Yurtimizda yangi avlod avtomobili
Bu davrda dunyoning turli mamlakatlarida zamon va ehtiyojga mos ravishda turfa yangilik va ixtirolar qilinmoqda. Xususan, yurtimizda ham bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilayapti. Birgina Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetida o‘qituvchi, ilmiy izlanuvchi va talabalar tomonidan bugungi jamiyat ehtiyojidan kelib-chiqqan holda yangidan-yangi ixtirolarga qo‘l urilmoqda. Bunda, ayniqsa, kam energiya sarflash, ekologiya sofligini saqlash va insonlar salomatligini asrashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shunday kashfiyotlardan biri universitet qoshidagi “Innovatsiya” markazi rahbari Bobur Zokirov tomonidan yaratilgan haydovchisiz harakatlanadigan elektromobildir. Bu mashinani tom ma’noda yangi avlod avtomobili deyish mumkin.
Shu o‘rinda bir ma’lumotni keltirib o‘tsak, 2022 yilda “KAMAZ” kompaniyasi o‘zining haydovchisiz harakatlanuvchi mashinasini taqdim etishi ustida ish olib borayapti. 2021 yilda “BMW” o‘zi harakatlanadigan ilk elektromobil ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. 2020 yili “Nissan” kompaniyasi haydovchisiz harakatlanuvchi avtomobilni sotuvga chiqarish niyatida. 2019 yilda “General Motors” esa rulsiz mashinalarni ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish harakatida. 2018 yilda “Tesla” kompaniyasi mijozlarga xuddi shunday mashinani taklif etmoqchi. Ushbu ilg‘or kompaniyalar muhandislaridan-da ildamlab borayotgan yosh olimlarimiz esa joriy yilning o‘zidayoq, yurtimizda haydovchisiz harakatlanadigan avtomobilni ishlab chiqarishni boshlab yuborishdi.
– Bir necha yillik izlanishlarimiz natijasida haydovchisiz harakatlanadigan mashina loyihasini ishlab chiqdik, – deydi Bobur Zokirov. – Bu mashina 5-10 santimetr sezuvchanlik bilan xatosiz harakatlanadi. Ya’ni, mo‘ljallangan to‘xtash nuqtasiga ayni 5 sm. nari-berisi bilan to‘xtaydi. Bu degani 99 foiz holatda avtohalokatning oldini olish deganidir. Bundan tashqari elektromobilning elektr toki quvvati bilan harakatlanishi uning cho‘ntakbopligi hamda ekologik qulayligini ko‘rsatadi. Ayni paytda mashinaning namuna nusxasini ishlab chiqarish ustida ish olib bormoqdamiz. Nasib etsa, shu yilning oktyabr oyida elektromobilni tayyor holatga keltirishni rejalashtirganmiz.
Mashina dastlab, universitet hududiga moslashtirilgan holda ishlab chiqilmoqda. Agar tajriba o‘zini oqlasa, ushbu ulovni Toshkent shahri, balki butun respublikamizga joriy etish mumkin. 6 kishiga mo‘ljallangan ushbu mashinaning eng qulay jihati – unga o‘tirganingiz hamon boradigan manzilingizni belgilab qo‘ysangiz kifoya. O‘zingiz xoh dam oling, xoh atrofni tomosha qiling, mashinaning o‘zi manzilingizga talofatsiz eltib qo‘yadi.
Bugunga kelib tabiatdagi zaharli gazlarning 40 foizi Yer yuzida harakatlanayotgan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri kelishini inobatga olsak, uning oqibatlari misli ko‘rilmagan talofatlarni keltirib chiqarmoqda. Misol uchun, avtomobillardan chiqadigan is gazi o‘simlik va hayvonot dunyosi, suv va tuproqni ham zararlaydi. Ifloslangan havo ta’sirida o‘simliklarda moddalar almashinuvi buziladi, ekinlar va mevali daraxtlar hosili kamayib ketadi. Hatto, is gazi tabiatdagi fotosintez jarayoniga ham jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin ekan.
Agarda ushbu elektromobil ishlab chiqarilib, jamiyatga keng tatbiq etilsa yuqorida keltirilgan salbiy holatlarning oldi olinishi, insoniyat va tabiat sofligini saqlab qolishga munosib hissa qo‘shgan bo‘lar edik.
Avtomobilning dastlabki nusxasini ishlab chiqarish uchun 150 mln. so‘m sarflanishi rejalashtirilgan ushbu elektromobil soatiga 80-100 kilometr tezlikda harakatlanadi. Agarda mashina o‘zini oqlab, keng jamoatchilikka taqdim etilsa, qulayligi, ko‘pgina avtohalokatlarga barham berilishi va kamchiqimligi bilan barchaga manzur bo‘lishi aniq.
Sulaymon HAYDAROV