Anjir azaldan asal bilan bellashgan
Anjirni bejizga jannat mevasi deb atashmaydi. Chunki anjir juda ko‘p xususiyatlarga ega bo‘lib, xalq tabobatida undan turli kasalliklarga davo sifatida foydalanib kelishgan. Quyida biz aynan ushbu mevaning qaysi kasalliklarga davo ekanligiga to‘xtalib o‘tamiz.
Anjir qadimdan jigar, taloq va o‘pka yallig‘lanishini davolashda qo‘llanilgan. Tarkibida 57-77 foiz qand, organik kislotalar, S, V1, V2vitaminlari, oqsil, pektin, mineral tuzlar mavjud bo‘lib, undan tutqanoq, asab va ichak kasalliklarini davolashda ham keng foydalanilgan. Uning mevasi va qoqisidan tayyorlanadigan damlama yo‘talni bartaraf etib, balg‘am ko‘chishiga yordam bersa, anjir sharbati bilan asal omuxtasi ko‘z yallig‘lanishida foydalidir. Bodomcha bezlari yallig‘langanda mevaning damlamasi bilan g‘arg‘ara qilinsa ijobiy natija beradi.
Ibn Sino balg‘am ko‘chirish uchun anjir mevasini iste’mol qilishni va yo‘talni qoldirish uchun esa mevasini sutda qaynatib ichishni tavsiya etgan.
Anjirning o‘ziga xos tabiati bor. Shinnisining ta’siri asal ta’siriga o‘xshaydi. Undagi oziqlikning tig‘izligi garchi, don va go‘sht singari bo‘lmasa ham boshqa hamma mevalarning ozuqasidan to‘yimli.
Anjirning xomini, shuningdek, bargini so‘galning har xil turlariga, dog‘larga surtiladi. Yetilgan anjir mevasi kasalliklar sababli bemorning rangi uniqsa, tiniqlashtiradi hamda chipqonlarni pishiradi. Bundan tashqari uni quloq osti shishlariga qo‘yib bog‘lansa ham foyda bo‘ladi.
Anjirning ho‘li va qurug‘i tomoq qirilishiga foyda qiladi hamda ko‘krak va o‘pka yo‘llariga mos keladi. Uning sharbati sutni ko‘paytiradi.
Ho‘l anjir maydalangan bodom bilan yeyilsa, yumshatuvchi va ichni yengil suruvchidir.
Tayyorlash usuli: 100 gr quruq anjir mevasiga 2 stakan qaynoq suv quyiladi, past olovda 15 daqiqa davomida qaynatiladi. So‘ngra 2-3 soat tindiriladi va suzib olinadi.
Yarim stakandan kuniga 2-3 mahal ovqatdan oldin yo‘talga qarshi davo sifatida ichiladi.
Mayna HASANOVA tayyorladi