Salimjon nega xafa?
Bugun Salimjon bog'chaga borishni istamay, oyisiga xarxasha qildi. Oyisi esa ishga borishi kerak. Dadasi ham ishga ketgan. Yosh bolani uyda yolg'iz tashlab ketib bo'lmasa. Bir soatdan so'ng ishda bo'lishi zarur. Shularni o'ylab turgan Sarvinoz opa o'g'liga gapirdi:
– Jon o'g'lim, tez kiyina qol. Bugun yangi kiyimingni kiyasan.
Gapga ko'ndirishni juda yaxshi usulini bilgani uchun uni qo'llashga tushdi.
– Senga shokolad, muzqaymoq olib beraman.
– Shokolad ham, muzqaymoq ham yemayman, yangi ko'ylak kiymayman – Salimjon yuzini ters o'girib oldi.
– Unda nima olib beray, koptokmi? – Sarvinoz opa yalinishga tushdi.
– Koptogim bor, kerak emas, – Salimjon yana boshqa joyga qaradi.
Sarvinoz opa o'g'lini yaxshilikcha ko'ndira olmasligini tushundimi, jahl qilishga o'tdi.
– Men senga nima dedim? Tez o'rningdan tur, bog'chaga borasan.
Salimjon esa bormayman deb, so'zida turib oldi.
– Xo'sh, nega bog'chaga bormayapsan, menga aytsang, biror yo'lini topardik, o'g'lim, – Sarvinoz opaning bu gapidan so'ng Salimjon sekin so'z boshladi.
– Bormaganimning sababi, – Salimjon yig'lab, so'zida davom etdi. – Bugun bog'chamizda bayram bo'ladi, men she'r aytaman. O'rtoqlarimning ota-onalari doim kelishadi. Sizlar sira bormagansizlar. Har doim sizlarni axtarib atrofga qarayman-u, topa olmayman.
Olti yashar o'g'lining bu gaplarini eshitgan Sarvinoz opa angrayib qoldi. Bir marta ham shunday bo'lgan edi. O'shanda Salimjon qo'shiq kuylab bermoqchi bo'lganda, charchab kelganman deb eshitishni xohlamagandi. Beixtiyor Sarvinoz opa o'z-o'zidan juda xafa bo'lib ketdi…
– O'g'lim, tur, tez bog'chaga boraylik. Bugun bayramingga, albatta, boraman, qani eshitaychi, qanday she'r yodlagansan, tag'in meni uyaltirib qo'ymagin. Hozir bog'cha opangdan bayram soat nechada bo'lishini bilamiz, so'ng men ishdan ruxsat olib kelaman. Kelishdikmi? – Sarvinoz opa o'g'liga qarab jilmaydi.
– Kelishdik!
Onasi bilan bog'chaga ketayotgan Salimjonning shodligi ichiga sig'masdi.
O'g'iloy Ne'MATOVA,
Qashqadaryo viloyati,
Kitob tumani, 1-umumiy o'rta maktabning 8-sinf o'quvchisi