Kasb kamolotga, farog‘atga yetkazadi
Bugun yurtimizda yosh avlodning kasb-hunar o‘rganishi, o‘z iqtidorini namoyon etishi, bir so‘z bilan aytganda, ularni har jihatdan barkamol inson bo‘lib voyaga yetishishi uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Yoshlarimiz ham o‘z navbatida bunday imkoniyatlardan unumli foydalanib, ko‘plab sohalarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritishmoqda.
Samarqand pedagogika kolleji nafaqat viloyat, balki respublikamizda ham eng ko‘zga ko‘ringan ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Hozirda 1700 nafardan ziyod yigit-qizlar «Maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyachisi», «Musiqa xodimi», «Xo‘jalik masalalari huquqshunosi», «Iqtisoslashtirilgan va boshlang‘ich ta’lim muassasalari tarbiyachisi», «Jismoniy tarbiya va bolalar sporti bo‘yicha murabbiy», «Tibbiy ijtimoiy xodim» kabi yo‘nalishlarda tahsil olayotgan ushbu o‘quv dargohida ko‘plab malakali ustozlar yoshlarga fan va kasb sirlarini qunt bilan o‘rgatib kelishayotir. Ta’lim muassasasida faoliyat ko‘rsatayotgan 115 nafar pedagoglarning 98,2 foizi oliy ma’lumotli bo‘lib, ular o‘z sohasining yetuk bilimdonlaridir.
Kollejda o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish, ularni sport bilan shug‘ullanishi, fan sirlarini puxta o‘zlashtirishi uchun 39 ta fan va sport to‘garaklari faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat, yengil atletika, gimnastika, milliy kurash kabi 10 dan ortiq sport to‘garaklarida shug‘ullanayotgan kollej o‘quvchilarining erishayotgan yutuqlari tahsinga loyiq.
Oltin va kumushi bo‘lmagan odam kambag‘al emas, balki es-hushi va kasb-hunari bo‘lmagan kishi kambag‘aldir.
Majid XAVOFIY
Xususan, o‘tgan 2012 yilda sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha kollej o‘quvchisi Mehribon Shoimardonova respublika chempionatida birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, triatlon bo‘yicha Komila Suyarova O‘zbekiston chempionatida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ayni paytda Komila Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibasidir. Shuningdek, 2013 yilda «Barkamol avlod» sport musobaqalarining viloyat bosqichida ham kollej o‘quvchilari turli sport yo‘nalishlari bo‘yicha o‘z iqtidorlarini namoyon etib, respublika bosqichida ham faol ishtirok etishdi.
Ta’lim dargohining yana bir iqtidorli o‘quvchisi Parvina Ergasheva mana bir necha yildirki, xalqaro musobaqalarda yurtimiz sharafini munosib himoya qilib kelmoqda. U sportning shotokan karate-do turi bo‘yicha so‘nggi o‘tkazilgan jahon chempionatida II o‘rinni, Qozog‘istonda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida esa I o‘rinni qo‘lga kiritib, ustozlari tomonidan bildirilgan ishonchni to‘la oqladi.
– Prezidentimizning 2012 yil 12 dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori o‘quvchilarning til o‘rganishga bo‘lgan qiziqish va intilishlarini yanada oshirdi. Shu maqsadda o‘quv dargohimizda qator ibratli ishlar amalga oshirildi, – deydi kollej direktori Saidahmad Usmonov. – O‘qituvchilarimiz o‘quv mashg‘ulotlarini zamonaviy axborot texnologiyalari asosida, darsga yangi pedagogik uslublarni joriy etgan holda o‘tishi ta’lim sifatini tubdan yaxshiladi.
Kollej Axborot-resurs markazining umumiy kitob fondi 31 ming 900 ta bo‘lib, badiiy, ilmiy, metodik adabiyotlar, elektron darsliklardan tashqari internet tarmog‘iga ulangan. Bu yerda o‘quvchilarning axborot texnologiyalaridan unumli foydalangan holda mustaqil ravishda ta’lim olishi, o‘z bilimini mustahkamlashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
Ta’lim maskanida voyaga yetmaganlar bilan ma’naviy-axloqiy ishlarni olib borish va ular ishtirokida turli tadbirlarni o‘tkazish yaxshi an’anaga aylangan. Bu borada «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, huquq targ‘ibot organlari mahalla faollari bilan samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Kollej o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan «Salomatlik – tuman boylik», «Sog‘lom ona – sog‘lom bola», «Voyaga yetmaganlar o‘rtasida erta turmush qurishning oldini olish», «Yoshlar o‘rtasida giyohvandlikni oldini olish» mavzularidagi davra suhbatlari ular dunyoqarashini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Shuningdek, kollej xotin-qizlar qo‘mitasi boshlang‘ich tashkiloti vakillarining o‘quvchi qizlar va ularning ota-onalari bilan hamkorlikda o‘tkazgan bir qator tadbirlari ham yuksak tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bilim dargohida olib borilayotgan barcha ezgu ishlar yosh avlodning yetuk mutaxassis bo‘lib kamolga yetishishiga xizmat qilmoqda.
Faxriddin NURMUHAMMEDOV,
Samarqand viloyati