Aql maydonchasi
Shaxmat inson miya faoliyatini tinchlantiruvchi, diqqatni jamlovchi, estetik zavq ulashuvchi mashg‘ulot hisoblanadi. Bu o‘yin kishi aqliy salohiyatini rivojlantirishi fanda isbotlangan.
“Shaxmat” so‘zi forscha “shox-o‘ldi” ma’nosini bildiradi. Taxminan ikki ming yil avval vujudga kelgan bu o‘yin turi “chaturanka” deb nomlangan. Lug‘aviy jihatdan to‘rt xil armiya – ot arava, otliq askarlar, fil mingan askarlar va piyoda askarlar, degan ma’noni anglatadi. Markaziy Osiyo davlatlarida esa bu o‘yin “shatranj” deb nomlanadi. Bunda o‘yin qoidalari va sipohlarning yurishi ham o‘zgaradi. So‘ngra Arab yarim oroliga tarqaladi. Arabistondan Ispaniya orqali Yevropa mamlakatlariga keng yoyiladi. Shu bilan bizning mintaqamizga “shaxmat” nomi bilan kirib keladi.
Ushbu o‘yin O‘zbekistonda XX asrning 20 yillariga kelib, tez rivojlana boshlaydi. Asrning ikkinchi yarmida mamlakatimizda shaxmat-shashka to‘garaklari faoliyat boshlaydi. Sohaga oid kitoblar nashr etilib, televideniye orqali ommaga keng targ‘ib qilindi. Sportning bu turiga xalqimizning qiziqishi yanada ortib, yillar o‘tgan sayin kuchayib bordi.
Hozirda respublikamizning barcha viloyatlarida ko‘plab ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktablari tashkil etilgan bo‘lib, unda shaxmat bo‘yicha alohida to‘garaklar mavjud. Buning samarasida mamlakatimizda shaxmat bo‘yicha ko‘plab jahon va Osiyo chempionlari yetishib chiqmoqda. Shuningdek, dunyo tan olgan yosh grossmeysterlar safi ham kengaymoqda.
– “Mamlakatni hech bir narsa sportchalik dunyoga tez tanita olmaydi”, degan so‘z bejiz aytilmagan, – deydi Toshkent respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar shaxmat maktabi murabbiysi Baxtiyor Jumayev. – Bugungi kunda jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini yuksakka ko‘tarayotgan yosh sportchilarimiz soni kun sayin ortib bormoqda. Xususan, shaxmat bilan shug‘ullanish bolalar o‘rtasida ommalashmoqda. Sababi sportning bu turi bolada mustaqil fikrlashni va o‘ziga nisbatan ishonchni shakllantiradi. Maktabimizga o‘quvchilar olti yoshdan qabul qilinadi. Ammo layoqati va salohiyatiga qarab, uch-to‘rt yoshdan ham darslarga qatnishishi mumkin. Bu yerda bolalar qobiliyatiga ko‘ra guruhlarga ajratiladi. Darslarni shaxmat bo‘yicha malakali murabbiylar olib boradi.
Maktabning ochilganiga ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, o‘quvchilar Osiyo va respublika miqiyosidagi musobaqalarda qatnashib, faxrli o‘rinlarga sazovor bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, murabbiy aytganidek shaxmat bilan muntazam shug‘ullangan insonning zehni o‘tkirlashib boraveradi. Tarixdan ma’lumki, buyuk sarkarda Amir Temur doim bu o‘yin bilan mashg‘ul bo‘lgan va bundagi taktik holatlarni jang maydonlarida ham keng qo‘llagani hech kimga sir emas. Bundan tashqari o‘yin orqali ruhiy xotirjamlik va miya faoliyatini maromlashtirishga erishgan.
Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar shaxmat maktabida joriy yildan boshlab, kunduzgi bolalar oromgohi ochilgan bo‘lib, u yerda farzandlarimizning dam olishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratilgan. Bolalarni turli sayohatlarga olib borish bilan birga ularga aql charxi – shaxmat bilan doimiy shug‘ullanishlari uchun qulay imkoniyat yaratilgan.
Dilfuza AZIMOVA