Metodika – chet tillarini o‘rganishda muhim omil
Yurtimiz ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar natijasida bugungi kunda ta’lim sifati va o‘quvchilarning o‘zlashtirish samaradorligida ijobiy natijalar ko‘zga tashlanmoqda. Zero, yoshlikda olgan bilim toshga o‘yilgan naqshdir deydi dono xalqimiz. Yoshlarimizning xalqaro fan olimpiadalari va bilimlar bellashuvlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritayotgani soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilganidan darak beradi. Ayniqsa, bolalarga chet tillarini yanada chuqurroq o‘rgatish bugungi kunda zamon talabiga aylandi.
Prezidentimizning 2012-yil 10-dekabrdagi “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mamlakatimizda tili yosh avlodni zamon talablariga mos yetuk mutaxassis etib tayyorlashga yo‘naltirilgan ishlarning uzviy davomi bo‘ldi.
O‘quvchilarga chet tillarini o‘qitishda qo‘shimcha manbalardan samarali foydalanish, yordamchi o‘quv vositalari ko‘magida ularning xorijiy tilga qiziqish va munosabatini yanada yuksaltirish, har bir darsni interaktiv, ya’ni aktiv-o‘quvchi usullarida olib borish, darslardan so‘ng ularga qo‘shimcha mashg‘ulotlar berish va bu jarayonda noan’anaviy uslublardan keng foydalanishni taqazo qiladi. Shuni alohida ta’kidlash kerak, an’anaviy pedagogikada innovatsion texnologiyaning muayyan usullari sifatida, masalan, Brain storming, case, zigzag, cluster, project, method kabi turlarini qo‘llash katta natija beradi.
Ayrim holatlarda grammatikani bilmasa, u gapira olmaydi deb asosiy kuch va urg‘uni o‘qishga, grammatikani o‘rgatishga katta etibor qaratamiz. Biroq, intellektual salohiyat, o‘zlashtirish, qabul qilish, anglash va xotira darajasi har bir o‘quvchida o‘zgacha rivojlangan bo‘ladi. Kimdir eshitish, yozish yoki o‘qish orqali, yana kimdir esa faqat ko‘rish va so‘zlash orqali yaxshi qabul qiladi. Shu bois har bir o‘quvchiga uning salohiyatidan kelib chiqib individual yondashgan holda, o‘zlashtirish va singdirishning turli vositalaridan, eng muhimi og‘zaki nutqni rivojlantirish usullaridan ham unumli foydalanishimiz zarur. Xorijiy tilni mukammal o‘rganishni o‘z oldiga maqsad qilgan o‘quvchi, avvalambor, o‘z ona tilini har jihatdan mukammal egallagan bo‘lishi lozim.
Quyida esa chet tilini o‘qitishda o‘z faoliyatimda qo‘llab kelayotgan va o‘zining ijobiy natijalarini berayotgan innovatsion ta’lim texnologiyalaridan ayrimlarini keltirib o‘tmoqchiman.
Og‘zaki nutq mashg‘ulotlarini o‘tkazishdan maqsad o‘quvchilar yodidan ko‘tarilgan so‘z, ibora, namunalarni esga tushirish, inglizcha tinglash, gapirish uchun nutq organlarini tayyorlashdan iboratdir. Xususan, biror bir rasmni ko‘rsatib, nimani ko‘rayotgani va rasmda kimlar borligini so‘rash, ushbu vaziyat haqida qisqa esse yozish, shaxsiy pozitsiyasi va fikrini bildirish orqali og‘zaki nutq shakllana boradi. Ayrim darslar og‘zaki nutqda chet tillarda gapirishdan boshlansa, o‘quvchilar dars davomida o‘sha muhitda bo‘ladilar. Bu jarayonda, albatta, asta-sekinlik bilan tinglab tushunish, gapirish qobiliyati rivojlanib boradi.
Zamonaviy pedagogikaning “Work in groups” turi orqali mashg‘ulotda qatnashayotgan o‘quvchilar uch guruhga bo‘linadi. O‘quvchilarga ingliz tilida tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan, yaxshi va yomonni, mehnatsevarlik va dangasalikni farqlab ko‘rsatadigan film namoyish etiladi. Birinchi guruhga, ushbu film yuzasidan savollar tuzish vazifasi, ikkinchi guruhga film mazmunini gapirib berish, uchinchi guruhga esa, film mazmun-mohiyati haqida esse yozish vazifasi beriladi. Shuningdek, guruhlarga biror bir voqea yoki hodisa aks ettirilgan rasm tarqatiladi. Guruh a’zolariga bir xilda, ya’ni “What do you think?” savoli beriladi. Mazkur savolga javob berish orqali o‘quvchilarda bir vaqtning o‘zida ingliz tilida fikrlash, so‘zlash va shaxsiy fikr bildirish qobiliyati, shuningdek vaziyatni turlicha baholash hamda ifodalash tuyg‘usi rivojlanadi.
“Brain storming” usulini qo‘llash ham o‘ziga yarasha katta natija va samarani beradi. Bunda o‘quvchilarga “aqliy hujum” uyushtirilib, biror bir hodisaning dastlabki voqealari ingliz tilida o‘qib beriladi va o‘quvchilardan uni mantiqiy davom ettirish talab etiladi. Albatta, o‘qitishning ushbu zamonaviy usullarini qo‘llash davomida o‘qituvchi o‘quvchilarning har bir grammatik, leksik, orfografik va boshqa xato hamda kamchiliklarini o‘z o‘rnida to‘g‘rilab borishi maqsadga muvofiq.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida mazkur aralash va sof dars turlarini qo‘llash orqali o‘quvchilarning ingliz tilida gapirish, tinglab tushunish, o‘qish, yozish, xotira va mantiqiy tafakkurni rivojlantirish, ularning bilim saviyasi va ma’naviyatini yuksaltirish, aqliy mehnat malakalarini hosil qilish, shuningdek o‘quvchi shaxsining aqliy, hissiy va motivatsion xususiyatlarini rivojlantirishga erishiladi.
Bugungi o‘quvchilarimiz orasida chet tilini mukammal biladiganlari, jahon adabiyoti namunalarini tarjima qiladiganlari, bir necha xorijiy tillarni o‘rganayotganlari ko‘p. Shunday ekan, ushbu ishlarni yanada rivojlantirish maqsadida barcha chet tili o‘qituvchilariga o‘z ustilarida tinmay ishlash, izlanish, malakalarini amaliy va nazariy jihatdan boyitib borish, zamon bilan hamnafas bo‘lish, darslar davomida zamonaviy innovatsion ta’lim texnologiyalaridan keng foydalanishdek ulkan vazifa hamda mas’uliyat yuklaydi.
Aziza NODIROVA,
O‘zDJTU qoshidagi 3-son akademik litseyi ingliz tili fani o‘qituvchisi