaktik emlash milliy taqvimiga muvofiq, virus va boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlash jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bolajonlar rejali ravishda virusli gepatit, sil va shol, bo‘g‘ma kasalliklariga qarshi emlanib borilmoqda.
Ma’lumki, yangi oila qurayotgan yoshlar qanchalik sog‘lom bo‘lsa, tug‘ilajak farzandlar ham har jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2005 yildagi 365-sonli qaroriga asosan Oqdaryo tumanida ham nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tizimi tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilning olti oyi davomida bir yarim mingga yaqin yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tuman xotin-qizlar qo‘mitasi, ichki ishlar va prokuratura xodimlari, mahalla faollari bilan hamkorlikda ham aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu hamkorlik asosida tuzilgan dasturga ko‘ra shifokorlarimiz mahallalar, maktablar, kasb-hunar kollejlarida bo‘lib, oilaviy qadriyatlar, sog‘lom oilani shakllantirish, xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, to‘g‘ri ovqatlanish, giyohvandlik illatlariga qarshi kurashish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishayapti. Ayniqsa, «Sog‘lom turmush tarzi asoslari», «Bexatar onalik», «Yosh oila maktabi», «Oila psixologiyasi» kabi mavzulardagi suhbatlar aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga xizmat qilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan qishloq vrachlik punktlari chekka hududlarda istiqomat qilayotgan aholi salomatligini mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. O‘tgan yillar davomida Oqdaryo tumanidagi 22 ta qishloq vrachlik punktlarining barchasi joriy ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
Shuningdek, birlashmada kasaba uyushmasi tomonidan tibbiyot xodimlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor beriladi. Jumladan, tibbiyot xodimlarini sihatgoh va dam olish maskanlariga yuborish, xodimlarning farzandlarini yozgi oromgohlarga jo‘natish kabi ishlar muntazam amalga oshiriladi. Albatta, bunday xayrli ishlar jamoadagi sog‘lom muhitni shakllantirib, har bir xodimning o‘z vazifasiga sidqidildan yondoshishini ta’minlaydi.
Tuyun ESHNAZAROV,
Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasi bosh shifokori o‘rinbosari