Ijodga undayotgan ulug‘ qadriyat
O‘zbekiston Milliy matbuot markazida Vatanimiz mustaqilligining 22 yilligiga bag‘ishlangan «Eng ulug‘, eng aziz» respublika ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan bu yerga deputatlar, turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlari vakillari, san’at va madaniyat namoyandalari, shoir va yozuvchilar taklif etildi.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi bosh direktori O.Yunusov, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Sh.G‘ulomov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari S.Sayyid, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Axborot va kommunikatsiya texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi A.Jo‘raboyev, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuriddinov, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi raisi I.Latipov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ijodkorlarning erkin va samarali mehnat qilishi, o‘z qobiliyati va iqtidorini to‘la namoyon etishi uchun ulkan imkoniyatlar yaratilganini alohida ta’kidladi.
Istiqlol yillarida Vatanimiz erishgan yuksak marralar, asrlarga tatigulik yutuqlarda ijod ahlining ham munosib hissasi bor. Zero, ijodkorlar bugungi ma’naviy-ma’rifiy islohotlarda hamyurtlarimiz qalbiga yetib boruvchi, ularning tafakkurini yuksaltiruvchi, ijtimoiy faolligini oshiruvchi yuksak badiiy-g‘oyaviy asarlari bilan faol ishtirok etmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013 yil 12 iyunda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma ikki yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarorida «Eng ulug‘, eng aziz» an’anaviy respublika ko‘rik-tanlovini yuksak saviyada o‘tkazish belgilangan. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, «Tasviriy oyina» ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, «O‘zbekkino» milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi hamkorligida tashkil etilgan tanlov «Qadr-qimmatim, tayanchim va iftixorimsan, mustaqil O‘zbekiston!» degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etdi. Ijodiy tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad «Islohot – islohot uchun emas, avvalo inson uchun» degan olijanob da’vat istiqlol yillarida erishgan barcha yutuqlarimizning hayotbaxsh manbai bo‘lib kelayotganiga alohida e’tibor qaratish, o‘tgan yillar mobaynida erishilgan ulkan marralarning mazmun-mohiyatini adabiy, tasviriy san’at, fotografiya, kino asarlari, ommaviy axborot vositalari orqali kengroq ochib berishdan iboratdir.
Tanlovning mamlakat bosqichiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan 321 nafar ijodkordan istiqlolimizning qadr-qimmati, bugungi tinch va osuda hayotimiz, barcha jabhalarda erishayotgan ulkan yutuqlarimizning ahamiyati yorqin va ta’sirchan badiiy vositalar, hayotiy misollar yordamida ochib berilgan 3200 ga yaqin ijodiy ish tushdi. Hay’at qaroriga asosan 26 nafar ishtirokchining ishi eng yaxshi deb topildi.
– Ajdodlarimiz asrlar mobaynida orziqib kutgan, bizdek baxtiyor avlodga nasib etgan mustaqillik, uning bebaho ne’matlari, ulkan imkoniyatlari ijod ahli uchun bebaho ilhom manbaidir, – deydi «Ma’rifat» gazetasi muxbiri N.Mambetirzayeva. – Prezidentimiz rahnamoligida xalqimiz erishgan barcha yutuqlar zamiridagi asosiy omillarning mazmun-mohiyatini keng ochib berish, ahamiyatini barchaga atroflicha tushuntirish – ijod ahlining asosiy vazifasi. Bu kabi tanlovlar ana shunday ezgu maqsad yo‘lida ijodkorlar mehnatini har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.
Mukofotlanganlar mamlakatimizda ijod ahlini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, rag‘batlantirish, samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlarni yaratish borasida ko‘rsatayotgan yuksak e’tibori uchun Prezidentimiz Islom Karimovga minnatdorlik bildirdilar.
G‘olib va sovrindorlarga maxsus diplom va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
N.USMONOVA,
O‘zA muxbiri