Odam qadrini hunar oshirar

Xalqimizda «Hunar – hunardan rizqing unar» degan maqol bor. Darhaqiqat, hunar insonni ulug‘laydi. Uni odamlar orasida hurmatini oshiradi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki yillardan boshlab yoshlarimizning hunar o‘rganishlariga katta e’tibor berib kelinmoqda. Xususiy tadbirkorlikka yaratilayotgan ulkan imkoniyatlar yurtimizda oilaviy tadbirkorlikning keng rivojlanishiga turtki bo‘lmoqda. Buning natijasida yoshlar ish o‘rinlari bilan ta’minlanish barobarida, hunar o‘rganishga muvaffaq bo‘lishmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan «Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida»gi Qonunning qabul qilinishi esa soha rivoji yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan hunarmandlar o‘zi ishlab chiqargan xalq hunarmandchiligi hamda amaliy va badiiy san’at buyumlarini sotishdan olingan tushumlar bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod qilinishi yurtimizda hunarmandchilik rivojiga davlat ahamiyati darajasida e’tibor qaratilayotganining yuksak na’munasidir.

Oilaviy korxonalar faoliyati turlari ro‘yxatiga hunarmandchilik faoliyati ham kiradi. Oilaviy tadbirkorlik hamda xunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish hisobiga yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari soni ham yildan yilga yuksalmoqda.

Oilaviy korxonalar uchun soliq va kommunal xizmatlar to‘lovlarida o‘ziga xos imkoniyat va imtiyozlar berildi. Shuningdek, oilaviy biznesning ikkinchi bir tomoni ham bor. U farzandlar tarbiyasiga munosib hissa qo‘shadi. Bolalar ham kichikligidan tadbirkorlik sirlarini o‘rganadi. Qolaversa, ota-onalarning ko‘z oldida ulg‘ayadi, ya’ni doim nazoratda bo‘ladi.

Bugungi maqolamizda ana shunday oilaviy tadbirkor-hunarmandlar haqida hikoya qilamiz.

Shogirdlariga o‘rnak

Yakka tartibdagi hunarmand Nargiza Dalaboyeva Qoraqalpoq milliy kashtachiligi bilan o‘z tumanida juda mashhur. U tikayotgan kelinlik liboslari – jiziljegda, jengsa kabi kiyim-kechaklar juda xaridorgir.

N.Dalaboyeva «Tashabbus – 2013» tanlovining Koraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida g‘olib bo‘lib, yakuniy bosqichda uchinchi o‘rinni egalladi. U o‘zining gilam, milliy chopon, nimcha va ko‘ylaklar tikish va to‘qishdagi mahorati bilan el orasida obro‘ qozondi.

Nargiza Nukusdagi 32-maktabda muallimlik qiladi. O‘zi o‘qituvchilik qilayotgan bilim dargohida «Kamolot» YOIH yetakchisi sifatida ham samarali faoliyat olib bormoqda.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universitetining ingliz filologiyasi fakultetini tamomlagan qahramonimiz talabalik yillaridayoq, ustozi Oyzoda Nurimbetovadan tikuvchilik mahoratini o‘rgandi. Universitet miqyosida o‘tkazilgan turli tanlovlarda ishtirok etib, munosib o‘rinlarni egalladi.

Nargiza izlanuvchan va yangilikka intiluvchanligi bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. U tez-tez muzeylarni aylanadi. Muzeylardagi milliy naqshlarni diqqat bilan o‘rganadi. So‘ngra uni o‘z ishlarida aks ettiradi. Sopol, mis idishlardagi qadimiy naqshlarni zamonaviy talqinda sumkalarga ko‘chiradi. Bundan tash­qari Nargiza milliy qoraqalpoq kiyimlarini zamonaviy yo‘nalishda tikish bilan ham shug‘ullanadi. Uning mehnatlari besamar ketmadi. Milliy chopon, naqshli sumkalar, quroq qo‘yilgan kiyimlar va yotoqxona jihozlari bilan turli tanlovlarda ishtirok etib, g‘olib bo‘ldi.

Yana o‘qing:  Sulolaning munosib davomchisi

Talabalik yillarida yakka tartibdagi hunarmand sifatida ish boshlagan qizning bugun kichik korxonasi mavjud. Bu yerda hozirda 10 nafar shogirdi ish o‘rganyapti.

Qo‘llari gul Dilfuza

Dilfuza Ollaberganovani uch avlod hunarmandlar oilasining farzandi. Dilfuza qo‘g‘irchoq yasash va ularga kiyim-kechaklar tikishni bolaligidan juda yaxshi ko‘radi. Uning intilishini sezgan onasi Zulfiya Rajabova qizini shu yo‘nalishdagi to‘garakka berdi. Bundan tashqari to‘rtinchi sinfdan boshlab, ta’tilda tikuv va to‘quv ishlarini o‘rgana boshladi. O‘z ustida tinimsiz ishlashi, mahoratini uzluksiz oshirib borishi mohir hunarmand bo‘lib yetishishiga ko‘maklashdi. Oliy toifadagi o‘qituvchi Zulfiya Rajabova qiziga hunar o‘rgatib adashmadi. Dilfuza onasi va yaqinlarining ishonchini oqlab, shu yo‘nalishda obro‘-e’tibor topdi. U qirqdan ortiq faxriy yorliqlar va sertifikatlar bilan taqdirlangan:

– Agar e’tibor bersangiz Kaykovusning «Qobusnoma»sida hamda «Temur tuzuklari»da ham bolalarga hunar o‘rgatishga alohida urg‘u berilgan. Davrlar o‘tishi bilan hunarlarning turi biroz o‘zgargan. Mohiyat esa o‘sha, o‘sha! Shuning uchun yutuqlarim avvalo onamning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsata olganligida, qolaversa, Vatan istiqloli sharofati tufayli degim keladi. Chunki, mustaqillik yillarida hunarmandlar uchun ko‘plab tanlovlar e’lon qilindi. Bu o‘z navbatida sohaning rivojlanishiga keng yo‘l ochdi. Ana shu tanlovlar meni ham tobladi, – deydi Dilfuza.

Darhaqiqat, 2006 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi o‘tkazgan bolalar o‘yinchoqlari va qo‘g‘irchoqlari festival-tanlovida ishtirok etgan Dilfuza o‘z mahsulotlari bilan ko‘pchilikning e’tiboriga tushdi va u musobaqa g‘olibiga aylandi. 2009 va 2012 yillarda «Qo‘li guldir o‘zbek ayolin» tanlovida qatnashib, tumanda birinchi o‘rinni egalladi. «Tashabbus – 2011» tanlovining tuman bo‘yicha o‘tkazilgan bosqichida ikkinchi o‘rin nasib qildi. «Yil ayoli – 2012» tanlovining tuman bosqichida ham birinchi o‘rinni egalladi. «Tashabbus – 2013» tanlovining tuman bo‘yicha o‘tkazilgan bosqichida ham muvaffaqiyatli qatnashib birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. U qo‘g‘irchoqlar yasash bilan birga koraqalpoqcha va qozoqcha kiyimlar, milliy liboslarni ham biserlar qo‘yib tikishni xush ko‘radi. Sarmishsoyda bo‘lib o‘tgan «Asrlar sadosi» festivalida ham Dilfuzaning milliy qo‘g‘irchoq va o‘yinchoqlari chet elliklarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Ayni kunda Dilfuza Xo‘jayli Pedagogika kollejida chizmachilik va mehnat fanlaridan o‘quvchilarga saboq beradi. Uning 17 nafar shogirdi bor.

Yana o‘qing:  Bolalarni qanday tarbiyalagan ma’qul?

Yurtboshimizning «Savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kuni qilish kerak», degan so‘zlarini o‘z oldiga shior qilib olgan Dilfuza, o‘tgan yil Navro‘z bayramida o‘zi tikkan milliy do‘ppilarni «Mehribonlik uyi» tarbiyalanuvchilariga sovg‘a qildi. Shuningdek, buyurtma asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlariga o‘quvchilar kiyim-kechagini bepul tikib tarqatdi.

Tadbirkor qiz

«Aql yoshda emas boshda» deydi dono xalqimiz. To‘rtko‘llik Feruza Nurimboyeva ana shunday aqlli, tadbirkor yoshlarimizdan. To‘rtko‘l pedagogika kollejida mehnat darsidan saboq beradigan ushbu tadbirkor qiz «Tashabbus – 2013» tanlovining tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Yigirma ikki yoshli bu qizning g‘alabasini ko‘rib o‘qituvchilar ham uning hunariga qiziqib qolishdi. Hozir Feruza kasbdoshlari uchun ham kurs ochib, 17 nafar muallimaga hunar sirlarini o‘rgatayapti. Uning qo‘l mehnati mahsuli bo‘lgan ko‘ylak, ro‘mol, nimcha va ro‘zg‘or jihozlari kishi diqqatini tortadi. U to‘qish san’atini onasi Rajabgul Sobirovadan o‘rgangan. Bu haqida shunday deb eslaydi: onam tikuvchilik bilan shug‘ullanayotganida yonimda turib, “ignaga ip o‘tkazib berib tur, madad bo‘ladi, yanada pishiq va puxta ishlayman. Shundagina tikkan narsalarim ko‘ngildagidek chiqadi”, deb aytardi. Endi bilsam, shu asnoda bizni mehnatga, hunarga o‘rgatib, hayotga tayyorlab borgan ekan. Ko‘zi pishgan bola hech bo‘lmasa to‘quv-tikuv haqida tasavvurga ega bo‘lib boradi-da.

Hunarmand va pedogog qiz F.Nurimboyeva endigina hayotga, hunar olamiga kirib kelyapti. Kelajakda o‘ziga munosib shogirdlar tayyorlab, kichik biznesni, tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatida mehnat qilmoqda. Davr bilan hamnafas qiz albatta niyatiga erishishiga ishonamiz.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: