Cho‘milish – tanga rohat, ammo u xavf-xatardan xoli emas

Yoz mavsumida aholining suv havzalarida dam olishga hamda suvda cho‘milishga ehtiyoji ortadi. Bu o‘z navbatida insonlarning suvda cho‘kishi bilan bog‘liq baxtsiz hodisalarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Samandar Hikmatullayev bizga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Hozirgi kunda respublikamizda 50 dan ortiq suv omborlari, sun’iy ko‘llar va istirohat bog‘laridagi sun’iy ko‘llarda qo‘riqlanadigan plyajlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Undan tashqari joylarda esa suvda cho‘kish bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining joriy yilning iyun oyidagi “Suv havzalarida aholining xavfsizligini ta’minlash chora-tadbirlari samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida respub­likamizning 970 ta umumta’lim maktablari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va oliy o‘quv yurtlarida tahsil oluvchi jami 286 ming nafar o‘quvchilar bilan “Fuqaro muhofazasi kuni” doirasida “Suv havzalarida cho‘milish qoidasi – salomatlik va xavfsizlik garovi” mavzusida uchrashuvlar o‘tkazildi. Shuningdek, respub­lika bo‘yicha jami 204 ta bolalar oromgohlarining mavsumga shayligi ko‘rikdan o‘tkazildi. Mavzuga doir maxsus burchaklar tashkil qilindi.

Umuman olganda cho‘milish mavsumi 15 maydan – 15 sentyabrgacha hisoblanadi. Issiq kunlarda ruxsat etilgan ochiq suv havzalarida kunduzgi soat 10:00 dan 16:00 gacha cho‘milish mumkin. Chunki bu vaqtda suv isib, insonda sovuq sababli yuzaga keladigan tomir tortishishi holati kuzatilmaydi. 14 yoshgacha bo‘lgan bolajonlar kattalardan alohida joyda cho‘milishlari zarur. Sababi ular hali yaxshi suzishni bilmasalarda kattalarga taqlid qilib, havzaning chuqurroq joylariga sho‘ng‘ishlari mumkin. Bolalar suv havzasining nisbatan sayyoz joylarida yoshlariga mos holda maxsus shishirilgan qutqaruv nimchalari va qo‘lga kiyiladigan, belga taqiladigan moslamalar hamda suv yuzasida turishiga ko‘mak beradigan balonlarga ega bo‘lishlari shart. Maxus ochiq yoki yopiq suv havzalarida dushlar mavjud. Suzishni o‘rganayotgan o‘g‘il-qizlarga maxsus o‘rgatuvchi – murab­biy yordam beradi. Faqat uning nazorati ostida cho‘milish mumkin. Bunday hududlarda mavjud dushlarda suv havzasiga keluvchi ko‘ngillilar avval, yaxshilab yuvinib olishlari kerak. Suv havzasidan cho‘milib chiqqandan so‘ng ham dushda sovun va shampun qo‘llagan holda yuvinish tavsiya etiladi. Chunki basseyn­lardagi suv har o‘n kunda almashtiriladi.

Nopok suvdan ham uni bexosdan yutib yuborish sababli turli me’da-ichak tizimi xastalik­lari yuqadi. Shuning uchun har bir odam gigiyena qoidalariga amal qilgan holda cho‘milishga borgan mahali o‘zining alohida yelim shippagi, sochni o‘rash uchun maxsus bosh kiyimiga ega bo‘lishi talab etiladi. Dushxonalarda oyoq yalang, shippaksiz yurish tavsiya etilmaydi. Sababi bu yerda oyoqning zamburug‘ kasalligini va boshqa teri kasalliklarini yuqtirib olish mumkin.

Yana o‘qing:  Prezident nomlagan ixtiro. Unga nega homiy topilmayapti?

Yopiq tizimli va suvi almashtirilmaydigan qurilma hisoblanmish favvoralarda cho‘milish tugul hatto, qo‘l yuvish mumkin emas. Chunki kun davomida atrof-muhitdan o‘ziga changu g‘uborlarni singdirib olgan favvoralar faqatgina o‘sha hududning mikroiqlimini mo‘tadil qilishga xizmat qiladi, xolos. Undagi suv qayta-qayta maxsus quvurlar orqali bosim ostida so‘rib olinadi va takroran ishlatiladi. Yana bu yerda cho‘milish taqiqlanishiga yana bir sabab shuki, ularga maxsus uchli va turli shakldagi temir moslamalar o‘rnatilgan.     

Respublikamiz bo‘yi­cha suv havzalarida 92 ta har xil turdagi baxtsiz hodisalar bo‘yicha fuqarolar FVVga murojaat etishgan. Ushbu chaqiruvlarning 26 marotabasida shaxslarning cho‘kishi gumon qilingan, 43 marotaba odamlar ehtiyotsizlik oqibatida, 6 marotaba esa o‘z joniga qasd qilgan shaxslar hamda 15 ta holatda cho‘milib cho‘kkanlar aniqlangan.

Yuqorida aytib o‘tilgan barcha salbiy holatlar cho‘milish taqiqlangan va suzish mumkin bo‘lmagan suv havzalarida sodir bo‘lgan. Respublikamiz bo‘ylab 39 plyaj va 170 ta basseynlar cho‘milish uchun mo‘ljallangan.

Plyajda dam olishni tashkil etish uchun yaroqli bo‘lgan sohil hududlari shaharsozlik hujjatlarida asosida belgilanadi. Joyni tanlashda zarur maydonning hisob-kitobi, plyaj uchun kerakli asbob-uskunalar va uni jihozlashda suv ob’yektlarida rekreatsiya hududlariga qo‘yiladigan talablar shaharsozlik normalari va qoidalarini hisobga olish darkor. Plyaj va aholining suvda ommaviy dam olishi uchun ajratilgan joylar quyidagi talablarga javob berishi kerak:

Sohil bo‘yi hududi rejalashtirilgan va obodonlashtirilgan bo‘lishi zarur. Akvatoriyaning chuqurligi 3 metr qirg‘oqdan 50 metrgacha maydon dam oluvchilarning hayoti va sog‘ligi uchun xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan turli-tuman narsalardan tozalangan bo‘lishi lozim. Cho‘milishga ruxsat etilgan hududlarda past haroratli yer osti suvlari chiqmasligi, girdoblar bo‘lmasligi, oqimning tezligi 0.5 m sekunddan oshmasligi lozim.

Ushbu hududlar port inshoatlari, prichallardan Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi tomonidan ruxsat etilgan masofada joylashgan bo‘lishi lozim. Plyaj sanoat va maishiy oqova suvlar chiqarib tashlanadigan joylardan uzoqda joylashtirilishi maqsadga muvofiqdir.

 

Gulchehra ShIRINOVA yozib oldi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: