Zamonaviy binolar ish boshladi
Mamlakatimizda istiqlol sharofati bilan tibbiyot yo‘nalishida jadal islohotlar, salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Respublikamizdagi mavjud qishloq vrachlik punktlari, ko‘p tarmoqli shifoxonalar, oilaviy poliklinikalar xalqimiz xizmatida. Ayniqsa, har yili yangidan qurib bitkazilayotgan tibbiyot muassasalari mustaqilligimiz shodiyonalari arafasida foydalanishga topshirilishi, ezgu an’anaga aylangan.
Joriy yilda ham ushbu an’anaga muvofiq, respublikamizning turli viloyatlarida yangi-yangi zamonaviy tibbiyot muassasalari ish boshladi. Eng quvonarlisi, ushbu muassasalarning barchasi zamonaviy asbob-uskunalar va tibbiyot jihozlari bilan to‘liq ta’minlangan.
Jumladan, Andijon viloyatida birgina tibbiyot maskanlarini takomillashtirish borasida jami 20,3 mlrd so‘mlik ishlar bajarilib, yillik rejaga nisbatan 90,3 foizni tashkil qildi.
Mustaqilligimizning 22 yillik bayrami arafasida Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi hamda Viloyat bolalar sil kasalliklari sanatoriysi foydalanishga topshirildi.
Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 250 o‘rinli asosiy davolash binosi va 100 qatnovli konsultativ poliklinikasi to‘liq ta’mirlandi.
Bolalar sil kasalliklar sanatoriysi esa 300 o‘ringa ega bo‘lib, 2012 yilda 250 o‘rinli yotoqxona qurib bitkazilgan bo‘lsa, joriy yilda 50 o‘rinli davolash binosi, maktab xo‘jalik binosi va sport zali qurilishi yakunlanib, ishga tushirildi.
Xulosa qilib aytganda, andijonliklar mustaqillik shodiyonalarini qo‘shaloq bayram sifatida kutib olishdi. Zero, yuksak e’tiborda kamol topayotgan bolajonlar, albatta, el koriga yaraydigan insonlar bo‘lib ulg‘ayishadi.
Mayna HASANOVA